16:20 / 15.03.2022
46194
Samarqandda suratga olingan “Chingalchuk”

Sobiq ittifoq davrida xorij filmlari namoyishi jiddiy nazorat ostida edi. Hindular haqidagi filmlarga ruxsat berilishiga sabab ham ularning Amerika korchalonlariga nisbatan kurashi bo‘lgan. Ammo oddiy tomoshabinni bu jihatlar qiziqtirmas, ular jasur qahramonlarining harakatlaridan zavqlanishardi. Mard va jasur hindular haqidagi filmlar bilan bir necha avlod ulg‘aydi. Ayniqsa, yengilmas Chingachguk ko‘pchilikning mehrini qozongan.

Filmdan kadr

Bu va boshqa qahramonlarni ekranda jonlantirgan aktyor Goyko Mitich 1940 yilda Sobiq Yugoslaviyaning hozirda Serbiya hududi bo‘lgan Leskovats qishlog‘ida, fermerlar oilasiga dunyoga kelgan. Serb millatiga mansub bu oilaning boshlig‘i ikkinchi jahon urushi janglarida qatnashayotgani bois bolakay Goykoning tarbiyasi bilan uning onasi, buvisi va buvasi shug‘ullanishadi. Yoshligidanoq sportga ishqiboz bo‘lgan Goyko gandbol, futbol va yengil atletikaga qiziqar, bu qiziqish uni Belgrad jismoniy tarbiya akademiyasiga yetaklab borgandi. U hatto eshkak eshish bo‘yicha Yugoslaviya terma jamoasida ham ishtirok etgan.

Kinoga bo‘lgan muhabbat va ko‘rkam qiyofasi Goykoni suratga olish maydoniga yetakladi va 1961 yilda inglizlarning “Lanselot va qirolicha” filmida bosh qahramonning soyasida kaskadyorlik qildi. Har bir aktyor kabi Mitich ham bosh rollarni orzu qilardi. Lekin unga qadar Vinneta haqidagi seriyalarda ommaviy sahnalarda chiqishlar qildi, “Venetsiya katakombalari” filmida kichik rol o‘ynadi.

Asl bosh qahramon va olamshumul shuhrat uni ko‘p kuttirmadi. Goyko Mitichning adl qaddu qomati, tomoshabinni rom etguvchi mardona ko‘rinishi, burgutdek nigohlari va eng muhimi rollarni qoyilmaqom ijro etishi rejissyorlarning nazaridan chetda qolmadi.

1963–1965 yillarda Karl May, Fenimor Kuper kabi mualliflarning qalamlariga mansub, vestern asarlar deya ataluvchi, hindular haqidagi “Apachilar oltini”, “Vinnetu – Inchu-chun o‘g‘li” kabi filmlarda suratga tushdi. 1965 yilda chex rejisseri Yojyefa Maxaning “Katta ayiq o‘g‘illari” filmida esa bosh qahramonni ijro etdi.

1966 yilda Goyko Mitich doimiy yashash uchun GDRga ko‘chib o‘tdi va 1967 yilda hayotdagi o‘zining bosh qahramonini, kelgusida hatto aktyorning asl ism-sharifini unuttirib yuboruvchi kinodagi obrazi – Chingachguk rolini talqin etdi.

Rejisser Konrad Pentsold tomonidan suratga olingan “Chingachguk – Katta ilon” filmi shunchalar mashhur bo‘lgandiki, endi ko‘chadagi har bir qizaloq ham Chingalchuk (Chingachguk) kimligini bilar, bolakaylarning o‘yinlarining asosida hindular va boshqa dushmanlar o‘rtasidagi janglar yotar hamda bu janglarda albatta Chingalchuk g‘olib chiqardi.

Katta muvaffaqiyat rejissyorlarni filmni davom ettirishga undadi va 1988 yilga qadar Goyko Mitich o‘zining asosiy qahramonini jonlantirgan jami 13 ta film suratga olindi. Bu kinoasarlarning ko‘pchiligi dunyo bo‘ylab tarqaldi va kinoolamning markazi bo‘lgan AQShda ham munosib baholandi.

Ayni paytda Goyko Mitich Berlinning Kyopenik tumanida istiqomat qiladi. 2000 yilda u Germaniya fuqaroligini olgan. Afsuslanarli jihati – hindu obrazi unga shu qadar yopishib qoladiki, boshqa yo‘nalishlarni unga ishonishmas, yoki u obrazlar shuhrat qozonmasdi. U 1975 yilda teatrga ishga kirgan va uzoq yillar davomida kichik rollar o‘ynab yurgan. Shuningdek, Goyko Mitich qator seriallarda ham suratga tushgan.

Bilasizmi:

  • Goyko Mitich faqat Chingachguk obrazi bilan chegaralanib qolmaslik uchun 1977 yilda suratga olingan Viktor Gyugo qalamiga mansub “Mariya Tyudor” asari asosidagi “Muhabbat va qirolicha” filmida ham rol ijro etgan.
  • Chingachguk haqidagi filmlar turli o‘lkalarda suratga olingan. Masalan, “Oq patli Sardor” Mo‘g‘ulistonda, “Tekumse” Qrimda, “Ulzana” esa O‘zbekistonda – Urgut va Shahrisabz tumanlari orasidagi tog‘li hududlarda suratga olingan. Bu filmni ko‘pchilik yaxshi eslaydi, undagi xuddi uzuk singari yirik g‘ovak tosh hali ham bor va yo‘l bo‘yidagi bu joy sayyohlar to‘xtaydigan maskanga aylangan.
Foto: damda.uz
  • Yoshi katta muxlislarning so‘zlab berishlaricha, yurtimizda suratga olingan filmning ommaviy sahnalariga mahalliy aholi vakillari ham jalb qilingan. Suratga olish ishlari yakunlanib, film tayyor bo‘lgach, Urgutda bo‘lib o‘tgan dastlabki seanslarda tomoshabinlarning aksariyati kino tomosha qilish o‘rniga ko‘rsatkich barmog‘ini ekranga qaratib, juda kuchli hayajon bilan “Ana men!”, “Ana falonchi!” deb qichqirishavergan ekan.

Chingachgukka bo‘lgan muhabbat shunchalarki, yurtdoshlarimizdan ayrimlari o‘z o‘g‘illariga Chingalchuk deb ism qo‘yganlar.

P.S. Sarlavhada “Chingalchuk”ni qo‘shtirnoqqa olganimizga sabab: asardagi Goyko Mitich o‘ynagan qahramonning ismi Chingachguk, lekin negadir ko‘plab yurtdoshlarimiz uni Chingalchuk deb ataydilar.

Abror Zohidov

Top