08:59 / 20.04.2022
2154
“O‘zbekinvest” kompaniyasi 2021 yilda investitsiya loyihalari sug‘urtasi bo‘yicha 20,1 trln so‘m miqdorida majburiyat oldi
Foto: O‘zbekinvest

Pandemiya davridan keyingi, iqtisodiy faollikning tiklanish davrida 2021 yilda “O‘zbekinvest” kompaniyasi investitsiya loyihalarini, shu jumladan, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni sug‘urtalash bo‘yicha ham o‘z faoliyatini jadallashtirdi.

Respublika hududlarida sug‘urtaning ushbu yo‘nalishdagi rivojlanish natijalariga ko‘ra, mukofotlar yig‘imi 30 milliard so‘m miqdorida ta’minlanib, 2020 yil yakunlariga nisbatan 153 foizga oshdi.

Ushbu ko‘rsatkich, 2017 yilning yakuniy ko‘rsatkichlariga nisbatan esa 9 barobarga oshgan.

“O‘zbekinvest” tomonidan 2021 yil mobaynida investitsiya loyihalarini sug‘urta qilish yo‘nalishida tuzilgan 106 ta shartnoma bo‘yicha 21,6 milliard so‘m miqdoridagi sug‘urta qoplamalari to‘langan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2020 yil sug‘urta to‘lovlariga nisbatan 155 foizga o‘sgan.

Investitsiya loyihalarining sug‘urtasi bo‘yicha respublika miqyosida shartnomalarning umumiy soni 4405 tani tashkil etib, so‘nggi 5 yil ichida 18 barobarga oshdi.

Kompaniya yirik va o‘rta biznes-tuzilmalariga hamda korxonalarga zamon talablariga mos quyidagi sug‘urta mahsulotlarining jamlanmasini taklif etmoqda: qurilish-montaj tavakkalchiliklarini sug‘urtalash, mol-mulk, javobgarlik, yuk hamda eksport shartnomalarini sug‘urta qilish xizmatlari.

Joriy yilda “O‘zbekinvest” kompaniyasi investitsiya loyihalarini sug‘urtalash doirasida respublika hududlaridagi erkin iqtisodiy, kichik sanoat va ixtisoslashtirilgan zonalarida kuchli hamda ishonchli hamkor sifatida o‘zining ishlarini faol davom ettiradi. 

“O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi AJ axborot xizmati Ⓣ

Top