O‘zbekiston | 15:08 / 07.06.2022
46994
4 daqiqa o‘qiladi

7 nafar hokimga oxirgi ogohlantirish berildi, ularning o‘rinbosarlari ishdan olindi

Yer maydonlari auksionga chiqarilishida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 7 nafar hokimga oxirgi ogohlantirish berildi. Prezident videoselektorda shaharlarning bosh rejasini ishlab chiqish davlat loyiha institutlari tomonidan monopoliya qilib olingani, birorta tuman yoki shaharning bosh rejasi oxiriga yetkazilmaganini tanqid qildi.

Prezident raisligida xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yil yakuniga qadar rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi.

2022 yilda xizmatlar sohasida 120 mingdan ortiq yangi loyihani ishga tushirish, xizmatlar hajmini 435 trillion so‘mga yetkazish (o‘tgan yili 283 trillion so‘m bo‘lgan) hamda sohada 1,5 million ish o‘rni yaratish reja qilingani ta’kidlandi.

«Lekin ayrim tuman va shahar hokimlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari mavjud imkoniyatlardan foydalanib, ishlarni to‘g‘ri tashkil eta olmayapti.

Misol uchun, xizmatlar sohasida yanvar-may oylarida 756 ming ish o‘rni yaratildi. Lekin, ish o‘rinlarining atigi 232 mingtasi yoki 31 foizi yangi obektlarda yaratilgan. 

Qolgan 510 mingta ish o‘rni o‘zini o‘zi band qilganlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda», dedi prezident. 

Yangi savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha Toshkent shahri, Samarqand, Farg‘ona, Andijon viloyatlari natija ko‘rsatgani, Jizzax, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryodagi ishlar ahvoli esa qoniqarsiz ekani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda tadbirkorlar xizmatlar sohasida asosan 3 ta masala – yer, bino va infratuzilma bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

So‘nggi ikki oyda 23 mingdan ziyod yer maydonlari savdoga chiqarildi, shundan 12 mingtasi yoki 60 foizi xizmat ko‘rsatish joylarini tashkil etish uchun qo‘yilgan.

Bunda, 63 ta tuman va shaharda auksionga qo‘yilgan yer uchastkalarining soni 100 tadan ko‘p bo‘lsa, 27 ta tumanda 10 taga ham yetmaydi.

Misol uchun, Navoiy, Shahrisabz, Qo‘qon, Xiva, Urganch shaharlari, Bo‘stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlarida savdoga qo‘yilgan yerlar soni 10 tadan oshmaydi.

Shu bois, faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun Navoiy, Shahrisabz, Qo‘qon shaharlari, Bo‘stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlari hokimlariga nisbatan oxirgi marta hayfsan berish, ushbu tuman va shahar hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlarini lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berildi.

Auksionga taklif etilgan 45 mingta yerning 3 mingtasi kelishiladigan idoralar tomonidan qaytarilgani ko‘rsatib o‘tildi.

Bunga asosiy sabab hududlarning bosh rejasi yoki arxitektura rejalashtirish loyihalarining yo‘qligidir.

Shaharlarning bor-yo‘g‘i 30 foizida bosh reja, qishloqlarning 1 foizida  arxitektura rejalashtirish loyihalari mavjudligi tanqid qilindi.

«Ochiq aytish kerak, shaharlarning bosh rejasini ishlab chiqishni davlat loyiha institutlari monopoliya qilib olgan.

Investitsiya dasturlari doirasida davlat loyiha institutlariga har yili katta mablag‘lar ajratilyapti, lekin birorta tuman yoki shaharning bosh rejasi oxiriga yetkazilmagan. Narxlar ham chet ellik yoki xususiy loyiha tashkilotlari narxlariga nisbatan bir necha barobar qimmat.

Shu bois, qurilish sohasini transformatsiya qilish bo‘yicha ham alohida muhokama o‘tkazaman», dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid