20:36 / 05.05.2022
50950
Taniqli sportchi Elbek Rahimovning qotillariga hukm o‘qildi

Sudlanuvchilarga 3 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi berilgan. Ular orasida 3 nafar ichki ishlar organlari sobiq xodimlari ham bor.

Fotokollaj: Kun.uz

Oliy sud matbuot kotibining xabar berishicha, bugun, 2022 yil 5 may kuni, Qashqadaryo viloyat sudida viloyat sudi sudyasi F. Yusupov raisligida sport ustasi E. Rahimovning qasddan o‘ldirilgani va uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan boshqa jinoyatlar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetgan va sud hukmi e’lon qilingan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha jami 26 nafar sudlanuvchiga nisbatan hukm o‘qilgan. Sudlanuvchilarning barchasi Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, ularning 3 nafari voyaga yetmagan shaxs hamda 3 nafari ichki ishlar organlarining sobiq xodimlari hisoblanadi.

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 97, 109, 111, 127, 137, 169, 277, 28,137, 28,211, 28,277, 210, 230-1, 241-1 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilarning 19 nafariga 3 yildan 20 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 1 nafariga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi, voyaga yetmagan shaxslarga 5 yil 6 oydan 10 yilgacha bo‘lgan muddatlarda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ichki ishlar organlarining sobiq xodimlariga esa 3 yildan 8 yilgacha bo‘lgan muddatlarda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Marhumning qonuniy vakili foydasiga 11 nafar sudlanuvchidan solidar tartibda 10 million 800 ming so‘m miqdorida moddiy zarar va 150 million  so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirilishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 17 avgust kuni Qarshi shahrida sport murabbiyi Elbek Rahimovni bir guruh shaxslar odamlar ko‘z o‘ngida kaltaklab, mashinaga solib olib ketishgan. Keyinroq murabbiyning jasadi Chiroqchi tumanidan topilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayonlari 2022 yil 6 yanvar kuni boshlangan va jami 26 nafar shaxsga ayblov e’lon qilingan.

Mavzuga oid
Top