08:14 / 30.04.2022
3829
Dmitriy Li Istiqbolli loyihalar agentligi direktori etib tayinlandi
Foto: O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati

Dmitriy Li Istiqbolli loyihalar agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Prezident farmoni bilan prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi etib qayta tashkil etildi.

Kriptoaktivlar aylanmasi sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, kriptoaktivlar aylanmasi sohasida investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash agentlikning ustuvor vazifalari va faoliyat yo‘nalishlaridan etib belgilandi.

Dmitriy Li mehnat faoliyatini xalq ta’lim tizimi ta’minoti sohasida boshlagan, keyinchalik mashinasozlik va metallurgiya sohasida turli rahbarlik lavozimlarini egallab kelgan.

2017 yil avgust oyidan 2019 yil yanvar oyigacha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligida direktorning birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan. 2018 yil iyun oyida Dmitriy Li O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbariga aylangan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 yil 9 yanvar kuni imzolangan tegishli farmonga ko‘ra, Dmitriy Li O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid
Top