13:53 / 22.04.2022
13657
Prezident Abdulla Oripov haqida film ishlash topshirig‘ini berdi 

“Men u insonni yaxshi tanirdim. Ko‘p hamsuhbat bo‘lganman”, dedi davlat rahbari.

Qashqadaryo viloyat xalq deputatlari navbatdan tashqari sessiyasida kosonlik faollar tomonidan Abdulla Oripov nomi bilan bog‘liq tanlov uyushtirish taklifi bildirildi.

“Bu taklif menga ma’qul. Faqat men o‘zim ham bir taklif bildirmoqchiman , bu tanlovni avval Qashqadaryo bo‘yicha o‘tkazaylik. Keyin butun respublika bo‘yicha namuna qilamiz. 

Shu bilan birga bu inson bilan bog‘liq alohida topshirig‘im ham bor. Kinoustalarimiz Abdulla Oripov hayoti va ijodiga oid alohida bir film ishlasin. Abdulla Oripov haqida kino ishlasak arzimaydimi? Arziydi albatta! Men u insonni yaxshi tanirdim, Abdulla aka bilan ko‘p hamsuhbat bo‘lganman. Bitta she’r yozish uchun o‘nta kitob o‘qirdi. “Kolumbda bor alamim manim, O‘zbekiston vatanim manim!” degan o‘tli satrlar bekorga tug‘ilmagan.

Bu film ortiqcha gap-so‘zlardan xoli, samimiy bo‘lsin. Abdulla akaning Toshkentga borgani, qiyinchiliklar ko‘rgani, shunga qaramay ijodidan chekinmagani ko‘rsatib berilsin. Film oxirida Abdulla Oripov timsoli yoshlarga murojaat qilsin. Mutasaddilarga bir yilgacha muddat – shu filmni ishlab, xalqimizga taqdim qilinglar”, – deya prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top