12:14 / 23.05.2022
33950

Maymun chechagi: Tez yuqmaydigan va o‘lim ko‘rsatkichi past kasallik nega dunyoni xavotirga solmoqda?

So‘nggi kunlarda “Maymun chechagi” atamasi yangiliklarda tez-tez uchraydigan bo‘lib qoldi. Afrikada muntazam uchraydigan bu kasallik Yevropaning bir necha davlatida qayd etilishi JSST tezkor yig‘ilishi chaqirilishiga ham sabab bo‘ldi. Koronavirusdan endi qutulaman deb turgan odamzod yangi xavfga duchor bo‘lganiga oid gap-so‘zlar qanchalik haqiqat?

Virus tarixi

Maymun chechagi nomini olgan bu kasallik katta ehtimol bilan tabiatda azaldan bo‘lgan. Lekin ilk bor 1958 yilda Daniyadagi laboratoriya maymunlaridan ajratib olingan va shu nomni olgan. Odamda esa birinchi marta 1970 yilda Kongoda qayd qilingan va shundan so‘ng Afrika hududida muntazam uchrab turgan. 1981–1986 yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra hududda jami 338 holat qayd etiladi va 33 ta o‘lim holati yuz beradi (9,8 foiz). 1991–1999 yillar oralig‘ida yana 511 ta holat ro‘yxatga olinadi.

AQShda 2003 yilda zoodo‘kondagi kemiruvchi hayvonni o‘ynagan bolada qayd etiladi va shu yilning o‘zida yana 71 kishida bu kasallik kuzatiladi. Ularning aksariyati Ganadan olib kelingan kalamushlarni xarid qilganlar edi. Vaqtida ko‘rilgan choralar natijasida kasallik tarqalishining oldi olinadi, bemorlar orasida o‘lim holati qayd etilmaydi.

Tarqalish – 2022

Bu kasallik Afrika qit’asining uzoq hududlari uchun odatiy bo‘lsa-da, 2022 yilga kelib Yevropada qayd etilgani va boshqa davlatlarda ham uchray boshlagani kutilmagan hol bo‘ldi. Maymun chechagi kasalligi Italiya, Britaniya, Ispaniya, Belgiya, Fransiya, Shvetsiya, Avstraliya va Kanadada aniqlandi. BAAda kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rish boshlandi. Boshqa davlatlar ham ehtimoliy tarqalish oldini olishga kirishdilar. Koronavirus pandemiyasidan keyin har qanday yuqumli kasallikka nisbatan hadik paydo bo‘lgani tufayli ko‘pchilikning diqqat-eʼtibori maymun chechagiga qaratildi. Belgiya hatto bu kasallikka chalinganlarni 21 kunlik karantinga olishini e’lon qildi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 21 mayga kelib, dunyoda bo‘yicha bu kasallikning 90 ga yaqin tasdiqlangan holatlari qayd etilgan. Yana 30 ga yaqin odam ushbu kasallikka chalinganlikda gumon qilinmoqda. Bu kasallik yoki asoratlari tufayli o‘lim holatlari kuzatilmagan.

Kimlar duchor bo‘lmoqda?

Yevropadagi ilk holat joriy yilning 7 mayida Buyuk Britaniyaning Nigeriyaga borib qaytgan ikki fuqarosida qayd etildi. Keyinchalik boshqa davlatlarda, qit’alarda, jumladan Yevropaga borib kelgan sayyohlarda ham uchray boshladi. Kasallanganlarning aksariyati 20–40 yosh orasidagi erkaklar edi. Bu yerda yana bir muhim va nozik jihat bor – 9 holatning 6 tasida kasallanganlar besoqolbozlar bo‘lishgan.

Kasallikning ayni davrdagi yuqishi bo‘yicha yakuniy xulosalarga kelinmagan. Chunki uning uzoq vaqtdan beri o‘rganilgan yuqish yo‘llari, ya’ni bemor yoki infeksiya tashuvchi hayvon bilan yaqin kontaktda bo‘lish, ko‘z shilliq qavatlari, nafas yo‘llari va zararlangan teri orqali virus o‘tishi bugungi davr voqeligiga mos kelmay qoldi. Hozir britaniyalik olimlar virus jinsiy aloqa yo‘li bilan ham yuqishini isbotlagan va bugun mana shu yo‘l o‘rganish hamda zarur choralarni ko‘rish uchun eng ustuvor bo‘lib turibdi. Ammo jinsiy aloqa bilan o‘tish ham zaxm, gonoreya kabi kasalliklar yuqishi singari odatdagidek kechmasligi hali chuqur tadqiqotlar zarurligini anglatadi.

Kechishi

Maymun chechagi hali ko‘pchilikni qamrab olmagan va o‘limlarga sabab bo‘lmagan bo‘lsa-da, mashhur bo‘la oldi. Koronavirus pandemiyasi tufayli har qanday virusga nisbatan qo‘rquv o‘z ishini qildi. Bu kasallik asosan teri va shilliq qavatlarni zararlash bilan kechadi hamda elementar choralar ko‘rish bilan ham davolanib ketish mumkin.

Lekin xavotirlarda ham jon bor. Maymun chechagi ham odamzodni dahshatga solgan chin chechak kasalligi bilan bir oiladagi Poxviridae viruslar tarkibiga kiradi. Chin chechak o‘rta asrlarda insoniyatga chin ma’noda qirg‘in solgan va unga chalinganlar 20 foizdan 90 foizgacha o‘lim topishgan. Tibbiyot faqat emlash orqali bu kasallikni jilovlay oldi. Maymun chechagi tarqalishida yaxshi xabar shuki, chin chechakka olingan vaksinalar bu virusga qarshi ham samarali. Yomon xabar esa kasallik yo‘q qilingani sabab chin chechakka qarshi emlash to‘xtatilgan.

Kasallik yuqori harorat, bosh og‘rig‘i, bel va mushaklardagi og‘riq va yuqori holsizlik bilan kechadi. Harorat tushishi bilan avval yuzda, so‘ng badanda va nihoyat qo‘l-oyoqlarda toshmalar paydo bo‘ladi hamda ular qattiq qichiydi. Shishlar asta-sekin quriydi, ammo chandiq qoldiradi. Kasallik odatda 2-3 hafta davom etadi va ko‘p hollarda o‘zi o‘tib ketadi.

Mutatsiya xavfi

Zamonaviy viruslar darhol diqqatni tortib xavotirga solayotganining asosiy sababi ham tezkor mutatsiyadir. Cho‘chqa, parranda grippi, koronavirus ham mutatsiyalanishi tufayli tibbiyotni dog‘da qoldirgandi. Bu holat maymun chechagida ham kuzatilishi hech gap emas.

Ayni paytda maymun chechagining ikki asosiy shtammi aniqlangan – Markaziy Afrika va G‘arbiy Afrika shtammlari. Britaniyaga Nigeriyadan qaytgan ilk bemorlar nisbatan yengil kechuvchi G‘arbiy Afrika shtammiga chalingani taxmin qilinmoqda. Chunki bu shtammda Afrikaning og‘ir hududlarida ham o‘lim ko‘rsatkichi 1 foizdan oshmagan. Bu yaxshi xabar bo‘lsa-da, oldinda og‘ir kechuvchi Markaziy Afrika shtammi ham kutib turgan bo‘lishi mumkinligini bildiradi. Hozircha yangi shtammlar qayd etilmagan.

Pandemiya xavfi yoki farmbiznesning navbatdagi o‘yini?

Pandemiya xavfi yo‘qligi aniq. Chunki maymun chechagi koronavirus singari yangi va yuqishi tezkor kasallik emas. Shu bilan birga, koronavirusga qarshi kurash hamon davom etmoqda va odamlar elementar profilaktikaga o‘rganishdi. Bu nafaqat maymun chechagi, balki boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishda ham qo‘l kelmoqda.

Gigant kompaniyalarning dori savdosini oshirish bo‘yicha harakatlariga oid isbotlangan fakt yo‘q. Lekin har qanday epidemiya yoki pandemiya ularning cho‘ntagini to‘ldirishi aniq. Odam bu tuzoqqa tushmasligi uchun o‘zini ehtiyot qilishi lozim, chunki kasallik yuqish yo‘llari tushunarli.

O‘zbekistonda...

Mamlakatimizda maymun chechagi qayd etilmagan. Ammo bu ehtiyotkorlikni susaytirish mumkinligini anglatmaydi. Chegaralar ochiq, ikki yil davomida yopiq bo‘lgan yo‘nalishlar, qatnovlar deyarli butunlay tiklandi. Endi ularni qayta yopish amalda imkonsiz va samara bermaydi ham. Yagona chora – profilaktika.

Abror Zohidov

Mavzuga oid
Top