16:06 / 25.03.2022
19051
Rossiya zudlik bilan sulh e’lon qilishi kerak - NATO
Foto: NATO

Rossiya Ukraina bilan muzokaralarga «jiddiy munosabati»ni namoyish etishi va zudlik bilan tinchlik sulhi e’lon qilishi kerak. Bu haqda NATOning 24 mart kuni o‘tkazilgan favqulodda sammiti yakunlariga ko‘ra berilgan bayonotida aytiladi.

Asosiy faktlar

  • RFning Ukrainaga qarshi urushi Yevropada tinchlikni buzdi va global xavfsizlikka tahdid soldi, ukrainlar esa o‘z qahramona qarshiligi bilan jahon hamjamiyatini ilhomlantirdi, deyiladi bayonotda.
  • Alyans RFni BMT Xalqaro sudi qaroriga rioya etish va zudlik bilan Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatish, shuningdek tinch aholi evakuatsiyasi hamda  Mariupol va boshqa shaharlarga gumanitar yordam yetkazib berilishi uchun gumanitar yo‘laklar ishlashini ta’minlashga chaqirgan.
  • NATO oldingidek Ukrainaga harbiy kuchini mustahkamlash orqali o‘zini himoyalash huquqini amalga oshirishiga yordam berishni va’da qilgan.
  • Alyans, shuningdek, Ukrainaga kiberxavfsizlik va kimyoviy, biologik hamda yadroviy tahdiddan himoyalanishda yordam ko‘rsatishni davom etadi.
  • Blok Bolgariya, Ruminiya, Vengriya va Slovakiya hududida to‘rtta xalqaro guruh tuzilishini e’lon qilgan — alyansning 40 ming harbiy xizmatchisi sharqiy chegaralarga ko‘chiladi.
  • NATO barcha mamlakatlarni, shu jumladan Xitoyni urushda RFni qo‘llamaslik va agressor-davlatga sanksiyalarni aylanib o‘tishga yordam beradigan qandaydir harakatlardan tiyilishga chaqirgan.

«Rossiya zudlik bilan sulh e’lon qilib, Ukraina bilan muzokaralarga «jiddiy yondashayotganini» namoyish etishi kerak. Muzokaralar vaqtida Rossiya tajovuzining davom etishi qoralanishga loyiq. Biz Rossiyani barqaror o‘t ochishni to‘xtatishdan tortib, Ukraina hududidan qo‘shinlarni to‘liq olib chiqib ketishgacha bo‘lgan anq natijalarga erishish uchun Ukraina bilan muzokaralarda konstruktiv ishtirok etishga chaqiramiz», – deyishgan NATO yetakchilari.

Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy NATO sammitida onlayn ishtirok etib, alyans yetakchilaridan RF hujumidan himoyalanish uchun qurollar yetkazib berishni so‘ragandi. Xususan, Ukraina NATOdan alyans samolyotlari, tanklari, baravar o‘t ochish tizimlari, kemalarga qarshi qurollari, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlarining 1 foizini berishni so‘ragan.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top