O‘zbekiston | 09:36 / 24.03.2022
11481
2 daqiqa o‘qiladi

YPX avtomobili ustiga chiqib olgan voyaga yetmagan bolaning otasi jarimaga tortildi

Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l-patrul xizmati avtomobilining ustiga chiqib olgan fuqaro tasvirlangan video tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.

2022 yil 25 yanvar kuni soat 15:00 larda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani, Ipak yo‘li ko‘chasida ko‘rinishidan voyaga yetmagan bola yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga tegishli bo‘lgan va to‘xtab turgan "Lacetti" rusumli maxsus xizmat avtomobilining ustiga chiqqan hamda uning mazkur xatti-harakatlari do‘sti tomonidan tasvirga olingan.

Holat yuzasidan surishtiruv olib borilganda, mazkur huquqbuzarlikni voyaga yetmagan, 2005 yilda tug‘ilgan B.T. sodir etgani ma’lum bo‘lgan. 

Hududiy profilaktika inspektori tomonidan to‘plangan hujjatlar voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha tuman idoralararo komissiyasi tomonidan o‘rganilgan.

Qayd etilishicha, ushbu voyaga yetmagan bolaning otasi J.T.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) birinchi qismi tartibida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima jazosi belgilangan.

“Barcha ota-onalardan o‘z farzandlariga e’tiborli bo‘lishni, tartib va qoidalar haqida doimiy ravishda tushuntirishlar berib borishni so‘raymiz”, deyiladi ma’lumotda.

Mavzuga oid