16:14 / 14.05.2022
27142
O‘zbekistondagi aviahalokatlar: To‘rtko‘lda Yak-40 nega qulab tushgandi?

1999 yil 26 avgust kuni Toshkentdan parvoz qilgan Yak-40 samolyoti To‘rtko‘l aeroportiga qo‘na olmay halokatga uchraydi. Ekipaj komandiri oddiy holda xatoga yo‘l qo‘yib, halokatga sababchi bo‘ladi. Oradan biroz o‘tib, To‘rtko‘l aeroporti o‘z faoliyatini to‘xtatadi.

O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi tarixida yigirmadan oshiq aviahalokatlar ro‘y bergan. Ularning asosiy qismi sobiq ittifoq davrida, bir nechtasi mustaqillik yillarida sodir bo‘lgan. Mustaqillik yillarida sodir bo‘lgan aviahalokatlar ham sobiq ittifoqda ishlab chiqarilgan eski samolyotlar bilan ro‘y bergan. Ana shulardan biri 1999 yilda To‘rtko‘l aeroporti yaqinida sodir bo‘lgan Yak-40 samolyotining halokati hisoblanadi.

O‘shanda Yak-40 samolyoti uchuvchilari To‘rtko‘l aeroportiga qo‘nish chog‘ida xatoga yo‘l qo‘yadi. Oqibatda samolyot aeroport chegarasidan chiqib ketib, qo‘shni hududga qulab tushadi. Bu hodisada ikki nafar yo‘lovchi halok bo‘ladi va yana bir qanchasi turli darajada tan jarohatlari oladi. Yak-40 esa yaroqsiz holga keladi.

Foto: Pinterest

Yak-40 samolyotlari

1960 yilda SSSR ministrlar soveti Il-12 va Il-14 samolyotlari o‘rniga zamonaviy samolyot ishlab chiqarish haqida qaror qabul qiladi. Shundan so‘ng Aleksandr Yakovlev boshchiligida konstruktorlik byurosi yangi samolyot loyihasi ustida ishlay boshlaydi. 1964 yilda loyiha tayyor bo‘ladi va unga Yak-40 deb nom berishadi. 1965 yilda Yak-40 ning ilk nusxasi ishlab chiqariladi. Samolyot sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tadi va uni ishlab chiqarishga ruxsat berishadi.

Foto: moscow-post.com

Mazkur samolyot qisqa masofalarga uchishga mo‘ljallangan bo‘lib, uning turli rusumlari 27 nafardan 40 nafargacha yo‘lovchi o‘rniga ega bo‘lgan. Samolyotga 3 nafar ekipaj a’zosi va bir nafar bort kuzatuvchi xizmat ko‘rsatgan.

Yak-40 samolyotlari olti ming metr balandlikkacha ko‘tarila olgan. Uning maksimal tezligi soatiga 546 kilometrni tashkil etsa-da, samolyot parvoz vaqtida soatiga 300-400 kilometr tezlikda uchgan. Yak-40 ixcham bo‘lgani uchun kichik aeroportlarga ham bemalol qo‘na olgan.

Yak-40 samolyotlaridan 1966-81-yillar oralig‘ida 1 000 donadan oshiq ishlab chiqarilgan. Mazkur samolyot texnik jihatdan ancha mukammal bo‘lgani uchun ularning bir qismi xorijga ham sotilgan. Sotsialistik mamlakatlar bilan birga uni dunyoning turli qit’alaridagi ko‘plab davlatlar ham sotib olgan.

Foto: the-ec-way.com

Jumladan, Italiya, GFR, Fransiya, Shvetsiya kabi Yevropa davlatlari ham Yak-40 dan foydalanishgan. 1970-yillarda Yak-40 ning narxi turli rusumlariga qarab 3,5-4 million dollar atrofida bo‘lgan.

Yak-40 samolyotlarini ishlab chiqarish 1981 yilda to‘xtatilgan. Shunday bo‘lsa-da, ayrim davlatlarda bu rusumdagi samolyotlardan turli maqsadlarda hamon foydalanishmoqda.

Parvoz va halokat

1999 yil 26 avgust kuni To‘rtko‘lda halokatga uchragan Yak-40 1973 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasida 26 yil xizmat qilgan edi. O‘sha kuni ertalab samolyot 4 nafar ekipaj a’zosi va 29 nafar yo‘lovchi bilan Toshkent aeroportidan parvoz qiladi. To‘rtko‘l shahriga yetib borguncha Yak-40 da hech qanday texnik muammo kelib chiqmaydi.

Foto: Avsim.su

Samolyot To‘rtko‘l aeroportiga qo‘nish chog‘ida uchuvchilar uchish-qo‘nish yo‘lagiga tushishda xatolikka yo‘l qo‘yishadi. Ular aylanib olishda va tezlikni pasaytirishda mo‘ljalni noto‘g‘ri olishadi. Oqibatda samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan o‘tib, aeroport hududidan chiqib ketadi va qulab tushadi.

Halokat oqibatda ikki nafar yo‘lovchi halok bo‘ladi. Yana bir necha yo‘lovchi turli darajada tan jarohatlari oladi. Yak-40 yaroqsiz holga keladi. Hodisadan ko‘p o‘tmay To‘rtko‘l aeroporti ham o‘z faoliyatini to‘xtatadi.  

Rasmiy xulosa

Yak-40 qulab tushgandan so‘ng tuzilgan maxsus komissiya hodisa sabablarini o‘rganib, o‘z xulosalarini beradi. Unga ko‘ra halokatga uchuvchilarning qo‘nish chog‘ida mo‘ljalni to‘g‘ri ololmagani va tezlikni o‘z vaqtida pasaytirmagani sabab bo‘lgani ko‘rsatiladi.

Samolyot qo‘nish uchun To‘rtko‘l aeroportiga yaqinlashganda ekipaj komandiri uchish-qo‘nish yo‘lagiga mo‘ljalni noto‘g‘ri oladi. Samolyotning tezligi ham belgilangandan yuqori bo‘ladi. Holat radarda ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, dispetcher ham unga e’tibor bermaydi va uchuvchilarga 500 metrgacha pastlashga ruxsat beradi.

Shundan so‘ng ekipaj samolyot uchib o‘tayotgan joyning aniq koordinatalarini bilmagan holda chapga burilib, uchish-qo‘nish yo‘lagi joylashgan yerdan chetroqqa tusha boshlaydi. O‘sha paytda samolyotning tezligi soatiga 170-200 kilometr o‘rniga 250 kilometr bo‘lgan.

Samolyot 500 metr balandlikkacha pastlaganida uchish-qo‘nish yo‘lagiga 4 kilometr masofa qolgandi. Ekipaj a’zolari samolyotning uchish-qo‘nish yo‘lagiga nisbatan noto‘g‘ri yo‘nalishda pastlayotganini ko‘rib turardi. Ana shu paytda ekipaj komandiri tepaga ko‘tarilib, ikkinchi marta aylantirib kelish o‘rniga samolyotni keskin pasaytirishda davom etadi.

Bortmexanik va ikkinchi uchuvchi ekipaj komandiriga samolyotni tepaga ko‘tarish va ikkinchi marta aylanib kelib qo‘nishni maslahat berishadi. Ammo u o‘jarlik qilib turib oladi va samolyot pastlashda davom etadi.

Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagining boshlanish qismiga yetganida soatiga 250 kilometr tezlikda yerdan 4-7 metr balandlikda uchayotgandi. Shu paytda uchuvchi tezlikni pasaytiradi. Samolyotning tezligi soatiga 160 kilometrga tushadi. Ammo shunda ham belgilangan mo‘ljalga qo‘na olmasligi ma’lum bo‘ladi.

Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagining boshlanish chegarasidan 965 metr o‘tib ketganidan so‘ng ekipaj komandiri tepaga ko‘tarilib, qayta aylanib kelib qo‘nishga qaror qiladi. Ammo endi kech bo‘lgandi.

Ekipaj komandiri soatiga 160 kilometr tezlikda yer sathidan bor-yo‘g‘i 4-7 metr balandlikda uchayotgan samolyotni tepaga ko‘tarishga ulgurmaydi. Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan 2 kilometr o‘tib ketib, aeroportga qo‘shni bo‘lgan hududda avvaliga elektr tarmoqlariga so‘ng daraxtlarga urilib, qulab tushadi. So‘ng fyuzelyaj yerda 130 metrgacha sirpanib boradi va tepalikka urilib to‘xtaydi.

Halokatga uchragan boshqa Yak-40 samolyotlari

Yak-40 samolyotlaridan foydalana boshlangandan keyin bu turdagi ko‘plab samolyotlar halokatga uchragan. Ilk halokat 1970 yil 3 sentabr kuni Tojikistonning Xo‘jand shahri yaqinida, so‘nggisi esa 2015 yil 22 avgust kuni Rossiyaning Qozon shahri yaqinida sodir bo‘lgan.

Vikipediya ma’lumotlariga ko‘ra, 1970-2015 yillar oralig‘ida turli davlatlarga tegishli bo‘lgan 107 ta Yak-40 samolyotlari halokatga uchragan.

Ular orasida O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasiga tegishli bir nechta Yak-40 samolyotlari ham bor. Jumladan, sobiq ittifoq davrida 1974 yil 14 dekabr kuni Buxoroda, 1987 yil 13 yanvarda Toshkentda Yak-40 samolyotlari halokatga uchragan.

Mustaqillikdan keyin esa «O‘zbekiston havo yo‘llari»ga qarashli uchta Yak-40 halokatga uchragan. Bular – 199 yil 26 avgust kuni To‘rtko‘lda, 2003 yil 9 aprel kuni Urganchda, 2004 yil 13 yanvar kuni Toshkentda sodir bo‘lgan.

O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasida sodir bo‘lgan Yak-40 samolyotlarining halokatlariga aksariyat hollarda uchuvchilarning qo‘pol xatolari sabab bo‘lgan. Masalan, To‘rtko‘l hamda 2004 yilda Toshkentda sodir bo‘lgan halokatlar juda o‘xshash bo‘lgan. Har ikkalasida ham uchuvchilar uchish-qo‘nish yo‘lagiga tushishda mo‘ljalni noto‘g‘ri olishgan. Oqibatda har ikki holatda ham samolyotlar aeroport hududidan chiqib ketib, halokatga uchragan. 2003 yilda Urganchda halokatga uchragan Yak-40 ning esa dvigatelida nosozlik yuz bergan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top