12:12 / 14.03.2022
8657
Denovdagi mahallalarni qiynayotgan masalalar: ularga birgalikda yechim izlash kerak

Bugun Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi ikkita mahalla ahlining murojaatini e’tiborlaringizga havola qilmoqchimiz.

Tumandagi Surnaytepa mahallasiga bordik. To‘g‘risi, tuman markazidan 4 km narida joylashgan qishloqqa eltuvchi yo‘llar ancha abgor ekan. Mahallada 320 o‘rinli yangi maktab o‘tgan yili qurib, foydalanishga topshirilgan ekan.

Ungacha, mahallaning bolalari biroz naridagi qo‘shni qishloq maktabining filialida boshlang‘ich sinfda o‘qishgan.

Fuqarolarning ko‘plab murojaatlari natijasida 2021 yilda 70-maktab qurib, foydalanishga topshirilgan bo‘lsa-da, maktabda sport zali qurilmasdan qolgan. Qishloqning bolalari, umuman qishloq ahli bo‘sh vaqtida sport bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sportzal yoki sport maydonchasi yo‘q. Ular eski maktabning tuproqli maydonida changga botib to‘p tepishadi.

Qishloq oqsoqollarining aytishlaricha, ularga oktabr oyida mahallada davlat hisobidan bolalar bog‘chasi qurilishi ham va’da qilinib, hattoki yer tanlangan. Biroq, hanuzgacha qurilish ishlari boshlanmagan.

Hozir ular noilojlikdan o‘z farzandlarini 3,5-4 km uzoqlikdagi Denov shahridagi bog‘chalarga olib borishmoqda. Biroq, yuqorida ta’kidlaganimizdek, Denovga eltadigan qishloq yo‘li ham juda abgor holatda.

Hattoki Marziya Abrayevaga mikrofon tutganimizda ham 80 yoshdan oshgan onaxon yo‘l va bog‘cha muammosi birlamchi ekanini aytib o‘tdi.

Ikkinchi murojaat esa hozircha birorta mahalla fuqarolari yig‘iniga qo‘shilmagan yangi uchastkadan kelib tushdi. Denov tuman hokimligi tomonidan 2016-17 yillarda uy-joylari snos qilingan aholiga 2 sotixdan yer ajratib berilgan. O‘tgan 5 yil ichida bu yerda 25-30 ga yaqin xonadondan iborat mahalla qad rostlagan.

Mahallada yangi uylar ko‘tarilgan sari ularning hal etilishi kerak bo‘lgan muammolari ham kengaya borgan. Qurilgan yangi mahalla Qo‘zichoqli mahallasiga qarashlimi yoki Ibn Sino mahallasiga? Bu masalada ham yakuniy bir to‘xtamga kelinmagan.

Ularning hikoya qilib berishlaricha, mahalla ahli farzandlari uchun nafaqa puli chiqarishda arosatda qolishgan.

Mahalla ahli, ayniqsa ro‘zg‘or bekalari asosan ichimlik suvidan qiynalayotganini bayon etishdi. Suv nafaqat iste’mol uchun kerak, yuvinish, idish-tovoq va kir-chir yuvishda ham kerak.

Shu yerda yashovchi kelinchaklardan biri Kumush Toshatovaning aytishicha, u kunora yosh bolalarining kirlarini yig‘ib, narigi mahallada yashovchi ota-onasining uyiga qatnar ekan.

Mahalla ahli shu yerdagi chashmadan ham suv olib ichishadi. Buloqning suvi iste’molga yaroqli ekanligi katta savol ostida. Biroq noilojlikdan xalq uni ichishga majbur.

 

Aholi elektr tokini ham uylariga o‘zlari qo‘lbola simyog‘ochlar bilan tortib kelishganini bayon etishdi.

Mahallaga kiruvchi yo‘l ham talabga javob bermaydi. Ular o‘zlarini qiynayotgan eng og‘riqli muammo – suv muammosini tezroq hal qilish mumkinligini aytib o‘tishdi. Chunki vodoprovod tarmog‘i katta yo‘lning narigi chetidagi Ibn Sino mahallasiga qarashli ko‘chaga kelgan.

Denovda hal bo‘lishi faqatgina mutasaddi tashkilotlarning qo‘lida bo‘lgan ikki mahalladagi muammolar shulardan iborat. O‘ylaymizki, aholining mazkur chiqishlaridan so‘ng rahbarlar muammoni joyida borib o‘rganishadi, unga yechim izlashadi va barchamizga muammolarni hal qilish yo‘llari haqida xabar berishadi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz jurnalisti
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov

Top