20:32 / 12.04.2022
26847

Sherali Jo‘rayev “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi

Bugun, 12 aprel kuni 75 yoshini qarshi olgan O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi. Bu borada prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Farmonda Sherali Jo‘rayevning “noyob iste’dodi, ko‘p yillik samarali va betakror ijodi bilan o‘zbek qo‘shiqchilik san’atini va milliy madaniyatimizni rivojlantirish, uning shon-shuhratini dunyo xalqlari o‘rtasida keng targ‘ib etishga qo‘shgan beqiyos hissasi, mustaqilligimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, yosh iste’dod egalarining qobiliyatini ro‘yobga chiqarish borasidagi katta xizmatlari, ijtimoiy hayotdagi va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki” e’tirof etilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Sherali Jo‘rayev prezident qarori asosida yangi tashkil etilgan “Vatandoshlar” jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi etib tayinlangan edi.

Fond faoliyati xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga qaratilgan.

Top