15:33 / 20.05.2022
5870

Termiz davlat universitetida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi

2022 yil 19-21 may kunlari Termiz davlat universitetida O‘zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda akademik A.G‘.G‘aniyev va akademik N.A.Parpiyev xotirasiga bag‘ishlangan «Kompleks birikmalar kimyosi va analitik kimyo fanlarining dolzarb muammolari» nomli Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Termiz davlat universiteti matbuot xizmati

Xorijiy olimlar ishtirokidagi konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti, Bioorganik kimyo instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ, O‘zbekiston–Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti kabi respublikamiz ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birga xorijiy ilmiy markazlar, jumladan Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Italiya va Rossiyaning yetakchi ilmiy markazlari olimlarining ma’ruzalari tinglandi.

Foto: Termiz davlat universiteti matbuot xizmati
Foto: Termiz davlat universiteti matbuot xizmati

Konferensiyani Termiz davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Rasul To‘rayev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Ochilish marosimi Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Safarovning tabrik so‘zi bilan davom etdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi S.Negmatov va professor H.Sharipovlar samimiy tabrik so‘zlari bilan tabriklashdi.

Foto: Termiz davlat universiteti matbuot xizmati
Foto: Termiz davlat universiteti matbuot xizmati

Konferensiya yalpi majlisida tarkibida azot, fosfor, oltingugurt bo‘lgan immobillangan ligandlarning nodir metallar bilan koordinatsion birikmalari, aralash ligandli ikki yadroli metallokomplekslar sintezi va tadqiqoti, platinoidlarning eritmalarda kompleks hosil qilish mexanizmi, sanoat ikkilamchi xomashyosi asosida kationitlar sintezi, nanokompozit elektrodlarni ishlab chiqarish va qo‘llash, zaharli va portlovchi gazlarni aniqlovchi yarimo‘tkazgichli sensorlar yaratish, ekologik xavfsiz bioaktiv birikmalar-atranlar ishlab chiqish va tadqiq qilish, oldindan ishlov berish jarayonini optimallashtirish: sintetik va tabiiy koagulyantlarga e’tibor qaratgan holda koagulyatsiya va flokulyatsiya, biosensor qurilmalarida kremniy organik hosilalari asosidagi oksidlanish-qaytarilish faol polimerlardan foydalanish nomli yangi ilmiy ma’ruzalar tinglandi.

Foto: Termiz davlat universiteti matbuot xizmati

Bu kabi ma’ruzalar kimyo fanining hozirgi va kelgusidagi taraqqiyoti uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi. Bahs-munozaralarda respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan kimyogar olimlar va tadqiqotchilar jonli va onlayn shaklda bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Foto: Termiz davlat universiteti matbuot xizmati

Kimyo sohasidagi bunday nufuzli tadbirning Termiz davlat universitetida o‘tkazilishi bejiz emas. So‘nggi besh yilda Kimyo fakultetida 19 ta dissertatsiya himoyalari amalga oshirildi. 12 ta ilmiy unvonlar tasdiqlandi. 2022 yilda 6 nafar tadqiqotchi dissertatsiya himoyalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Hozirda fakultetda 3 ta fan doktori, professor, 12 ta fan nomzodi, falsafa doktori (PhD), dotsent faoliyat yuritishmoqda. 3 ta ixtisoslik bo‘yicha 2 ta ilmiy darajalar himoya qilinadigan ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda. Ilmiy-tadqiqot sohalari bo‘yicha amaliy va innovatsion loyihalar ustida ish olib borilmoqda.

 

Termiz davlat universiteti matbuot xizmati Ⓣ

Top