22:17 / 11.05.2022
12313
Shanhaydagi koronavirus: qat’iy lokdaun, dezinfeksiya, shifoxonaga esa faqat hokimiyat ruxsati bilan 

Ilgari qat’iy cheklovlar kiritilmagan ayrim rayonlar aholisi turar joy majmualari atrofida baland to‘siqlar paydo bo‘lgani haqida xabar bermoqda. 

Foto: AP Photo/Mark Schiefelbein

Shanhayning millionlab aholisi hokimiyatning koronavirusni butkul yo‘q qilish uchun urinishi davom etayotgani sababli qariyb ikki oydan buyon lokdaunda o‘tiribdi. Yaqin bir necha kun ichida karantin qoidalari yanada kuchaytiriladi. Mahalliy aholiga uylarini tark etish taqiqlanadi va taom yetkazib berish xizmatidan foydalanish tavsiya qilinadi, shifoxonaga esa kompartiya mahalliy organi roziligi bilangina borish mumkin bo‘ladi. 

Bir kishida Covid-19 aniqlansa, uning qo‘shnilari hattoki koronavirusga topshirgan testi manfiy chiqqan taqdirda ham maxsus muassasalarda ihotalanishga majbur bo‘ladi. Bunday markazlarda bo‘lganlar antisanitariya, cho‘milish xonalarining yo‘qligi va tirbandlikdan shikoyat qilmoqda. 

Chorshanba kuni Shanhay hokimiyati shahardagi rayonlarning kamida yarmida Covid-19 holatlarini nolga tushirishga erishilganini ma’lum qildi, ammo cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risida hozircha hech qanday gap yo‘q. 

"Hozirgi vaziyat beqarorligini, Covid-19 qaytishi ehtimoli hali ham mavjudligini hisobga olishimiz kerak", - dedi Shanhay sog‘liqni saqlash komissiyasi direktori o‘rinbosari Chjao Dandan. 

Kompartiya mahalliy qo‘mitalarining bildirishicha, kelasi uch kun davomida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish faqat davlat kurerlari tomonidan amalga oshiriladi. Avvalroq mahalliy aholi taom buyurtma qilish imkoni yo‘qligi va buyurtmani uzoq kutish kerakligidan shikoyat qilgandi. 

Bundan tashqari, endilikda shifoxonaga faqat kompartiya mahalliy qo‘mitasi roziligi bilan borish mumkin (favqulodda holatlardan tashqari). 

BBC odamlar tez yordam mashinasini uzoq kutishlariga to‘g‘ri kelgan vaziyatlardan xabardor – ayrimlar shifoxonaga yetib borish uchun xususiy avtotransportdan foydalanishga majbur bo‘lgan. 

Foto: ZHOU JIAJIA/VCG

Oxirgi vaqtda Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida oq kombinezon kiygan sog‘liqni saqlash xodimlari xonadonlarni dezinfeksiya qilayotgani tasvirlangan videolavhalar tez-tez paydo bo‘lmoqda. 

Shanghai Daily nashrining yozishicha, odatda bu egasida koronavirus aniqlangan xonadonlarga taalluqli. Biroq oshxona va hojatxona umumiy bo‘lgan eski dahalarda binolar to‘liq dezinfeksiya qilinadi. 

Oxirgi kunlarda ilgari qat’iy cheklovlar kiritilmagan ayrim rayonlar aholisi turarjoy majmualari atrofida baland to‘siqlar paydo bo‘lgani haqida xabar bermoqda. 

Qat’iy cheklovlarga qaramasdan, Shanhay hokimiyati shaharning teng yarim rayonlarida yashovchilar uylaridan erkin chiqishlari mumkinligini ta’kidlamoqda. 

Foto: CFOTO/FUTURE PUBLISHING

XXR raisi Si Tszinpin koronavirus bilan kasallanishni nolga tushirish strategiyasi tarafdori ekanini aytganidan bir necha kun o‘tgach Shanhayda qat’iy choralar joriy etildi. 

JSST rahbari Tedros Gebreysus bu siyosatning samarali ekanligiga shubha bildirdi. 

"Virus tarqalish dinamikasini hisobga oladigan bo‘lsak, bu o‘zini oqlaydi deb o‘ylamaymiz", - dedi Tedros.

Keyinroq Xitoy hukumati Weibo ijtimoiy tarmog‘ida JSST rahbarining bu bayonoti aks etgan videolavhani ko‘rish imkoniyatini chekladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy aholisining 90 foizga yaqini koronavirusga qarshi to‘liq emlangan. Biroq vaksinaning uchta dozasini yoshi 60dan oshgan aholining faqat 38 foizi olgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top