08:44 / 13.04.2022
37325
Kiyev bilan muzokaralar va sanksiyalar. Putin va Lukashenko Uzoq Sharqda nimalar dedi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin belaruslik hamkasbi va doimiy mehmoni Aleksandr Lukashenko bilan birga Amur oblastidagi Vostochniy kosmodromida bo‘ldi. Yuriy Gagarin koinotga uchganining 61 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tashrifda Putin va hamkasbi Ukrainadagi voqealar haqida gapirishdi.

Foto: Yevgeniy Biyatov/TASS

«Biz odamlarga yordam beryapmiz»

Kosmodromni birga aylangan prezidentlar Ukrainadagi urush haqida fikr almashishdi. OAV vakillari va koinotchilar bilan uchrashuvda Putin Rossiyada urush deb atash taqiqlangan «maxsus harbiy amaliyot» haqida gapirdi.

«Biz bir tomondan odamlarga yordam beryapmiz, ularni qutqaryapmiz, boshqa tomondan Rossiya xavfsizligini ta’minlash uchun harakat qilyapmiz.

Bizda boshqa yo‘l qolmagandi, bu to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Ukrainada paydo bo‘lgan aksilrossiya kuchlari bilan to‘qnashuv muqarrar edi, gap bu qachon sodir bo‘lishida qolgandi.

Afsuski, neonatsizm bizga yaqin bo‘lgan kattagina davlatning hayot tarziga aylandi. Kiyev Minsk kelishuvini amalga oshirishdan ochiqchasiga bosh tortgach, Donbassdagi odamlarni genotsid qilishlariga ortiq chidab bo‘lmasdi.

Maxsus amaliyotning barcha maqsadlari to‘liq amalga oshiriladi. Biz yakkalanmoqchi emasmiz. Zamonaviy dunyoda hech kimni keskin yakkalab bo‘lmaydi, Rossiyadek katta davlat bilan bunday qilish esa aniq imkonsiz», degan Putin.

«Agar Rossiya ozgina kechikkanda...»

Brifingni Putin boshlab berdi va kosmik sohadagi ikki davlatning hamkorligi haqida gapirdi. Keyinchalik so‘z olgan Lukashenko Ukrainadagi voqealar haqida gapira ketdi. Uning aytishicha, agar Rossiya «maxsus harbiy amaliyot»ni boshlashda biroz kech qolganida, Rossiya hududiga vayronkor zarbalar berishni maqsad qilishgan. Fevral oyida ham bu haqda gapirgan Lukashenko agar Rossiya biroz kechikkanida, Ukraina Belarusga hujum qilgan bo‘lishini aytgandi.

«Agar Rossiya maxsus amaliyotni boshlashda biroz kechikkanida, Rossiya hududiga vayronkor zarbalar berishga tayyorlanishayotgandi. Buning imkoni borligini bugun ko‘rib turibmiz.

Buchadagi voqealar haqida hamma jar solyapti. Bu inglizlar tomonidan o‘tkazilgan ruhiy maxsus operatsiya xolos. Ular qanday mashinada kelgani, qanday raqamlarda bo‘lgani, manzillar haqida bilishni istasangiz, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati sizga bu haqda ma’lumotlar taqdim etishi mumkin. Bo‘lmasa biz ham bu borada yordam bera olamiz. Rossiyalik do‘stlarimiz bilan birga bu ishlar qanday qilinganini boshidan oxirigacha kuzatdik. Bu G‘arbning pastkash pozitsiyasini ko‘rsatdi.

Biz sovuq urush tugagan deb yurgandik, lekin G‘arb bunday o‘ylamagan ekan. Ular o‘shanda bizni yo‘q qila olmagandi va buni endi amalga oshirishga harakat qilishmoqda», dedi Lukashenko.

Belarus prezidentining aytishicha, Buchadagi voqealar Rossiyaga qarshi navbatdagi sanksiyalar paketini joriy qilish uchun uyushtirilgan. Oldinroq Putin aytgan gapni takrorlagan Lukashenko Rossiyaga qarshi kuchlar bilan to‘qnashuvdan qochish imkonsiz bo‘lgani, hammasi vaqtga bog‘liq bo‘lganini aytdi.

Odatda brifinglarda qog‘ozga qarab gapirmaydigan Lukashenko bu gal o‘z nutqini deyarli to‘liq o‘qib berdi. Qo‘lidagi qog‘ozga tez-tez qarab qo‘yar ekan Lukashenko G‘arbning harakatlarini Hitlernikiga qiyosladi.

«O‘tgan asrning 30-40 yillarida Yevropada bir arbob chiqib o‘zining tartibini o‘rnatmoqchi bo‘lgandi. Bu nima bilan yakunlanganini yaxshi bilamiz. Shu sabab Vashington ham yaqin o‘tmishga qarab qo‘ysa yomon bo‘lmasdi. O‘shanda bizning bobolarimiz dosh berib, g‘alaba qozonishgandi. Ming yillik umumiy tariximizda ko‘p bora bo‘lgani biz yana g‘alaba qozonamiz», dedi Lukashenko.

«Muzokaralar boshi berk ko‘chada»

Putinning aytishicha, Ukraina tomoni Istanbuldagi muzokaralardan uzoqlashib, barchasini boshi berk ko‘chaga olib kelib qo‘ygan.

«Istanbuldagi muzokaralarda ma’lum bosqichgacha kelgandik. O‘shanda Kiyev taklif qilayotgan xavfsizlik kafolatida Qrim, Sevastopol va Donbassni aralashtirmasligi kerak edi.

Keyin biz muzokaralar davom etishi uchun sharoit yaratib, evaziga Buchadagi provokatsiyaga duch keldik. Endi Ukraina muzokaralardagi kelishuvdan tonib, xavfsizlik talabini alohida ilgari surib, Qrim, Sevastopol va Donbass borasida alohida gaplashmoqchi. Ya’ni Kiyev yana boshiga qaytib, vaziyatni hamma uchun boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi», dedi Putin.

Kichkina uka va katta og‘a

© Mixail Klimentev/ RF prezidenti matbuot xizmati/TASS

Lukashenkoning aytishicha, Belarus Rossiyaning kichik ukasi hisoblanadi.

«Ha, biz kichik uka sifatida doim katta og‘amizni qo‘llashga tayyormiz. Aynan Rossiyaning sharofati bilan bugun biz kosmik derjavaga aylandik. Rossiya bo‘lmaganda, texnik jihatdan bunday rivojlana olmasdik.

Biz kichik uka bo‘lsak ham kattagina vakolatlarimiz bor. Bu haqda prezident Putin yuzma-yuz uchrashuvda aytdi. Atom elektrostansiyalari ham yuqori texnologik vositalar hisoblanadi. Biz ularni ham katta og‘amiz bilan birga qurdik.

G‘arb nafaqat Ukrainani, balki Polsha kabi qo‘shnilarimizni ham Belarusga qarshi qayramoqda. Ammo bizning katta og‘amiz bilan birga mudofaa tizimimiz bor. Rossiya kabi bizni ham agressor deyishmoqda. Nima, ular bizning qo‘shma armiyamiz borligidan bexabarmi? Mana shunday holatda katta og‘amiz bizga yordam beradi. Katta og‘a hamma narsa qila oladi, kichik uka esa yo‘q, deb tushunish kerak emas», dedi Lukashenko.

«Sanksiyalar kor qilmadi»

Putinning aytishicha, G‘arbning Rossiyaga qo‘llagan sanksiyalariga qaramay, mamlakat iqtisodiyoti oyoqda turibdi.

«Shu o‘rinda muzokaralar bosqichi boshlanishida Aleksandr Lukashenkoning xizmati katta bo‘lganini aytmoqchiman. G‘arb bizga qarshi sanksiyalar belgilamoqda, ammo ular kor qilmadi. Iqtisodiyotimiz oyoqda turibdi, ishlab chiqarish ham to‘xtab qolgani yo‘q. To‘g‘ri, uzoq kelajakda risklar oshishi mumkin», dedi Rossiya prezidenti.

Putin Bucha bo‘yicha xabarlarga ham munosabat bildirdi. Uning aytishicha, Buchadagi voqealar ham Suriyada kimyoviy qurol ishlatilgani haqidagi gaplar kabi feykdir. Shuningdek, Putin Ukraina muzokaralarda pozitsiyasini o‘zgartirgani, ammo buning tafsilotlarini bilmasligini aytdi.

Putin G‘arb hosil qilgan holat sabab Yevropada energetika sohasida muammolar yuzaga keltirganini aytdi. Uning aytishicha, bu boradagi narx-navo 3 baravargacha qimmatlashib ketgan. «Dunyo sovuq urush vaqtidagi kabi emas, hozir dunyo murakkabroq. Unga sotish mumkin bo‘lmasa, boshqasiga sotsa bo‘ladi. Bir davlatdan olish mumkin bo‘lmasa, boshqasini topish mumkin».

«AQSh oxirgi ukrainalik qolguncha urushmoqchi»

Oldinroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «maxsus harbiy amaliyotdan maqsad» AQShning gegemonligiga chek qo‘yish ekanini ham aytgandi. Bu borada avvalgi Rossiya pozitsiyalarida ma’lum qilinmagandi.

Putin ham brifingda shunga o‘xshash gap qildi: «AQSh oxirgi ukrainalik qolgunga qadar urushmoqchi, degan gap aytilmoqda. Bizda ham bor bu gap.

Bilasizmi, aslida ham shunday. Bo‘layotgan ishlarning maqsadi shunday. Kimdir o‘zining iqtisodiy gegemonligini saqlab qolishga urinadi, ammo bu imkonsiz. Shunchaki oxirgi yillardagi iqtisodiyotlarning rivojlanish bosqichiga qarash kerak», dedi Putin.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top