21:13 / 04.07.2022
34425
Qoraqalpog‘istondagi qurbonlarning 4 nafari harbiylar bo‘lgani ma’lum qilindi

Milliy gvardiya qo‘mondoni, Qoraqalpog‘iston komendanti Rustam Jo‘rayev videomurojaat bilan chiqib, favqulodda holat davrida fuqarolarning o‘zini qanday tutishi lozimligi bo‘yicha tushuntirishlar berdi.

1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan tartibsizliklar oqibatida halok bo‘lgan 18 kishidan 4 nafari harbiy xizmatchilar bo‘lgan. Bu haqda Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev ma’lum qildi.

“Vafot etganlar qatorida xizmat burchini bajargan 4 nafar harbiy xizmatchi ham bor”, dedi Jo‘rayev 4 iyul kungi videomurojaatida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yana 14 nafar fuqaro tartibsizliklar sodir bo‘lgan joyda turli jarohatlar olib, vafot etishgan. Shulardan 13 nafari alkogol va giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lgani aniqlangan.

“Tergov ishlari davom etmoqda. Bu haqda keyinchalik batafsil ma’lumot beriladi”, dedi qo‘mondon.

Rustam Jo‘rayevga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 243 nafar fuqaro shifoxonalarga murojaat qilgan. Ularning 149 nafariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, muolajalarni uyida davom ettirishiga ruxsat berilgan. Hozirda kasalxonalarda jami 94 nafar bemor davolanmoqda. Jarohatlanganlar orasida huquq-tartibot idoralari xodimlari ham bor.

Qoraqalpog‘iston hududida 3 iyuldan 2 avgustgacha favqulodda holat joriy etilgan. Bu davrda soat 21:00 dan 7:00 gacha komendantlik soati amal qiladi. Komendant Rustam Jo‘rayev favqulodda holat davrida fuqarolarning o‘zini qanday tutishi lozimligi bo‘yicha tushuntirishlar berdi.

Uning aytishicha, hozirda Qoraqalpog‘istonda fuqarolar va transportlar harakati cheklangan, shahar va tumanlarga kirishda fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lishi shart. Shuningdek, ommaviy tadbirlar taqiqlangan.

“Bugundan boshlab, belgilangan vaqt davomida harakatlanish uchun tashkilotlar, mahalla yig‘inlarining so‘rovi asosida maxsus ruxsatnomalar tarqatilishi yo‘lga qo‘yildi.

Ruxsatnomalarni berish vakolati tuman/shahar ichki ishlar idoralarining boshliqlariga yuklatildi”, dedi Jo‘rayev.

Milliy gvardiya rahbariga ko‘ra, favqulodda holat e’lon qilinishi barcha hayot faoliyati to‘xtadi degani emas.

“Ertalab soat 7dan soat 21gacha bo‘lgan vaqt davomida fuqarolar bemalol piyoda va avtoulovda harakatlanishi mumkin. Lekin shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini yonida olib yurish tavsiya qilinadi.

Oilalarda o‘tkaziladigan marosimlar, mahallalarda tashkillashtiriladigan sport musobaqalari, vatanparvarlik ruhidagi tadbirlar, nuroniylar va yoshlar bilan uchrashuvlar joylardagi mahalla raislari, mahalliy hokimiyat idoralarining so‘rovi asosida komendant ruxsati bilan soat 21gacha o‘tkazilishi mumkin.

Komendantlik soati vaqtida fuqarolarning yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari va ruxsatnomasi bo‘lmagan taqdirda, patrul naryadi talabiga ko‘ra, qarshilik ko‘rsatmagan holda hududiy ichki ishlar idorasiga borishlari lozim.

Ushbu masalalar yuzasidan savollar bo‘lsa, Milliy gvardiyaga – 1215 qisqa raqamiga murojaat etishingiz mumkin”, – dedi Jo‘rayev.

General Rustam Jo‘rayev favqulodda holat davrida joriy etilgan cheklovlarni buzganlik uchun MJtKning 204- va 205-moddalariga asosan jarimalar va 30 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilanganini eslatdi.

“Favqulodda holat amal qilishi davrida choralar va talablarga rioya qilishingizni so‘raymiz. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tinch, osoyishta hayotimizga qaytishimizni ta’minlaydi”, – deya ta’kidladi Qoraqalpog‘iston komendanti.

Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top