18:22 / 22.03.2022
58372

O‘zbekiston xalq artisti Maryam Ixtiyorova vafot etdi

Maryam Ixtiyorova keyingi oyda 83 yoshga to‘lardi.

Teatr va kinoaktrisasi, O‘zbekiston xalq artisti Maryam Ixtiyorova 82 yoshida vafot etdi. Bu ma’lumotni Muqimiy teatri aktyori Otabek Haqberdiyev va Madaniyat vazirligidagi manba Kun.uz’ga tasdiqladi.

Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri vokal artisti Maryam Ixtiyorova 1939 yilning 21 aprel kuni Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida tug‘ilgan. 1963 yili Toshkent teatr va rassomlik institutini tamomlagan. 1959 yildan buyon Muqimiy teatrida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Maryam Ixtiyorova faoliyati davomida teatrda sahnalashtirilgan 100 dan ortiq spektakllarda, jumladan, “Paranji sirlari” spektaklida Mastura satang, “Har kimki vafo qilsa, vafo qilur”da Ona, “Toshbolta oshiq”da Karomat, Risolat, “Jon qizlar”da Kunsuluv, “Devona”da Ona, “Toshkentning nozanin malikasi”da Xayri, “Almandar uylanarmish”da Xaticha, “Muhabbat navosi”da Ona, “Oyonam-qaynonam”da Qumri, “Mehr nuri”da Norgul momo, Hojar, “Jaydari kelin”da Karima, “Otabek-Kumush”da O‘zbek oyim, “Arshin mol-olon”da Jahon xola kabi obrazlarni yuksak mahorat bilan gavdalantirgan.

U teatr bilan bir qatorda kino va televideniyeda ham sermahsul ijod qilib, el-yurtning e’tiboriga tushgan. Jumladan, aktrisaning “Vodillik kelin” (Halima), “Buvimni qaytaring”, “Zarba”, “Bomba” (Rahima), “Dev bilan pakana” (Roziya), “Er bermoq, jon bermoq” (Mastura xola), “Kelgindi kelin” (Jahon aya), “Osmon yaqin”, “Muhabbatimsan”, “Kuch birlikda” badiiy filmlarida, shunindek, “Ko‘ngil ko‘chalari”, “Opa-singillar”, “Tutash taqdirlar”, “Ona daryo”, “Bir kam dunyo”, “Jiblajibon” va qator teleseriallarda yaratgan rollari tomoshabinlar yodida qolgan.

U 1997 yili O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan, 2016 yili esa «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.

Maryam Ixtiyorova 1963 yilda taniqli aktyor, 2021 yil noyabrida vafot etgan Baxtiyor Ixtiyorov bilan oila qurgan. Ular 35 yillik turmushi davomida ikki o‘g‘il va qiz farzandning ota-onasi bo‘lgan, biroq juftlik keyinchalik ajrashgan.

Marhum Baxtiyor Ixtiyorov intervyularining birida er-xotin munosabatlarining darz ketishiga kenja o‘g‘li Elyorjonning o‘limi (buyrak yetishmovchiligi) sabab bo‘lganini aytgandi.

Maryam Ixtiyorova o‘g‘lining vafotidan so‘ng infarktga uchragan va bir necha oy kasalxonada davolangan.

Mavzuga oid
Top