18:55 / 18.04.2022
21278
Bolasini ayiq qafasiga tashlagan ona ishi bo‘yicha sud qarori e’lon qilindi

Yanvar oyida Toshkent hayvonot bog‘ida uch yashar qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayol ustidan sud jarayoni yakuniga yetdi. Sud ayol mazkur jinoyatni aqli noraso holatda sodir etgan deb topdi va uni ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanishga yubordi.

Foto: Videodan skrinshot

18 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan Z. To‘laganovaga tibbiy yo‘sindagi majburlov ehtiyot chorasini qo‘llash masalasini hal qilishga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni o‘z nihoyasiga yetdi.

E’lon qilingan sud ajrimi bilan Z. To‘laganova ijtimoiy xavfli qilmishni aqli noraso holatda sodir etgan deb topilib, uning Toshkent respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklari shifoxonasida majburiy davolanishi belgilandi.

Qo‘shimcha qilinishicha, ajrimdan norozi tomonlar 20 sutka muddat ichida shu sud orqali Toshkent shahar sudiga xususiy shikoyat yoki xususiy protest keltirishga haqli.

  • Eslatib o‘tamiz, 28 yanvar kuni Toshkent hayvonot bog‘ida ushbu ayol o‘zining 3 yoshli qizchasini to‘siq ortidan ayiqning qafasiga tashlab yuborgandi. Zuzu laqabli Kavkaz ayig‘i qizga yaqinlashib, hidlab ko‘rib, so‘ng ortiga qaytgan. O‘shanda bog‘ ishchilari ayiqni ichki xonaga chaqirib olishgandi.
  • Qizaloqda ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi aniqlangan, bir muddatdan so‘ng uning ahvoli yaxshilangan va uyiga javob berilgandi.
  • Prokuratura tomonidan ayolga nisbatan JKning 25-moddasi orqali 97-moddasi 2-qismi «v» bandi (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda, ya’ni aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi ochildi. Ayol psixonevrologik dispanser ro‘yxatida turgani, oilada bosimga uchragani va turmush o‘rtog‘i bilan ajrashmoqchi bo‘lgani ma’lum bo‘lgandi.
  • Mart oyi oxirida Bosh prokuratura ayolga tegishli jinoyat ishini unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llashni hal qilish uchun sudga yubordi. Ayol «umrbod ruhiy xastalik bilan betoblanib kelgan», shu bois u tergov va sudda to‘g‘ri ko‘rsatmalar berish qobiliyatiga ega emas, deb ma’lum qilindi.
Top