Jahon | 08:20 / 28.11.2025
1929
4 daqiqa o‘qiladi

Oq uy yaqinidagi otishmadan so‘ng AQSh Milliy gvardiyasi xizmatchisi halok bo‘ldi

Vashingtondagi otishmada yaralangan milliy gvardiyachilardan biri vafot etgani haqida Tramp xabar berdi. Ikkinchi yaralangan harbiy esa «hayoti uchun kurashmoqda».

Foto: AP

AQSh Milliy gvardiyasi xizmatchisi Sara Bekstrom Vashingtonda Oq uy yaqinida ro‘y bergan otishma oqibatida olgan jarohatidan kasalxonada vafot etdi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba, 27 noyabr kuni mamlakat harbiy xizmatchilariga murojaat qilib ma’lum qildi. Uning nutqidan parchalarni AFP agentligi keltirmoqda.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, 20 yoshli Bekstrom — G‘arbiy Virjiniyadan bo‘lgan harbiy xizmatchi — o‘z xizmatini 2023 yil iyunida boshlagan. AQSh prezidenti halok bo‘lgan harbiyni «juda hurmatga sazovor va ajoyib inson» deb atadi.

Vashingtondagi otishmada yaralangan ikkinchi milliy gvardiyachi, 24 yoshli Endryu Vulf «o‘z hayoti uchun kurashmoqda» va «juda yomon ahvolda», deb qo‘shimcha qildi Tramp. Shu bilan birga, javob o‘qi natijasida jiddiy yaralangan qo‘lga olingan hujumchi haqida ma’lumot tilga olinmagan.

Milliy gvardiyachilar ishtirokidagi otishma Vashingtonda mahalliy vaqt bilan 26 oktyabr kuni kunduzi Oq uy yaqinidagi Farragut maydonida sodir bo‘lgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, erkak oldindan ogohlantirishsiz navbatda turgan harbiylarga o‘t ochgan.

Keyinroq darhol bir necha rasmiy shaxslar hujum qilgan shaxs — 29 yoshli Rahmonullo L. — 2021 yilda Afg‘onistondan AQShga kirib kelganini ma’lum qildi. U o‘sha yerda avval AQSh maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilgan. Shu tufayli u, Amerika qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketgani va mamlakatda hokimiyat «Tolibon» harakati qo‘liga o‘tganidan so‘ng, AQShga ko‘chib o‘tish huquqini qo‘lga kiritgan. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda gumonlanuvchi AQShdan boshpana so‘rab ariza topshirgan va 2025 yil boshida uni olgan.

Hodisa yuzasidan bayonot bilan chiqar ekan, Tramp Milliy gvardiya xizmatchilariga qilingan hujumni «terror akti» va «butun mamlakatga qarshi jinoyat» deb atadi. O‘z navbatida, FTR direktori Kesh Patel hozircha hujum motivlari haqida gapirishga erta ekanini, biroq tergov «terrorizm fakti bo‘yicha» olib borilayotganini ma’lum qildi.

O‘z murojaatida Tramp, shuningdek, Jo Bayden prezidentligi davrida Afg‘onistondan AQShga kirib kelgan barcha xorijiy fuqarolar qayta tekshiruvdan o‘tkazilishini aytdi. AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Amerika hokimiyati bu yerda «o‘rni yo‘q har qanday xorijlikni» chiqarib yuborish uchun «barcha zarur choralarni» ko‘radi.

OAV qayd etishicha, Rahmonullo L. tomonidan boshpana so‘rab berilgan ariza Tramp hokimiyatga qaytganidan keyingina, uning ma’muriyati tomonidan qondirilgan. Milliy gvardiyachilarga hujum qilguncha u qonunbuzar sifatida politsiya e’tiboriga tushmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid