Jahon | 13:22 / 15.12.2025
796
3 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya bosh vaziri qurol bo‘yicha qonunlarni qat’iylashtirmoqchi

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze fikricha, jismoniy shaxslar mulkidagi qurollar sonini cheklash, shuningdek litsenziyalarni davriy ravishda qayta tekshirib turish kerak. O‘zgartishlar Milliy vazirlar mahkamasi muhokamasiga qo‘yiladi.

Foto: Dean Lewins/AAP/REUTERS

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze Sidneydagi Bondi-bich plyajida yahudiy jamoasi a’zolariga qilingan hujumdan keyin qurol to‘g‘risidagi qonunchilikni qat’iylashtirishni taklif qildi. Bu haqda dushanba kuni, 15 dekabrda AFP va Reuters agentliklari xabar berdi.

Albaneze aytishicha, u islohotlar bo‘yicha taklifini 15 dekabr kuni kunduzi shtatlar bosh vazirlari ishtirok etadigan Milliy vazirlar mahkamasi yig‘ilishida muhokamaga qo‘yadi.

Gap, jumladan, jismoniy shaxslar egalik qilishi mumkin bo‘lgan qurol birliklari sonini cheklash, shuningdek litsenziyalarni muayyan vaqt oralig‘ida qayta tekshirib borish haqida ketmoqda. «Odamlar vaqt o‘tishi bilan radikallashishi mumkin. Lisenziyalar umrbod bo‘lmasligi kerak», — deb hisoblaydi bosh vazir.

14 dekabr kuni Sidneydagi mashhur Bondi-bich plyajida yahudiylar bayrami — Xanuka boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir qatnashchilaridan kamida 16 kishi halok bo‘ldi. Yana 38 nafar jabrlanuvchiga kasalxonalarda yordam ko‘rsatilgan, deb xabar qildi AP agentligi.

Shtat bosh vaziri Kris Minns otishma «Xanukaning birinchi kunida Sidney yahudiy jamoasiga qarshi ataylab yo‘naltirilgani»ni bildirib, hujumni terrorchilik akti deb atagan.

Politsiya ma’lum qilishicha, ehtimoliy ikki hujumchidan biri o‘ldirilgan, ikkinchisi esa og‘ir yaralangan holda qo‘lga olingan. Hujumchilardan birini musulmon ekani ma’lum bo‘lgan tasodifiy yo‘lovchi qurolini tortib olib, zararsizlantirgan. Bu ishi uchun uni, jumladan, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham maqtagan.

Hujum chog‘ida gumon qilinuvchi shaxslar — ota va o‘g‘il plyajdagi odamlarga qarata o‘q uzgan. Politsiya 50 yoshli otada olti dona o‘qotar qurolga litsenziya bo‘lganini tasdiqladi.

Politsiya matbuot anjumanida aniqlashtirishicha, dushanba kuni, 15 dekabrda 24 yoshli o‘g‘il kasalxonada hali ham o‘ta og‘ir ahvolda qolyapti.

Bu yil Xanuka bayrami 14 dekabrdan 22 dekabrgacha nishonlanadi. Sidneydagi Bondi-bich — Avstraliyaning eng mashhur plyajlaridan biri bo‘lib, u syorferlar, cho‘miluvchilar va sayyohlarni juda ko‘p jalb qiladi.

Mavzuga oid