07:24 / 16.04.2022
30878
Toshkentda moliyaviy piramida tashkil etib, fuqarolardan 3 mln dollar o‘zlashtirgani aytilayotgan shaxs qo‘lga olindi

Ta’kidlanishicha, “REALNAYA INVESTITSIYA” MChJ rahbari fuqarolarning 15 mingdan 200 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan pullarini o‘zlashtirib, ularga har oyda kamida 10% dan foyda berishni va’da qilgan.

DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘zini treyder deb e’lon qilib, moliya-iqtisod sohasida yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lmagan fuqarolarning ishonchiga kirgan holda ularning shaxsiy mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirib kelgan shaxs faoliyatiga chek qo‘yilgan.

DXX axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 1995 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs 2020 yilda Toshkent shahrida “REALNAYA INVESTITSIYA” MChJni tashkil etib, mijozlarni jalb qilish maqsadida telegram hamda instagramda guruh ochib, targ‘ibot ishlarini olib borgan.

Jamiyat rahbari mijozlardan 15 ming AQSh dollaridan 200 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan miqdorda pul mablag‘larini qabul qilib olgan hamda ularga har oyda kamida 10% dan foyda berishni va’da qilgan. Va’da qilingan foydani yangi jalb qilingan fuqarolarning pul mablag‘lari hisobidan to‘lab kelgan.

Jamiyat rahbarining aytishicha, faoliyati davomida 560 nafar fuqaro bilan oldi-berdi qilgan, hozirda 100 nafarga yaqin fuqarolar oldida majburiyatlari saqlanib turibdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ayni damda fuqarolardan 2,5-3 mln AQSh dollari atrofida qarzi mavjud.

Qayd etilishicha, u noqonuniy yo‘l bilan topilgan daromadlarini bir nechta ko‘chmas mulklar va qimmatbaho avtomashinalar xarid qilish orqali legallashtirgan.

Hozirda ayblanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining bir nechta moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Xususan, jamiyat rahbariga nisbatan JKning 168 (firibgarlik), 178 (chet el valutasini yashirish), 179 (soxta tadbirkorlik), 184 (soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 188-1 (pul mablag‘larini jalb etishga doir noqonuniy faoliyat), 189 (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda ayblanuvchi sifatida qamoqqa olingan.

Xabarda aytilishicha, “REALNAYA INVESTITSIYA” MChJdan jabr ko‘rgan fuqarolar Toshkent shahri prokuraturasiga murojaat qilishlari so‘raladi.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, “REALNAYA INVESTITSIYA” MChJ 2020 yilda tashkil etilgan bo‘lib, faoliyat yo‘nalishi sifatida tijoriy faoliyat va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat berish xizmatlari ko‘rsatilgan. Jamiyatning rahbari va 100 foizlik ta’sischisi Shohjahon Eshniyozov hisoblanadi.

Avvalroq, Qashqadaryoda bir guruh shaxslar fuqarolarni 1000 dollar sarmoya kiritib, xorijiy mashhur kompaniyalar aksiyalarini sotib olish orqali oyiga 6 foizdan daromad olishlariga ishontirib, 231 nafar fuqaroning 13 milliard 700 million so‘m pulini o‘zlashtirgani xabar berilgandi.

Top