19:04 / 16.03.2022
18137
Mart oyining 16-sanasigacha 15 mlrd so‘m keshbek yig‘ildi - Sherzod Qudbiyev

Yanvar oyida 25 milliarddan ortiq, fevralda 30 mlrd, mart oyining 16-sanasigacha esa 15 mlrd so‘m keshbek yig‘ildi.

Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni Davlat soliq qo‘mitasiga tashrif buyurib, soliq ma’murchiligini isloh qilish va sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy etish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbariga soliq sohasidagi yangiliklarni taqdim etgan tizim rahbari Sherzod Qudbiyev fiskal cheklar hajmi tobora oshib borayotgani va jamoatchilik nazorati kuchayayotganini bildirdi.

«Siz yaratib bergan juda muhim instrument – keshbek, ya’ni xarid yoki xizmatlar uchun to‘lovning 1 foizi iste’molchiga qaytarilishi 25 trln so‘mdan ortiq mablag‘ uchun fiskal cheklar chiqarildi. Yanvar oyida 21 mlrd, fevralda 30 mlrd so‘mdan so‘m ortiq keshbek ajratildi va bosqichma-bosqich iste’molchilarga to‘lab berilmoqda. Bu jamoatchilik nazorati degani.

Har bir tadbirkorlik nuqtasi mahsulot sotsa QR kodi bo‘lgan fiskal chek berishi shart. Agar ular bunday chek bermasa, yoki plastikka savdo qilishni istamasa, xaridor do‘konda tortishib o‘tirmay, «Soliq hamkor» tizimi orqali tadbirkorlik sub’yekti haqida xabar berishi mumkin. Natijada undirilgan jarimaning 20 foizi o‘sha fuqaroga beriladi. Albatta, bu murojaat qanchalik asosli ekanligi jiddiy tekshiriladi», dedi Sherzod Qudbiyev.

U 99,9 foiz hisob-fakturalar elektron tarzda o‘tayotganini ma’lum qildi.

«Raqamlashtirishning bir afzalligini sizga aytib o‘tmoqchiman. Hozirgi paytda 99,9 foiz hisob fakturalar elektron tarzda topshirilyapti va qabul qilinyapti. Savol tug‘ilishi mumkin, nega 100 foiz emas? O‘sha 0,1 foizi elektron hisobot topshirishi qonun tomonidan taqiqlangan tashkilotlardir. Ya’ni biz bu masalada amalda to‘liq 100 foizlik natijaga erishdik.

Hatto Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Markaziy bankka sotayotgan oltin bo‘yicha hisob-fakturalar ham elektron hisob-fakturalar orqali topshirilayotgani tizim shaffoflashib borayotganining o‘ziga xos belgisi desak bo‘ladi», deya Qudbiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top