17:30 / 05.07.2022
7395
“Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri” - Alisher Shodmonov
Foto: Gazeta.uz

Bugun O‘zbekistonda 130dan ortiq millat, elat va etnik guruhlarning vakillari yashaydi. Ularning har biri o‘z milliy-madaniy urf-odatlariga, an’analariga, tiliga, konstitutsiyaviy huquqiy tengliklariga ega. Ko‘p millatli davlatda millatlararo totuvlik ijtimoiy–siyosiy barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, millatlararo totuvlik turli millatga mansub bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida bir–biriga nisbatan ahil bo‘lishga, hurmat bilan qarashga da’vat etadi. Bu esa turli millat vakillarining bir-birlarini kamsitish yoki o‘zaro loqaydlik bilan qarashdek nosog‘lom illatlarning oldini oladi. Turli millat vakillarini o‘z mamlakati, Vatani oldida turgan ezgu maqsadlar sari safarbar etadi.

Shu kunlarda Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar har bir O‘zbekiston fuqarosini iztirobga soldi. Chunki o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari bir-biriga qon-qarindosh bo‘lib, bir zaminda inoq-ittifoq yashab kelgan. Axborot berilishicha, bu “uchinchi kuchlar”ning ishi bo‘lib, anchadan beri tayyorgarlik ko‘rilgan ekan. Albatta, bunday holatda sabr-toqat, vazminlik va aql bilan ish tutish, turli provokatsiyalarga berilmaslik va bo‘lib o‘tgan fojiadan to‘g‘ri xulosa chiqarish zarur. O‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikka raxna solishga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Biz bir zaminda yashab kelganmiz, bundan keyin ham ahillikda yashab, rivojlanib boramiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston xalqi va Jo‘qorg‘i Kenges deputatlariga murojaatida ta’kidlaganidek: “Barchamiz birgalikda Yangi O‘zbekiston va Yangi Qoraqalpog‘istonni albatta barpo etamiz”. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida xalqimizda olamga yangicha qarash shakllandi. Bu o‘zgartirishlar ortida aholi turmush tarzini yaxshilash, madaniy va milliy rivojlanishga shart-sharoit yaratish, ilm-fan takomillashuvidagi aniq harakatlarga asoslangan ezgu amallar mujassam. Yurtimizning har bir go‘shasida bo‘lgani kabi Qoraqalpog‘istonda ham ulkan o‘zgarishlar amalga oshirildi. “Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar bundan buyon ham albatta izchil sur’atlarda davom ettiriladi.

Chunki Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun o‘zbek xalqining baxti va farovonligidir”.

Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shodmonov

Top