O‘zbekiston | 12:34 / 09.06.2022
26578
2 daqiqa o‘qiladi

Haydarov hibsdaligi paytida 26ta hujjatni hokimlik xodimi imzolagani ma’lum bo‘ldi

Andijon shahri hokimligi devonxonasi mudiri hibsdagi hokimning elektron raqamli imzosi yordamida 26ta qaror va farmoyishga uning nomidan imzo chekkan. Viloyat adliya boshqarmasi holat yuzasidan prokuraturaga xabar berilishini ma’lum qildi.

Illyustrativ foto: Adliya vazirligi

Andijon shahri hokimi Bahrom Haydarovning 6 va 7 iyun kunlari qabul qilgan qaror va farmoyishlarning qonuniyligi o‘rganilmoqda. Bu haqda viloyat adliya boshqarmasi ma’lum qildi.

Avvalroq Kun.uz xabar berganidek, hokim 6 iyun kuni qo‘lga olinib, 7 iyunda sud ajrimi bilan qamoqqa olingan, shu ikki kun davomida u tomonidan imzolangan deya ko‘rsatilgan 26ta hujjat E-qaror tizimiga joylashtirilgan.

Adliya organining o‘rganishicha, 6 iyun kuni soat 9:43 va 21:18 oralig‘ida hamda 7 iyun kuni 18:10 va 21:07 oralig‘ida hokimlik devonxonasi mudiri S.Qodirjonov hokim Haydarovga tegishli elektron raqamli imzodan foydalangan holda “E-qaror” platformasida 26 ta qaror va farmoyishni imzolagan.

Adliya vazirligi ko‘rsatmasiga asosan, Haydarovning “E-qaror” elektron tizimidagi shaxsiy kabineti “Uzinfocom” MChJ mutaxassislari tomonidan bloklandi.

“Ushbu jarayonda hujjatlarni soxtalashtirish ehtimoli borligini inobatga olib, tegishli materiallar prokuratura organlariga yuboriladi. Har bir qabul qilingan qarorning qonuniyligi o‘rganib bo‘lmaguncha, ularni ijroga qaratish maqsadga muvofiq emasligi yuzasidan tegishli ijrochi organlarga xabarlar berildi”, – deyiladi Andijon viloyati adliya boshqarmasi axborotida.

Eslatib o‘tamiz, Bahrom Haydarov avvalgi lavozimi – Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i sifatida jinoiy sheriklari bilan budjetning 48 mlrd so‘mini talon-toroj qilishda gumonlanyapti.

6-7 iyun kunlari uning nomidan 26ta hujjat imzolangan bo‘lib, ulardan 19tasi – yer uchastkalarini onlayn auksionga chiqarish haqida. 7 iyun kungi prezident selektorida yer uchastkalarini onlayn auksionga chiqarishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berilgandi.

Ma’lumot uchun, Haydarov va boshqa gumondorlar ustidan ochilgan jinoyat ishi doirasida viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov ham qo‘lga olingan.

Mavzuga oid