20:32 / 23.05.2022
11547
«Sportchilarni tayyorlash 30 yil oldingi dasturlar asosida amalga oshirilmoqda» - Shavkat Mirziyoyev

Sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 may kuni sportni ommalashtirish va iqtidorli sportchilarni tayyorlash chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda umumrespublika sport musobaqalari «tuman—viloyat—respublika» zanjiri asosida tashkil etilishi belgilandi.

Bundan buyon:

  • birlamchi saralash bosqichidan o‘tmagan sportchilar viloyat va respublika bosqichida ishtirok etmaydi;
  • milliy terma jamoalarga barcha bosqich musobaqalarida ishtirok etib g‘olib yoki sovrindor bo‘lgan yoshlar saralab olinadi;
  • har yili mahalla va muassasalar jamoalari ishtirokida ko‘p bosqichli Hokim kubogi tashkil qilinadi.

Xalqaro tajriba va standartlar asosida sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar o‘tkazish tartibi ishlab chiqiladi.

Prezident sport sohasidagi ilmiy salohiyatning amaldagi holati ham talab darajasida emasligini tanqid qildi.

«Birorta sport turi bo‘yicha mahalliy olimlar tomonidan na metodika, na dastur ishlab chiqilgan. Sport diyetologiyasi, farmakologiyasi, psixologiyasi, sport muhandisligi, kardiomashg‘ulotlar bo‘yicha bizda umuman mutaxassislar tayyorlanmaydi. Bugungi kunda sportchilarni tayyorlash 30 yil oldingi dasturlar asosida amalga oshirilmoqda», deydi davlat rahbari.

Jismoniy tarbiya va sport universiteti, respublika malaka oshirish hamda sport ilmiy-tadqiqot institutlarining roli umuman sezilmayotgani qayd etildi.

Shu bois mutasaddilarga:

  • olimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni jismoniy va ruhiy tayyorlash, ularni sog‘lom ovqatlantirish dasturlarini ishlab chiqish;
  • kelgusi o‘quv yilidan boshlab Jismoniy tarbiya va sport universitetida sport diyetologiyasi, muhandisligi va kardiomashg‘ulotlar, Tibbiyot akademiyasida sport meditsinasi va farmakologiyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
  • yiliga kamida 20 nafar mahalliy trener, sport shifokori va boshqa mutaxassislarni xorijda malaka oshirish tizimini joriy etish;
  • Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, uni takomillashtirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

Yig‘ilishda sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.

Unga ko‘ra, endi har bir mahallada aprel-iyun va sentabr-dekabr oylarida musobaqalar tashkil etilib, yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar elektron ro‘yxatga kiritiladi hamda hududdagi sport maktabida malakali murabbiylar bilan bepul shug‘ullanish imkoniga ega bo‘ladi. Ular jismoniy tayyorgarlik darajasi va razryadiga qarab, keyingi bosqichga o‘tkaziladi. Sport maktablari muayyan olimpiya sport turlari bo‘yicha bazaga aylantiriladi. Murabbiylarning ish haqi 35 foizga oshiriladi.  

Mutasaddilarga ushbu tizimni joriy etib, yaxshi natija ko‘rsatgan mahallalarni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Yil yakunigacha 508 ta mahallada ko‘p funksiyali sport maydonchalari qurilishi qayd etildi.

Bugungi kunda Olimpiya zaxiralari kollejlariga 14 yoshdan katta o‘smirlar qabul qilinmoqda. Oqibatda yoshlarni Olimpiya o‘yinlariga tayyorlash kech boshlanayapti.

Shu bois, bu borada rivojlangan davlatlardagi ilg‘or tajribalar o‘rganildi. Endi u asosida sportchilarni professional tayyorlash tizimi isloh qilinadi. Ya’ni bu sohadagi kollejlar Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sifatida tashkil etiladi. Bu markazlar 5-9-sinflar uchun Olimpiya maktabi, 10-11-sinflar hamda 1-2-kurslar uchun Olimpiya va paralimpiya kolleji bo‘lib xizmat qiladi.

Sportni rivojlantirish vazirligi huzurida ilg‘or trener va xorijiy ekspertlardan iborat Murabbiylar kengashi tuzilib, musobaqalarda eng yuqori natijaga erishgan yoshlarni kollejlarga saralab oladi. Kollej bitiruvchilari esa kelgusida Oliy sport mahorati institutiga qabul qilinadi. Shu tariqa, professional sportchilar tayyorlashning uzluksiz tizimi yaratiladi.

Sportni rivojlantirish vazirligiga 20 ta istiqbolli olimpiya turini belgilab, ular bo‘yicha hududiy «tayanch baza»larni tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Sohadagi ilmiy salohiyat ham talab darajasida emasligi aytildi. Mahalliy olimlar tomonidan birorta sport turi bo‘yicha na metodika, na dastur ishlab chiqilgan. Bugungi kunda sportchilarni tayyorlash 30 yil oldingi dasturlar asosida amalga oshirilmoqda. Sport diyetologiyasi, farmakologiyasi, psixologiyasi, sport muhandisligi, kardio-mashg‘ulotlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmayapti.

Shu bois, olimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni jismoniy va ruhiy tayyorlash, sog‘lom ovqatlantirish dasturlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab Jismoniy tarbiya va sport universitetida sport diyetologiyasi, muhandisligi va kardio-mashg‘ulotlar, Tibbiyot akademiyasida sport meditsinasi va farmakologiyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar va hokimlar axborot berdi.

Top