16:21 / 04.03.2022
10682
«Sinf jurnalidan boshqa hujjat so‘rash mumkin emas» - o‘qituvchidan konspekt talab qilib darsga kiritmagan direktor hayfsan oldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Ohangaron tumani 24-maktab direktori ingliz tili o‘qituvchisidan konspekt talab qilib, dars o‘tishiga ruxsat bermagan video tarqaldi. Mutasaddilar holatni o‘rganib chiqib, direktor qonunga zid talab qo‘ygan deb baholadi.

Videodan kadr

Bloger Olimjon Haydarovning yozishicha, hodisa Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi 24-maktabda sodir bo‘lgan. Maktab direktori Yusuf Mingboyev o‘qituvchi Hamida Abdullayevaning dars o‘tishiga to‘sqinlik qilgan.

Qayd etilishicha, Hamida Abdullayeva asli farg‘onalik, ta’lim sifati past bo‘lgan boshqa viloyatdagi maktablarga borib ishlovchi o‘qituvchilarga 100 foizlik ustama to‘lanishi haqidagi qarorga asosan, Ohangarondagi 24-maktabda ishlab kelmoqda.

Maktab direktori o‘qituvchilardan konspekt so‘ragan vaqtda o‘qituvchi konspekt so‘rash bekor bo‘lganini tushuntirishga harakat qiladi va o‘rtada tortishuv kelib chiqadi. Direktor Hamida Abdullayevaning sinfxonaga kirib dars o‘tishiga to‘sqinlik qiladi.

Toshkent viloyat xalq ta’lim boshqarmasi holatni o‘rganib chiqib munosabat bildirdi va o‘qituvchidan sinf jurnalidan boshqa hech qanday hujjat talab qilish mumkin emasligini eslatdi.

«Mazkur voqea 2022 yil 2 mart kuni Toshkent viloyati Ohangaron tumani 24-maktabda sodir bo‘lgan. Maktab direktori Yusuf Mingboyev shu maktabning ingliz tili o‘qituvchi Hamida Abdullayevadan konspekt talab qilgan va dars o‘tishiga ruxsat bermagan, sinfxonadan chiqarib yuborgan. Shu o‘rinda o‘qituvchilardan sinf jurnalidan boshqa har qanday hujjatni talab qilish xalq ta’limi vazirining tegishli buyrug‘iga asosan bekor qilinganini eslatib o‘tamiz», deyiladi boshqarma munosabatida. 

Xalq ta’limi boshqarmasi 24-maktab direktori Yusuf Mingboyevdan o‘qituvchiga qonunga zid talab qo‘ygani, o‘qituvchiga asossiz ravishda dars o‘tishga ruxsat bermagani uchun tegishli tartibda tushuntirish xati olgan va unga nisbatan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llangan. 

Top