07:36 / 04.03.2022
1463
2021 yilda tabiiy ofat xavfi mavjud hududlardan 125 nafar fuqaro xavfsiz hududlarga doimiy yashash uchun ko‘chirilgan

2021 yilda tabiiy ofatlar xavfi mavjud hududlardan 125 nafar fuqaro doimiy, 248 nafar fuqaro esa vaqtincha yashash uchun xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda FVV axborot xizmati rahbari o‘rinbosari Samandar Hikmatullayev ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, ko‘p yillik kuzatishlar mobaynida O‘zbekistonda gidrometeorologik xavflar mavjud bo‘lgan asosiy hududlar deb:

  • Farg‘ona vodiysi (Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlari);
  • Janubiy O‘zbekiston (Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari);
  • Shimoli-Sharqiy va Sharqiy O‘zbekiston (Toshkent, Samarqand va Navoiy viloyatlari) belgilangan. 

2021 yil davomida tabiiy ofatlar xavfi mavjud hududlardan ko‘chirilishi lozim bo‘lgan jami 71 ta xo‘jalikdan (364 nafar fuqaro) 25 ta xo‘jalik (125 nafar fuqaro) xavfsiz hududlarga doimiy, 46 ta xo‘jalik (248 nafar fuqaro) vaqtincha yashash uchun ko‘chirilgan. 

Shuningdek, aholining xavfsizligini ta’minlash maqsadida ichki ishlar organlari va jamoatchilik vakillaridan iborat 136 ta nazorat-kuzatuv postlari tashkil etilgan.

Respublika hududida faoliyat ko‘rsatuvchi mobil aloqa operatorlari tomonidan favqulodda vaziyat xavfi haqida mamlakat aholisiga xabar berish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, jami 140 dan ortiq SMS xabarlari yuborilgan. Shuningdek, Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan qor ko‘chkisi, sel, kuchli shamol bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha 230 dan ortiq xabarlar berilgan. 

Davlat geologiya qo‘mitasining Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish xizmati va “O‘zgidromet” markazi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, respublikaning xavfli hududlaridagi jami 43 ta xo‘jalikni (205 nafar fuqaro) - Qashqadaryo viloyatida 17 ta, Namangan va Jizzax viloyatlarida 1 tadan, Surxondaryo viloyatida 4 ta, Samarqand viloyatida 5 ta Toshkent viloyatida 3 ta va Farg‘ona viloyatida 13 ta - xavfsiz hududlarga doimiy ko‘chirish talab etilmoqda.

Mavzuga oid
Top