18:06 / 26.04.2022
6256
Salohiyati hali ishga solinmagan turistik manzillarga sayyohlarni jalb etish bo‘yicha topshiriqlar berildi

O‘zbekistondagi har bir viloyatda turistlar uchun jozibador bo‘lgan kamida 20 million dollarlik 1 tadan yirik loyiha boshlanadi.

Foto: Xalq so‘zi

Turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektorda turizm vaziri, uning yangi tayinlangan o‘rinbosarlari, viloyat hokimlari va turizm bo‘yicha muovinlari oldidagi eng ustuvor vazifalardan biri - turizm sohasida pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarni tiklash ekani ta’kidlandi.

Turizm va unga turdosh sohalarda kamida 200 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun yil yakuniga qadar har bir viloyatda turistlar uchun jozibador bo‘lgan kamida 20 million dollarlik 1 tadan yirik loyihani boshlash zarurligi ta’kidlandi.

Misol uchun, Namanganda ishga tushirilgan «Afsonalar vodiysi», Bo‘stonliqda «Amirsoy majmuasi»da ham bolalar uchun, ham kattalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, kuniga minglab xorijiy va mahalliy turistlar kelmoqda.

Bunday yirik loyihalarni qo‘shni davlatlar uchun qulay bo‘lgan Andijon, Toshkent viloyati, Qashqadaryo va Xorazmda barpo etish uchun barcha imkoniyatlar yetarli.

Yig‘ilishda mamlakatda Chimyon, Bildirsoy yoki Zomindan kam bo‘lmagan, lekin salohiyati hali ishga solinmagan turistik manzillar ko‘pligi ta’kidlandi. 

Masalan, Boysundagi dunyoda eng chuqur g‘orlardan hisoblangan Boybuloq (Osiyoda eng chuqur, 1 ming 415 metr), yonidagi Vishnevskiy (715 metr), Neandartal odam qoldig‘i topilgan Teshiktosh g‘orlari, Darband darasi, qadimiy ellin madaniyati yodgorligi – Uzundara qal’asi butun dunyodan sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi. 

Bu yerda mehmonxona, kemping, tog‘ sporti, dor yo‘li, turistlar uylari kabi obektlarni tashkil etish orqali 500 ming sayyohni bemalol jalb qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Bunday imkoniyatlar Bo‘stonliqdagi Tovoqsoy, Ohangarondagi Ovjasoy, Angrendagi Yangiobod, Shahrisabzdagi Miraki, Yangiqo‘rg‘ondagi Nanay, Popdagi Chodak hududlarida ham mavjud.

Chorvoq va To‘dako‘ldan boshqa birorta hududda cho‘milish joylari yo‘qligi qayd etildi. Bu borada Nukusdagi Ashshiko‘l, Buxorodagi Zikriko‘l, Jizzaxdagi Aydarko‘l va Tuzkon ko‘lining imkoniyatlari ishga solinmay turibdi.

Prezident mavzuni davom ettirdi.

Bog‘otning «Qal’a-jiq» va Ellikqal’adagi Aqchako‘lda sanatoriy-kurort tashkil etish, Buxoroda «Qadimiy Buxoro» va «O‘ninchi asr etnoqishlog‘i», Namanganda «Oazis», Sirdaryoda «Sirdaryo ekoturizm», Toshkent viloyatida «Garden» turizm klasterlari va Farg‘onada «Farg‘ona parki» tematik bog‘ini tashkil etish bo‘yicha yirik loyihalarni boshlash kerakligi aytildi.

Viloyat hokimlariga bir oy muddatda ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun hududlarni belgilab, salohiyatli investorlarni aniqlash va amaliy ishlarni boshlash topshirildi.

Joriy yilda O‘zbekiston turizm magistrali bo‘ylab 31 ta tuman (shahar) hududidan o‘tuvchi yo‘l bo‘yida kompleks turizm xizmatlarini (avtoturargoh, kemping, avtoservis, ovqatlanish, yoqilg‘i quyish) qamrab olgan 1 tadan «karvonsaroy» barpo etish vazifasi qo‘yildi.

Bunday loyihalarga bir oy muddatda 1 trillion so‘m kredit resurslari ajratiladi, yil yakuniga qadar yana 100 million dollar jalb qilinadi.

Viloyat hokimlari ham kamida 20 million dollarlik loyihalarni ishga tushirishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Top