10:20 / 24.03.2022
6061

Nukusda YPX xodimlaridan qochgan Lacetti jarima maydonchasiga tushdi

Haydovchi yuqori tezlikda harakatlanib, YPX xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan. Bundan tashqari, u svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtamay, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda YPX xodimlaridan qochganini tasvirga olib, o‘zi va boshqalar hayotiga xavf solib, mashina boshqargan yigitning videolari tarqaldi. Voqea yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi YHXB rasmiy munosabat bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, videoda aks etgan holat shu yilning 23 mart kuni Nukus shahrida yuz bergan.

Davlat raqami 01 H 008533 bo‘lgan Lacetti haydovchisi va uning sherigi Allayar Do‘snazarov ko‘chasida yuqorida tezlikda harakatlanib, YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga qaramay harakatni davom ettirgan. Beruniy ko‘chasida esa svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtamasdan qarama-qarshi yo‘nalishda harakatni davom ettirgan.  

Mazkur holat yuzasidan Lacetti haydovchisiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-, 194-moddalariga asosan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Lacetti esa shu vaqtning o‘zida vaqtincha jarima maydonchasiga qo‘yilgan.

Bundan oldin Qoraqalpog‘istonda o‘smir yigit YPX mashinalarining ustida sakragani aks etgan tasvirlar tarqalgandi.

Top