19:13 / 16.02.2022
56377

“3-4 sekunddan keyin men o‘tirgan mashina ham portlashi mumkin edi” – Islom Karimov 16 fevral voqealarini qanday baholagandi?

Har bir davlat tarixining o‘ziga xos burilish nuqtalari bo‘ladi. O‘zbekiston milliy davlatchiligida 1999 yil 16 fevral voqealari ana shunday iz qoldirgan. Poytaxtning bir necha hududlarida birdaniga portlashlar uyushtirilishi endigina oyoqqa turayotgan mamlakat uchun jiddiy ruhiy zarba bo‘lgan, ana shundan keyin O‘zbekistonda milliy xavfsizlik masalalari birinchi darajaga ko‘tarilgandi.

Foto: Islom Karimov fondi

Bundan 23 yil muqaddam poytaxtdagi Mustaqillik maydoni, Ichki ishlar vazirligi va Milliy bank binolari yonida 6 ta portlash yuz bergan. Bulardan beshtasida portlovchi moddalar to‘ldirilgan yengil avtomobillar portlatilgan. Portlashlar natijasida rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 16 kishi qurbon bo‘lgan, 100 nafardan ortiq odam jarohatlangan. Aynan shu kuni Vazirlar Mahkamasida 1998 yil yakunlari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tishi, unda davlat rahbari Islom Karimov ishtirok etishi kerak edi. Portlashlarda bevosita prezidentga suiqasd qilingani ma’lum qilingan.

O‘sha paytlarda prezident matbuot kotibi bo‘lib ishlagan Azamat Ziyoning eslashicha, u Islom Karimovni xavfsiz joyga ketishga undagan. Ammo davlat rahbari bunga javoban: “Bu gapni bir marta menga gapirding, boshqa gapirmagin! Bu nafaqat menga qaratilgan, balki eng avvalo, xalqimizga, davlatimizga va mustaqilligimizga qarshi qaratilgan xurujdir” degan va aynan portlashlar sodir bo‘lgan joyga yo‘l olgan.

Bu faqat Azamat Ziyo tomonidan ochiqlangan holat. Katta ehtimol bilan davlat rahbarining xavfsizligini ta’minlashi zarur bo‘lgan maxsus xizmatlar vakillari ham Islom Karimovga xavfsiz joyga ketishi zarurligini bildirishgan. Albatta, bu jihatlar hozircha sirligicha qolmoqda. Lekin shunisi ayonki, Islom Karimov portlash sodir bo‘lgan Vazirlar Mahkamasi binosi yoniga boradi va hududni shaxsan o‘zi ko‘zdan kechiradi. Odatda o‘zini sezdirmaydigan, ko‘zga tashlanmaydigan tansoqchilar avtomatlar bilan uning atrofida zich halqa hosil qilib yurishadi. MXX rahbari Rustam Inoyatov va ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov prezidentga hamrohlik qilishadi. 

Islom Karimov voqea joyida televideniyega intervyu beradi va shunday deydi (mazmunan):

— Mana shu binoda shikastlangan, yaralangan insonlar bor. O‘ylaymanki, bunga kimdir chuqur tayyorgarlik ko‘rgan. Maqsad — xalq tinchligini buzish, prezidentni yo‘q qilish, qo‘rqitish, vahima uyg‘otish. “Mana, O‘zbekistonda tinchlik buzildi. Bizning bu davlatni yo‘ldan burishga kuchimiz bor” deb odamlarning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solish. G‘arazli niyatli insonlar tomonidan xalq farovonligiga raxna solish uchun katta tayyorgarlik ko‘rilgan.

Lekin bizning qudratimiz yetarli, ishonamanki, bu yo‘ldan, olib borayotgan siyosatimizdan bizni hech kim qaytara olmaydi. Xalqimiz ham buni qo‘llab-quvvatlashiga ishonaman. Xalqimizga murojaatim, agar menga yordam bermoqchi bo‘lsangiz vahima qilmang. Bu muttahamlarni nafaqat joyiga qo‘yish, balki qo‘lini kesib tashlashga kuchimiz yetadi...

Foto: Islom Karimov fondi

Bu paytda odatdagi tartibda ishlayotgan markaziy telekanalda “Shaytanat” serialining namoyishi ketayotgandi. Efir to‘xtatiladi va shoshilinch tarzda portlashlar haqida xabar berildi. Keyinchalik axborot dasturlarida gumonlanuvchi shaxslar suratlari ham ko‘rsatildi va ularni qo‘lga olishda asosli xabar yo‘llaganlarga 240 ming AQSh dollari miqdorida mukofot puli va’da qilindi. Aytish joiz, bu o‘z davri uchun juda katta mablag‘ bo‘lib, O‘zbekistonning yirik shaharlarida 1,5-2 ming dollarga yaxshigina xonadon sotib olish mumkin bo‘lgan.

Asosiy gumondorlar sifatida diniy radikalizm yo‘lini tutganlar ko‘rildi. Umuman, mustaqillikka erishgan O‘zbekistonda 1999 yilga qadar ham vahhobiylik degan umumiy nom ostida aqidaparastlik, diniy radikalizmga qarshi kurash boshlangan, ko‘pchilik javobgarlikka ham tortilgandi.

16 fevral voqealaridan keyin O‘zbekistonda xavfsizlik masalalarida keskin qarorlar qabul qilindi, asosiy binolar to‘sib olindi va qo‘riqlashga jiddiy ahamiyat berildi, MXX vakolatlari kengaytirildi, aqidaparastlik, radikalizm bo‘yicha javobgarlik kuchaytirildi, juda ko‘pchilik bu ayblovlar bilan hibsga olindi. Portlashlarda ishtirok etgan bir necha jinoyatchilar sud hukmi bilan oliy jazoga yoki uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilindi. O‘zbekistonda ko‘pchilik diniy motivlar bilan ta’qib qilinishi ayrim davlatlar tomonidan tanqid qilindi. Ammo fevral voqealaridan ko‘p o‘tmay AQShda 11 sentabr voqealari yuz berdi va shundan keyin terrorizmga qarshi kurash yo‘lida hech narsadan qaytilmaydigan vaziyat yuzaga keldi.

Oradan 3 kun o‘tib, Ostona shahridagi sammitda ishtirok etgan Islom Karimov matbuot anjumanida voqealar bo‘yicha va portlashlar xronologiyasi to‘g‘risida so‘zlab berdi:

— 16 fevral kuni Toshkent shahrida ro‘y bergan terroristik hujumlar haqida uch qismga bo‘lib javob bermoqchiman. Birinchidan, ushbu teraktlar davlat rahbarini mamlakat tepasidan olib tashlash uchun amalga oshirildi desam ham bo‘ladi. Yanada qo‘polroq qilib aytadigan bo‘lsam, prezidentni o‘ldirish maqsadida amalga oshirildi.

Odatda men majlislarga 10-15 daqiqa oldinroq kelaman. Lekin shu kuni ozroq kech qoldim, balki Alloh meni saqlagani shudir... Portlovchi moddalar to‘ldirilgan mashina bino yoniga qo‘yib ketilgan, undan tushib qochgan ikki yigit avtomatlarda o‘q uzishgan. Mana shu paytda men o‘tirgan mashina hududga kirib kelayotgan bo‘lgan. Qo‘riqlash xizmatimiz boshlig‘i Rustam Xodjayev oldimizga yugurib chiqib, qichqirib yo‘ldan qaytardi va shu tarzda mashinani to‘xtatib, mening hayotimni qutqarib qoldi. Agar yana 3-4 sekund yurganimizda portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan mashina yoniga kelardik va mashinamiz ham portlab ketardi.

Ekspertlar fikricha, portlovcha moddalar joylangan mashinalarning hammasi masofadan turib portlatilgan. Portlash shunchalik kuchli bo‘lganki, o‘sha mashina parchalari 500 metrgacha uchib ketgan. Qolgan barcha portlashlar chalg‘ituvchi bo‘lgan.

Portlashlarni kim uyushtirgan degan savolga kelsak, bizga ma’lum bo‘lishicha, ular diniy ekstremistlardir. Buning ortida kim turibdi, degan savolga hozircha javob bera olmayman.

Foto: IIBB shon-sharaf muzeyi
Foto: IIBB shon-sharaf muzeyi
Foto: IIBB shon-sharaf muzeyi

Fevral voqealari bo‘yicha turlicha taxminlar bildirilgan, O‘zbekistonning o‘ziga nisbatan ham ayblov holatlari kuzatilgan. Ammo bu borada aniq dalillar, rasmiy ma’lumotlar berilmagan. Umuman, bu voqealar bo‘yicha haligacha qidirilayotganlar va hibs qilinayotganlar bor.

Abror Zohidov

Mavzuga oid
Top