10:52 / 14.05.2022
27518
Respublikachi senator Ukrainaga tezkor yordamni to‘xtatib qo‘ydi. Jon Makkeyn uni «Putinga ishlashda» ayblagandi
Rend Pol Foto: Reuters

AQSh prezidenti Rossiya hujumidan himoyalanayotgan Ukrainaga moddiy va harbiy yordamni tezlashtirish maqsadida lend-liz to‘g‘risida qonunni imzolagandi. Qonunga ko‘ra, AQShda tezlashtirilgan tartibda Ukrainaga 40 milliard dollar yordam ajratishga qaror qilindi. Ammo bu yordam kutilmaganda tasdiqlanmay qoldi.

Kentukki shtatidan saylangan senator Rend Pol Ukrainaga ajratilishi belgilangan 40 milliard dollar miqdoridagi yordamni to‘xtatib qo‘ydi. Bu oxirgi 10 yillikda butun AQSh hukumati tomonidan ajratilgan eng katta yordam paketi hisoblanadi. Odatda AQSh Kongressida respublikachi va demokratlar yetakchilari bunday yirik kelishuvlarda birdamlik ko‘rsatishi noodatiy holat. Ammo Ukrainaga yordam masalasida ikki partiya vakillari ham favqulodda hamfikrlik ko‘rsatib, yordam yuborishni ma’qulladi. Faqat bir senatordan tashqari.

Payshanba kuni o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida Senatdagi respublikachilar vakili bo‘lmish Rend Pol yordam paketini bir o‘zi to‘xtatib qo‘ydi. Bu senator ko‘p marta AQShning boshqa davlatlarga yordamini qo‘llamagan, yoppa birdamlik kuzatilgan holatlarda esa yolg‘iz o‘zi qarorlarga qarshi chiqishni xush ko‘radi. Bayden prezident bo‘lishini xato deb ataydi, hamon do‘sti Trampni maqtab keladi.

Polning fikricha, ajratilayotgan pullar sarfi AQSh tomonidan nazorat qilinishi qonunchilikda mustahkamlanishi shart. «Hech qanday nazoratsiz 40 milliard dollarni havoga uchirib bo‘lmaydi. Biz Afg‘onistonda shunday qilayotgandik. Maxsus inspektor yuboriladigan pullarni to‘xtatib qo‘ya olmagan bo‘lsa ham, ularni o‘marishni istaganlarni bu ishni qilishdan avval yaxshigina o‘ylab olishga majbur qilgandi», degan senator.

Rend Polning aytishicha, u faqat amerikaliklar oldida javob beradi, boshqa biror davlat oldida emas: «Men AQSh konstitutsiyasiga qasam ichganman, qandaydir boshqa davlatga emas. Holatni tushunib turgan bo‘lsam-da, AQSh milliy xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘yaman. Ukraina o‘z hududidan rus askarlarini chiqarib yuborishga intilayotganini qo‘llayman, ammo Ukrainani Amerika iqtisodiyotini barbod qilgan holda qutqara olmaymiz. Mart oyida inflatsiya oxirgi 40 yildagi eng yuqori darajaga chiqdi, benzin 48 foiz, energiya narxi 32 foiz ko‘tarildi», deb izohlagan senator o‘z pozitsiyasini.

Senator Polning bu demarshi hamkasblari orasida noroziliklar keltirib chiqardi. Senatdagi ko‘plar yetakchisi Chak Shumerning aytishicha, senator Pol bu qaysarligi bilan Ukrainaga zarur bo‘lgan yordamni ortga surmoqda: «Senator bu qaysarligi bilan Ukrainaga zarur bo‘lgan yordamni faqat kechiktiradi xolos, uni to‘xtata olmaydi. Yordam paketi qabul qilinishga tayyor holatda turibdi, har ikki partiyadagi ko‘pchilik senatorlar bunga rozi», dedi Shumer.

«Ukraina bizdan bu urushda ishtirok etishni emas, bema’ni bosqindan o‘zini himoya qilish uchun kerakli resurslarni so‘ramoqda xolos. Va ularga bu yordam hozir kerak», degan Kentukkidan saylangan yana bir respublikachi senator Mitch Makkonnell.

Senator Rend Pol bu yordam paketini Ukraina uchun sovg‘a deb atagan. Uning ta’kidlashicha, bu yordam ham yuborilsa, AQSh Ukrainaga Rossiyaning bir yillik harbiy budjetidan ko‘proq yordam bergan bo‘ladi.

Yordam yuborish kamida bir haftaga kechikdi

Qizig‘i, yordam paketi tuzilayotganda e’tirozlarini oshkor qilmagan kentukkilik senator Pol qonun qabul qilishga oxirgi daqiqalarda qarshilik qilgan va unga tuzatish kiritmoqchi ekanini aytgan. Aprel oyida Bayden Kongressdan Ukrainaga yordam uchun 33 milliard dollar so‘ragandi. Qonunchilar esa yordam miqdorini 40 milliard dollargacha ko‘tarishga qaror qilishdi.

Vakillar palatasi yordam paketini katta ustunlik bilan tasdiqladi. Loyihani 368 kishi qo‘llagan, 57 kishi qarshi chiqqan. Qarshi chiqqanlar respublikachilar bo‘lgan. Rend Pol loyihaga qarshi chiqqani sabab endi senatorlar uni tezlashtirilgan tartibda emas, oddiy tartibda ko‘rib chiqadi. Bu esa vaqt oladi.

Hujjat imzolanishi kechikkani Bayden administratsiyasida muammolar tug‘diradi, chunki ularning rejalari yordam tezlashtirilgan tartibda yuborilishiga mo‘ljallangan, ichkarida muammo bo‘lmasligi kutilgandi. Shunga qaramay, administratsiya hisobida Kongress ruxsatisiz Ukrainaga yuborish mumkin bo‘lgan zaxiralar mavjud. Ular 19 maygacha yetishi kutilmoqda.

Rend Pol kim? Uning Rossiya bilan yaqinligi aytiladi

Respublikachi senator Rend Polning Rossiya bilan munosabatlari haqida anchadan buyon gapirishadi. Bu senator Rossiyaga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunni ham oxirgi daqiqalarda to‘xtatib qolgandi. Bu galgi muhokamada senator Pol Kentukkidan saylangan do‘sti, yana bir respublikachi Mitch Makkonnell bilan ham tortishib qoldi. Makkonnell bu yordamni tezda yuborish AQShning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi qat’iy ekanini ko‘rsatishi va loyiha majlisning o‘zida tasdiqlanishi kerakligini aytdi.

Senator Makkonnell senator Polning e’tiroziga qarshi chiqib, uning qarori bo‘yicha ovoz berish jarayonini o‘tkazishni taklif qildi. Katta ehtimol yutqazishini taxmin qilgan Rend Pol esa bu taklifni qabul qilmagan.

«Putinning manfaatiga xizmat qilyapsiz»

Rend Pol AQSh qonunchilari yirik loyihalarni muhokama qilganda muhim senatorlardan bo‘lgan. U ko‘p holatlarda Rossiya manfaatiga zid bo‘lgan qonunlarga qarshi bo‘lgani uchun turli gap-so‘zlarga qolgan. Masalan, Suriyaga qo‘shin kiritish masalasida. Keyinroq 2017 yil senator Pol Chernogoriya NATOga kirishiga qarshi bo‘lib chiqadi. Bu borada muhokamada ishtirok etayotgan Rossiyaga qarshi pozitsiyasi bilan tanilgan marhum senator Jon Makkeyn kentukkilik Rend Polga qarab: «Qilayotgan ishingiz bilan Putinning manfaatiga xizmat qilyapsiz», deydi. Bunga javoban senator Pol zaldan chiqib ketadi.

Keyinchalik Rend Pol arizonalik senator Makkeynni bu gapi uchun esi og‘ib qolgan deydi. Chernogoriya esa baribir 29-a’zo bo‘lib NATOga kiradi. 3 yil o‘tib mintaqadagi yana bir davlat Shimoliy Makedoniya alyansning 30-a’zosiga aylanadi.

Respublikachi Rend Pol sobiq prezident Donald Trampning oshnasi va azaliy tarafdori hisoblanadi. Aynan shu senator Kongress Kapitoliy voqealaridan keyin Trampga impichment e’lon qilmoqchi bo‘lganda, bu ishga ham qarshi chiqqan.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach ham Rend Pol o‘zini g‘alati tuta boshladi. AQShda Ukrainaga yordam berish masalasida yuqori doira vakillari o‘rtasida muhokama o‘tkazildi. Unda davlat kotibi Entoni Blinken va senator Pol tortishib qoladi. Senator Pol Rossiya bir vaqtlar o‘z hududi bo‘lgan davlatga hujum qilganini aytadi. Blinken esa Moldova hamda Gruziya-chi, deb so‘raydi. Bu ham SSSRga tegishli bo‘lgan yerlar, NATO a’zolari emas, deydi Kentukkidan saylangan senator. «Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi to‘g‘ri emas, lekin bunda tegishli sabablar bor. Ukraina bir vaqtlar SSSR tarkibiga kirgan», degandi Ukraina NATOga kirishiga qarshi bo‘lgan senator Pol. Blinken bu mantiqni qabul qilib bo‘lmasligini aytadi.

2016 yil Rend Pol Moskvaga borgan AQSh delegatsiyasiga rahbarlik qiladi. O‘shanda senator Putinga Trampdan maxfiy xat olib borgan degan mish-mishlar ham tarqalgan. Rossiya davlat propagandasiga xizmat qiluvchi OAVlarda Rend Pol haqida favqulodda tez-tez xabarlar chiqishi ham G‘arb matbuotida tilga olinadi.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top