21:44 / 15.04.2022
65585
Kiyevga hujum haqidagi tahdiddan keyin Rossiyaning chegara hududlariga zarbalar berildi

Rossiya mudofaa vazirligi general-mayori Igor Konashenkov agar Ukraina Rossiya hududini o‘qqa tutsa, Kiyevdagi qaror qabul qilish markazlariga zarba berilishi bilan tahdid qildi. Keyingi kuni Rossiyaning Bryansk oblastida portlashlar ro‘y berdi.

T.ME/VVGLADKOV

Rossiyaning chegaradagi regionlarida so‘nggi kunlarda terroristik xavfning «sariq darajasi» e’lon qilingan, hududiy nashrlar bu oblastlarda kamida bir necha jiddiy hodisalar haqida xabar bergan. Bu esa urush Rossiya hududiga ko‘chishi mumkinligi to‘g‘risidagi gaplarni keltirib chiqarmoqda.

«Qaynoq nuqtada xizmatdaman. Qirq daqiqa davomida tinchimiz bo‘lmadi. Shunday yashayapmiz. Pavilon buzilgan, tom elak bo‘lib ketgan», deya 14 aprel tongida Bryansk oblastidagi Klimovo posyolkasida yashovchilar aholi punkti yaqinida ro‘y bergan portlashlar haqida xabar berishdi, bu vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda osmonga qora tutun o‘rlayotgani aks etgan videolar tarqaldi.

Keyinroq Ukraina bilan chegaradagi «Noviye Yurkovichi» nazorat-o‘tkazish punkti o‘qqa tutilgani ma’lum bo‘ldi, rossiyalik chegarachilardan biri punktga zarar yetgani aks etgan videoni internetga joylashtirdi. Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz aniqlik kiritishicha, nazorat-o‘tkazish punktidan tashqari Klimovo posyolkasiga ham zarba berilgan. Hujum natijasida yetti kishi yaralangani, ularga tibbiy yordam ko‘rsatilgani, kamida ikki uy vayron bo‘lgani aytilgan.

Bir necha soat o‘tib Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov Ukraina hududidan turib Grayvoronovskiy shahar okrugidagi Spodaryushino posyolkasiga zarba berilgani haqida xabar tarqatdi. Oblast rasmiylari xabarida bu hujum oqibatlari bo‘yicha tafsilotlar keltirilmagan.

Shu kunlarda Rossiya mudofaa vazirligi agar Ukraina Rossiya hududiga diversiya va zarbalar berishni bas qilmasa, Kiyevdagi qaror qabul qilish markazlariga zarba berilishi bilan tahdid qilgandi.

Ukraina hukumati avvalroq, ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning chegaradosh hududlarida provokatsiyalar uyushtirilishi, Moskva buni «RF hududida Ukrainaga qarshi jazava uyg‘otish» uchun Ukraina yoki ukrainparast «terrorchilar» bilan bog‘lashi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirgandi.

Belgorod, Kursk, Kuban, Bryansk

Rossiya hududiga ilk snaryadlar mart oyi oxirlarida, Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan bir oy o‘tib uchib kela boshlagandi. 23-24 mart kunlari Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh hisoblangan Belgorod oblastining janubida joylashgan Juravlyovka qishlog‘ida portlashlar ro‘y berdi. Mahalliy rasmiylar favqulodda holat e’lon qilishgan va Belgoroddagi ikki qishloq - Juravlyovka va Nexoteyevkadan 178 kishini evakuatsiya qilgan.

Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov telegram kanalida snaryad portlashi oqibatida 13 uy va fuqarolarning sakkiz mashinasi jabrlangani, tinch aholi vakillaridan uch kishi yaralangani haqida ma’lum qilgan. «Barchasi nazorat ostida», deya ishontirgandi o‘shanda Belgorod hukumati.

Belgorod oblasti gubernatorining telegram kanalida e’lon qilingan Juravlyovkada olingan surat. T.ME/VVGLADKOV

Keyinroq bu hodisa vaqtida bir kishi - harbiy ruhoniy, Novaya Ladogadagi ibodatxona kliriki Oleg Artyomov halok bo‘lgani ma’lum qilindi. RF tergov qo‘mitasi bayonotida ruhoniy 24 mart kuni Juravlyovka qishlog‘i hududi Ukraina qurolli kuchlari tomonidan «Smerch» baravar o‘t ochish tizimi orqali o‘qqa tutilishi sabab vafot etgani aytilgan. Hodisa bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Bir hafta o‘tib, 1 aprel kuni Belgorod oblastida yana portlashlar kuzatildi - «Rosneft»ning Belgoroddagi neftbazasi portladi, ikki xodim jabrlandi. O‘sha kuni gubernator Gladkov Nikolskoye va Yasniye Zori qishloqlari atrofidagi dala maydonlarida snaryadlar portlashidan o‘ralar hosil bo‘lganini aytdi, shuningdek elektr uzatish liniyasi va bitta turar joy shikastlangan.

Internetda tarqalgan videolarga ko‘ra, neft bazaga hujum vertolyotlar orqali amalga oshirilgan, Rossiya tomoni bu chegaradan havo hujumidan mudofaa tizimi radarlariga sezdirmasdan past balandlikda uchib kelgan ukrain vertolyotlari bo‘lganini ma’lum qildi. Holbuki Rossiya mudofaa vazirligi spikeri, general-mayor Konashenkov bundan bir necha hafta oldin Ukraina harbiy aviatsiyasi to‘liq yakson etilganini aytgandi.

8 aprel kuni Bryansk oblastidagi Karacheva posyolkasi aholisi uylar ustidan Su-24 bombardimonchi samolyoti uchib o‘tishi tufayli uyg‘onib ketishdi - bunday samolyotlar Rossiya armiyasida ham, Ukraina qurolli kuchlarida ham bor. Shahar jamoatchiligi orasida bu samolyot go‘yoki shaharda joylashgan ikkita harbiy qismni bombardimon qilish uchun uchib kelgani haqida xabarlar tarqaldi, ammo bu ma’lumot rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

Kursk oblasti gubernatori Roman Starovoytning ma’lum qilishicha, 9 aprel kuni Ukraina tomonidan minomyotlar orqali Yelizavetovka qishlog‘i hududidagi chegara posti o‘qqa tutilganini xabar qildi. Bu hodisada hech kim jabrlanmagan, «rossiyalik harbiylar javob zarbasi bilan o‘t ochish manbasini bostirishdi», degan gubernator o‘z telegram-kanalida.

11 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Azov dengizining Taganrog ko‘rfazi sohilida, bir oydan oshiq vaqtdan buyon janglar ketayotgan Mariupoldan 70 kilometr masofada joylashgan, Kubandagi Shabelskoye qishlog‘ida olingan video tarqaldi.

Unda dala maydonida bir metr chuqurlikda, diametri 15 metrlik o‘ra paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin. Qishloq aholisi BBC muxbiri bilan suhbatda ikki marta portlash ovozi eshitilganini tasdiqlagan. Qishloqda tarqalgan mish-mishlarga ko‘ra, birinchi snaryad dengizga tushgan, ikkinchisi mahalliy aholi kartoshka ekayotgan polizda portlagan. Yaqin joylashgan ikki uy biroz shikastlangan.

Mahalliy aholi vakillaridan birining so‘zlariga ko‘ra, portlash ovozi juda qattiq bo‘lgan va hammayoqni silkitib yuborgan - tuproq daraxtlar bo‘yi ko‘tarilgan. U portlash joyiga kelgan sapyorlar snaryad yerning yumshoq qismiga tushgani va bir necha metr ichkari kirib, loy ichida portlaganini aytishganini ma’lum qilgan.

Shabelskoye qishlog‘i ma’muriyati portlash bo‘yicha izoh berishni istamagan.

12 aprel kuni Belgorod oblastida, Shebekino shaharchasida «Belgorod-Nejyegol» avtobus yo‘nalishida temiryo‘l izi vayron bo‘lgani aniqlandi. Voqea joyida olingan fotosuratlarda relslar g‘ijimlanib yotganini ko‘rish mumkin. «Bu tarmoq relsda harakatlanuvchi avtobus uchun foydalanilgan. Temiryo‘lning shikastlangan qismida tergov guruhi ishlamoqda. Halok bo‘lganlar va yaralanganlar yo‘q», deya yozgan gubernator Vyacheslav Gladkov telegram-kanalida.

13 aprel kuni Kursk oblasti gubernatori Gordeyevka qishlog‘idagi otishma haqidagi yangi videoni e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning o‘rmon hududidan turib o‘qotar qurollar bilan chegara naryadiga o‘t ochilgan. O‘tgan safar bo‘lganidek, Starovoyt rossiyalik harbiylar o‘t ochish nuqtasini yo‘q qilishgani, hech kim jabrlanmaganini aytgan.

11 apreldan, hududiy rasmiylar qarori bilan Belgorod, Bryansk va Kursk oblastlarida, Voronej oblastining Kantemir va Rossoshanskiy rayonlarida, Krasnodar o‘lkasining Yeysk va Shcherbinovskiy rayonlarida, shuningdek Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrimning Armyansk, Djankoy, Kerch, Krasnoperekopskiy va Lenin rayonlarida «terrorchilik tahdidining sariq darajasi» e’lon qilingan.

Terroristik xavfning uch darajasi mavjud: ko‘k (oshirilgan), sariq (yuqori) va qizil (kritik). Milliy terrorizm qo‘mitasi baholariga ko‘ra, sariq daraja rejimi terakt sodir etilishining ehtimoli bo‘yicha tasdiqlangan ma’lumotlar mavjud bo‘lganida o‘rnatiladi. Bunday rejim joriy etilganida huquq-tartibot organlari faoliyati kuchaytiriladi.

Rossiya generallari Rossiya ichkarisidagi nishonlarga zarbalarni eskalatsiya kuchayishi va «Kiyevdagi qaror qabul qilish markazlari»ga hujum uchun yetarli sabab deb bilishadimi yo‘qmi, bunisi hozircha noma’lum.

Ukraina tomoni biror marta Rossiya hududiga berilgan zarbalar uchun javobgarlikni zimmasiga olmadi, ammo Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich Rossiya mudofaa vazirligining tahdidiga darhol javob qaytarib, Ukrainada Rossiya hududidagi nishonlarga hujum qilish uchun «ajoyib imkoniyatlar» borligini aytgandi.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top