Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarovning hibsda payti qabul qilingan qaror va farmoyishlar bekor qilindi.

Avvalroq Kun.uz xabar berganidek, sobiq hokim 6 iyun kuni qo‘lga olinib, 7 iyunda sud ajrimi bilan qamoqqa olingan, shu ikki kun davomida u tomonidan imzolangan deya ko‘rsatilgan 26ta hujjat “E-qaror” tizimiga joylashtirilgan.
Adliya organining qayd etishicha, 6 iyun kuni soat 9:43 va 21:18 oralig‘ida hamda 7 iyun kuni 18:10 va 21:07 oralig‘ida hokimlik devonxonasi mudiri S.Qodirjonov hokim Haydarovga tegishli elektron raqamli imzodan foydalangan holda “E-qaror” platformasida 26 ta qaror va farmoyishni imzolaganligi va Haydarovning “E-qaror” elektron tizimidagi shaxsiy kabineti “Uzinfocom” MChJ mutaxassislari tomonidan bloklanganligi xabar qilingan edi.
Andijon shahriga tayinlangan yangi hokim G‘ofurjon Abdurahmonovning ilk imzo qo‘ygan qaroriga asosan 6 va 7 iyun kunlari qabul qilgan qaror va farmoyishlar bekor qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Bahrom Haydarov Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i sifatida jinoiy sheriklari bilan budjetning 48 mlrd so‘mini talon-toroj qilishda gumonlanyapti.
6-7 iyun kunlari uning nomidan 26ta hujjat imzolangan bo‘lib, ulardan 19tasi – yer uchastkalarini onlayn auksionga chiqarish haqida.
14 iyun kuni esa xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida G‘ofurjon G‘ulomjanovich Abdurahmonov shaharning yangi hokimi etib tayinlangani e’lon qilingan edi.