22:21 / 07.07.2022
10631

“Eksport oshishi uchun agro-kooperativlar kerak” - Yorqinjon Malikov bilan suhbat

Kun.uz mamlakatga valuta oqimining katta qismini olib keluvchi soha vakillari – eksportchilar oldida turgan muammolar va ularning yechimlari haqida Eksportchilar uyushmasi raisi Yorqinjon Malikov va yosh eksportchi Akmaljon Annayev bilan suhbat uyushtirdi.

Dollar kursi yuqorilab ketishidan nima to‘sib turadi? Banklarga kelib tushadigan dollarlar. Aynan dollar tushumi yetarlicha bo‘lsa, talab-taklif muvozanatda bo‘lib turadi – talab ustun kelib qolib, kurs ko‘tarilib ketmaydi.

Tushumni nima ta’minlab turadi? Dollar tushumining salmoqli qismi – eksport. Xususan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti. Bu frontda ko‘rinmas jangchilar – eksportchilar. Aynan ular dehqon yetishtirgan mahsulotni avaylab, ming xil qiyinchiliklarni yengib, chet elga chiqarib sotib kelishadi, evaziga mamlakatga dollar olib kelishadi. Bu dollarlar banklarga kelib tushadi va... kursga ta’sir qiladi.

Bu eksportning faqat bitta foydasi, boshqa foydalari ham bor va ular beqiyos.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Bu ko‘rinmas jangchilarning faoliyati uchun keraklicha – ular jamiyatga keltirayotgan foydaga mos sharoit yaratilganmi? Yoki muammolar hali ko‘pmi? Garchi muammolar hali ko‘p bo‘lsa, ularni tezda yechish kerakdir?

Kun.uz O‘zbekiston eksportchilari uyumasi raisi Yorqinjon Malikov va bir yosh tadbirkor bilan eksportchilarni qiynayotgan muammolar borasida suhbat qildi.

— Eksportchimizning ramziy xarakteristikasini ta’riflab bersangiz. Hozirgi lahzada u o‘zini qanday his etyapti?

Eksport qiluvchi korxonalarda bilim darajasi o‘ta past – eksport o‘zi nimaligini hali to‘liq tushunib yetishmagan. Orqaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, eksportimiz juda kam bo‘lgan. Bunga ayrim to‘siqlar mavjud bo‘lgan, buni eksportchi korxonalarimiz juda yaxshi bilishadi. Yurtboshimizning olib borayotgan siyosati natijasida hozir bizlar uchun darvozalar katta ochildi.

Avvallari qobiq ichida faoliyat yuritib kelganmiz. 10 yil oldin eksportga berilgan imkoniyatlar bunaqa emasdi. O‘zimizning ichki bozorda bir-birimiz bilan raqobatlashib yurardik. Mana 5-6 yildan beri katta imkoniyat berilyapti.

— “Darvoza ochildi” dedingiz. “Darvoza” deganda nimani tushunishimiz kerak, u qanday ochildi?

— Bizlarning asosiy bilgan bozorimiz faqat Rossiya edi. Yoppasiga Rossiyaga eksport qilardik, mahsulotlarimiz faqat Rossiya bozoriga to‘g‘ri kelardi. Hech qanday sertifikat, qat’iy bir talablar bo‘lmagan.

Mana 4-5 yil bo‘libdiki, eksportni rag‘batlantirish kuchaytirildi. Yevropaga kirishimiz uchun qanday sertifikatlar kerak bo‘lsa, uni rasmiylashtirishga ketadigan xarajatni, deylik, 10 ming dollarni Investitsiya va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi yordamida to‘layapmiz. Ya’ni xarajatlarimiz qisqardi. Rossiyadan boshqa, qimmatroq Yevropa bozoriga eksport qilishni boshladik.

Davlat yordamida sertifikatni rasmiylashtirib, Yevropaga eksport qilishga ruxsat olganimizdan keyin, “bizning mahsulotlarimiz Yevropa davlatlari uchun to‘g‘ri kelar ekan”, degan xulosa shakllandi bizda. Endi biz mahsulotni yetkazib berish haqida o‘ylayapmiz.

Deylik, Italiyaga bizning pomidor yoki bodringimiz to‘g‘ri keldi. Endi olib borishimiz kerak. Nima qilish kerak? Logistika kerak. Italiyaga 20 tonna pomidor yoki bodring olib borishimiz uchun yo‘lkirasini hisoblaymiz. 8 ming dollar ketadi deylik. Ushbu logistika xizmatida yana davlatimiz yordamga kelyapti – 70 foizgacha yo‘lkirani qoplab beryapti. Eksportchining xarajatlari yanada qisqaryapti.

Endi biz Yevropada marketingni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Yevropadagi xaridorni o‘rganishni boshladik. Rossiyaga o‘xshab 50 kilodan qopga solib obormayapmiz. Endi 500 gramdan qadoqlab, Yevropa bozoriga olib kiryapmiz. Rossiya bozorida bu mahsulotni kilolab sotadigan bo‘lsak, Yevropada biz uni grammlab sotyapmiz.

— Yevropa talablariga javob berolyapmizmi?

— GLOBALG.A.P. degan sertifakat bor. Agar fermerlarimiz o‘shani oladigan bo‘lsa, mahsulotining Yevropaga kirishiga to‘siq bo‘lmaydi.

Yevropa bozori qanaqa talab qo‘ygan – o‘sha talabga javob beradigan mahsulot urug‘ini izlab topishyapti dehqonlar, unga beriladigan mineral o‘g‘itlarni bera boshlashyapti, sertifikatlar talablariga javob beradigan qilib mahsulot tayyorlash boshlanyapti.

— Endi muammolar haqida gaplashaylik. Qanday muammolar borki, ularni bartaraf qilsak, eksport hajmi oshadi?

— Eksport qiluvchi korxonalarning eksport bo‘yicha bilimini oshirishimiz kerak.

Logistika sohasi eksportning bir qanoti sanaladi. Ammo biz logistika sohasiga katta e’tibor bermayapmiz.

Eksport mahsulotlarini yuk transportida olib ketayotgan haydovchilarimizni boshqa davlatlarda himoya qilish mexanizmini ishga tushira bilsak, yana bir muammoni bartaraf qilgan bo‘lamiz. Boshqa davlatlarga yuk olib ketayotgan o‘zbekistonlik haydovchilarimizni chet ellarda himoya qiladigan biror-bir tashkilot yo‘q. Har xil to‘dalarga, reketchilarga ro‘baro bo‘lgan holatlarni ko‘rdik. Haydovchilarimiz bunaqa holatlarga duch kelaversa, o‘sha davlatga borish niyatidan qaytadi.

— Bunaqa holatlar ko‘pmi?

— Juda ko‘p bo‘lyapti...

— Bu tegishli shartnomalar bilan tartibga solinmaydimi?

— Aynan shunday shartnomalarga nisbatan loqaydlik bo‘lgani uchun ham haydovchilarimiz shunaqa holatlarga duch kelmoqdalar.

— Bu muammoni bartaraf etishga kim mas’ul?

— Transport vazirligi bizga shu muammoni hal qilib bersin. Biz nima uchun Transport vazirligiga pul to‘laymiz? Nima uchun “dozvol” sotib olamiz? Nima uchun litsenziya sotib olamiz? Biz pulini to‘laganimizdan keyin himoya qilsin.

— Transport vazirligi qanaqa qilib himoya qiladi?

— Bu sohaning ichiga chuqur kirmaganman, yuzaki bilaman. Bizning eksport bo‘limiga ta’siri bo‘lgani uchun. Buning ichiga kirsak, bir nechta muammolar bor. Yaqin kunlarda eshitganim, “dozvol” degan narsa bizga muammo bo‘lyapti, deb aytishdi. “Dozvol” – qaysidir Yevropa davlatiga boradigan bo‘lsangiz, ruxsat beruvchi bir qog‘oz ekan. Buni logistika korxonasi juda yaxshi biladi. Buning ruxsatini Transport vazirligi, “Daryotrans” beradi deyishyapti.

Vodiydagi haydovchimizning aytishicha, ana shu “dozvol”ni ololmagani uchun bir qancha haydovchilarimiz ishsiz o‘tiribdi. Germaniyaga olib borishimiz uchun yuk bor, lekin “dozvol”imiz yo‘q deyapti.

Boshqa tizimli muammolar to‘g‘risida ham qisqa aytib o‘tmoqchiman.

Ortiqcha yuk va YPX

Bir oy avval Kun.uz saytida Namangan postidagi muammoni ko‘tarib chiqqanmiz. Umumiy yuk miqdoridan 50-60 kilo ortiqroq ortilgan yukka YPX xodimlari tomonidan bayonnoma yozilib, avtomashina jarima maydoniga olib kirib ketilgan. Bordi-yu, mashina juma kuni tushdan keyin yoki kechki payt olib kirib ketilsa, bu jarimani sud orqali to‘lashning iloji yo‘q. Chunki shanba va yakshanba kunlari sud xodimlari ham dam oladi. Ya’ni eksportga yo‘naltirilgan mahsulotimiz ikki sutka davomida O‘zbekiston ichkarisida, jarima maydonida qolib ketyapti. Bu esa mahsulotning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shuning uchun ham shunaqa taklif bermoqchi edik. Masalan, Namangan postining oldida tarozi bor, ana shu tarozidan har bir yuk mashinasi o‘tadi va qo‘liga ortiqcha ortilgan yuk vazni haqida qog‘oz oladi. Ana shu ortiqcha ortilgan yuk uchun jarimani sud orqali emas, balki soddalashtirilgan tartibda to‘lashni haydovchilarimizning o‘zlari taklif qilishyapti.

Yana o‘sha QQS

Bundan tashqari, eksportyor korxonalarimiz eksport qilganlaridan keyin qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda muammo bor. Juda katta muammo! Agar biz eksport amalga oshirilganidan keyin QQSning qaytarilishini tezlashtiradigan, har xil shartlarini yengillashtiradigan bo‘lsak, eksportyor korxonaning moliyaviy holatini yaxshilagan bo‘lamiz. Aylanmadagi pulimiz tezroq orqaga qaytadi, aylanmani tezroq qilamiz, o‘zidan o‘zi valuta oqimi yanada kengayadi.

“O‘lganning ustidan tepadigan” jarimalar

Yana bir muammo haqida aytaman: bizning eksportchi korxonalarimiz qaysidir davlatga mahsulot eksport qilganida, u yerdagi importchi O‘zbekistonga pul to‘lashi kechikib qoladi. U bu ishni ataylab qilmaydi, qandaydir sabablar tufayli O‘zbekistonga tushadigan pul ma’lum muddatga surilib qoladi. Pul tushishi 180 kundan kechikib ketsa, debitorlikka qo‘yiladigan shtraflar qo‘yish ko‘zda tutilgan va biz bu jarimalarni olib tashlashni so‘ramoqchimiz. Chunki importchilar ham pulni kechiktirib to‘lashni niyat qilmaydi.

Hozirgi paytda yuzaga kelgan global muammolarni ko‘rib turibmiz, sheriklarimiz qandaydir og‘ir sharoitlarga tushib qolgan bo‘lishi mumkin.

Tadbirkorlarimiz eksport qilishdan oldin 30 foiz pulni o‘tkazishadi, eksportni amalga oshirib bo‘lgach esa, ba’zida sheriklari aldab ketadi. Natijada 70 foiz pulimiz boshqa davlatda qolib ketadi. O‘zi o‘sha yerda qolib ketgan pulni yo‘qotadi, ustiga o‘zimizdagi qaysidir davlat tashkilotlari tomonidan jarimaga tortiladi. Og‘ir ahvolga tushib qolib dumalab qolgan odamni tepkilb o‘tish bilan barobar bu.

Bojxonalardagi tirbandlik

Ko‘pchilik haydovchilarimiz ham, eksportchilarimiz ham bir narsadan nolishadi. Respublikamizdan eksport bo‘lib ketayotgan yuklar olib chiqib ketilayotganda bojxonalarda tirbandlik yuzaga kelyapti: 2-3 sutkalab qolib ketyapmiz deyishyapti. Ko‘p kuzatilgan holat shundan iboratki, Toshkent viloyati orqali qo‘shni Qozog‘istonga chiqib ketayotganda “Yallama”, “Navoiy”, “Mayskiy” kabi postlar bor va ularning har birida yukni o‘tkazishga bir sutkagacha vaqt ketib qolishi mumkin.

Misol uchun, “Navoiy” posti bir sutka davomida 150 ta mashinani o‘tkazishi mumkin, bundan oshig‘iga imkoniyati yo‘q. Vaholanki, bir sutka davomida bitta postga kirib kelayotgan mashinalarning soni 200-220tani tashkil qilyapti. Natijada sutka davomida 70 tadan mashina ustma-ust bo‘lib taxlanib qolmoqda. Ularning orasida tranzit yuklari ham bor. Qozog‘istonning o‘ziga chiqib ketayotgan, Qozog‘iston orqali Rossiyaga chiqib ketayotgan yuklarimiz bor.

Toshkent viloyatidan chiqayotganda bojxona xodimlariga hech kimning e’tirozi yo‘q. Ammo Rossiyaga to‘g‘ri yuk olib chiqayotgan haydovchilarning aytishicha, ularning o‘zlari uchun eng qulayi – Qoraqalpog‘istondagi “Dovudota” posti orqali chiqib ketish.

O‘sha mashhur “Dovudota” yo‘li

Haydovchilar O‘zbekiston ichkarisida 1000 km xavfsiz hudud bo‘ylab yurganimiz yaxshi deyishadi. Xo‘sh, unda nega o‘sha yo‘l bilan yurmadingiz degan savolni bersam, “Dovudota”gacha bo‘lgan 150 km yo‘l mutlaqo talabga javob bermaydi deb aytishadi.

Ushbu 150 kilometrlik yo‘l uchastkasini bir sutka davomida bosib o‘tishar ekan... Holbuki, bungacha bo‘lgan 1000 km yo‘l bir sutkada bosib o‘tiladi. Agar Rossiyaga chiqib ketayotgan yuk mashinalarini “Dovudota” posti orqali yo‘naltira olsak, bu degani ming km yo‘lni bosib o‘tadigan har bir mashinaning ikkitadan haydovchisi Qozog‘istonda emas, o‘zimizda pul sarflaydi: solyarka sotib oladi, ovqatlanadi.

Shuning uchun ushbu 150 kilometrlik yo‘lni tuzatishga juda katta e’tibor berish kerak. Bu Toshkent viloyati yo‘llaridagi tirbandlikni yengillatadi, o‘z-o‘zidan Toshkent viloyatidagi bojxonalarda yuzaga kelgan tirbandlik muammolari ham hal bo‘lib qoladi. Bu ishlarga e’tibor qaratilmasa, eksportimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etaveradi.

Qishloq xo‘jalik kooperativlariga ehtiyoj

Eksportdagi yana bir muammolardan biri – eksport hajmining yetishmovchiligi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha. Misol uchun, chet eldan bir mijoz keldi va vodiyga, masalan Oltiariq tumaniga bordi, 20 tonna o‘rik kerak unga. Lekin bu mevani bir joydan ololmaydi.

Masalaning yechimi – qishloq xo‘jaligi kooperativlariga yo‘l ochish kerak. Dehqonlar kooperativlarga birlashsa, chet ellik xaridor kelib, ko‘zlagan hajmdagi mahsulotini bir joydan olib keta oladi. Mijozlarimiz ko‘paysa, mahsulotga talab ham ko‘payadi. Lekin hozircha bu talabga yarasha bizda javob bo‘lmayapti. Respublikamizda har bir soha kesimida kooperativlarni ko‘paytiradigan bo‘lsak, bu muammo ham yechilishni boshlaydi.

Yaqinda men bir yigit bilan tanishdim, yosh eksportchi. Uning menga aytib bergan hikoyasida sohadagi bir talay muammolar jamlangan. Bu yigit yoshligida Rossiyaga o‘qishga borib, avvallari bozorlarda arava sudrab yurgan, keyin savdo ishlariga aralashib, firma ochgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullangan, “oborot”ini 14 mlrd so‘mgacha chiqargan. Kredit olgan. Keyin Ukrainada urush boshlanib qolgan va pullari Ukraina va Rossiyada qolib ketgan. Natijada kreditini to‘lay olmagan. Mulkini undiruvga – o‘z tumanida falon pulga qurgan muzlatkichiga qaratishgan...

— Tushunishimcha, u Eksportni rag‘batlantirish agentligidan kredit olgan. Endi bu undiruvdagi muzlatkichni arzonga sotib yuborishlari mumkin. O‘zi shundoq ham jabr ko‘ribdi. Unga kreditini prolongatsiya qilib berishlari kerak. Olti oyga yoki bir yilga prolongatsiya qilib beriladigan bo‘lsa, shu tadbirkorimiz ertaga kredit muzlatilgan davrda yana harakat qiladi, oyoqqa turib oladi, balki hamkorlari muzlatkichini qimmatroqqa sotib olishi mumkin.

Banklarda bunaqa prolongatsiya qilishga imkoniyat bor. Ana shu imkoniyatdan foydalanib, tadbirkorga yordam berish kerak. Aks holda, ertaga yana bitta tadbirkorimiz, yana bitta eksportyorimiz yo‘q bo‘lib ketadi. Uni bo‘g‘ib “o‘ldirib qo‘yyapmiz” deyarli.

Bu siz bitta eksportchi bilan gaplashibsiz, holbuki biz bir oy ichida yuzlab bunaqa muammolarga duch kelgan eksportchilar bilan gaplashishimizga to‘g‘ri keladi.

Biz yuqorida aytib o‘tgan eksportchi – “Rocks” MChJ ta’sischisi va rahbari – Akmaljon Annayev. Quyida uning hikoyasi bilan tanishtiramiz.

— Biznesga kirib kelishingiz qanday bo‘lgandi?

Qiyin va mashaqqatli. O‘zga yurtlarda o‘qib yurganimda biznes qila boshlaganman – Moskvada bozorda oldi-sotdi bilan. Avvaliga sotuvchilik qilganman, keyinchalik firma ochib tadbirkorlik qila boshlaganman. Asosan eksport bilan shug‘ullanaman.

— Nimadan boshlangan eksport? Eksport bilan shug‘ullanish g‘oyasi qanday kelib qoldi sizga?

— Rossiyaning Xalqlar do‘stligi universitetida o‘qib yurganimda, o‘qishdan tashqari bo‘sh vaqtimizda sheriklarim bilan arava sudraganmiz. Tadbirkorlar olib kelayotgan yuklarni sotib yurganmiz. Keyinchalik pul yig‘ib, O‘zbekistondan o‘zimiz uchun yuk keltirishga buyurtma bera boshladik. O‘sha paytlarda valuta kursi va tashqi faoliyat juda yaxshi edi. O‘qishni tugatib O‘zbekistonga kelib firma ochib biznesni umumlashtirganmiz, katta korxona rahbari bo‘lish orzusida, firmamning nomini “ROCKS” qo‘yganman, “cho‘qqilar” degan ma’noni bildiradi.

— Qanday mahsulotlarni eksport qilasiz?

— Asosan mavsumiy meva-chevadan boshlab poliz ekinlarigacha eksport qilamiz. Rossiya, Ukraina, Qozog‘istonga. Kelajakda Yevropa mamlakatlariga chiqish umididamiz.

2021 yilda eksport salohiyatimizni 14 milliard so‘mga yetkazdim. Yosh tadbirkorlar uchun bu juda qiyin – 60-70 ta furada yuk chiqarish kerak degani.

— Qiyinchiliklar nimalar bilan bog‘liq?

— Qiyinchiliklar birinchidan logistika, ikkinchidan– pul tizimi, bankdan pul yechib, dehqongacha olib borishga ketadigan vaqt, naqd pul muammosi. “Raschet”ingiz dollarda bo‘lgan, dollarda berishingiz kerak. Tizimli muammolar bankda ham mavjud. Qashqadaryoda bankdan yechib ketasiz, vodiydan yuk chiqarish kerak, kamida 10-12 soat yo‘l yurasiz. Faqat so‘mda yecha olasiz pullaringizni, valutada emas.

— Bu muammolar qanday noqulayliklarni keltiradi?

— Noqulayligi shundaki, bir xalta pul bilan yurgandan bir pachka pul bilan yurgan qulayroq, xavfsizroqmikan deyman. Hamma “so‘mda-so‘mda” deydi, lekin fura, logistikalarimiz, korobka, bozorda olib-sotishlarimiz qisman dollarga borib taqaladi.

— Demak, sizning ishingizda naqd pul bilan ko‘p muomala qilar ekansiz-da?

— Ha, naqd pul bilan ko‘p ishimiz bitadi. Bu yashiradigan gap emas, aksincha bu haqda gapirish kerak. Negaki dehqon “perechisleniye”ga, “schetdan schetga” o‘tkazishga ishlamaydi. Qarzga ham chiqarmaydi. Muddatga ko‘nmaydi. Yukni olishingiz bilan dehqonga o‘sha zahoti pulni berishingiz kerak.

Yuk ortuvchiga ham pulini naqd berasiz, mashinangizga yuklab beradi. Mashinaga naqd avans berasiz, yukingizni olib borib beradi. Mana shunaqangi tartib bor, ko‘pincha 70-80 foiz naqd pul aylanadi.

Boshqa firmalarni bilmadim, lekin hozirgi kunda bizga o‘xshagan yosh tadbirkorlarning ishi naqd asosan naqd pulda. Savdo-sanoat palatasi ham yaqinda tushlik uyushtirganida aytishdi, dehqonlar bilan kelajakda hisobdan hisobga pul o‘tkazish tizimini joriy qilamiz deb va’da berishdi. Kutib qolamiz, shu narsalarni. Xarajatlar faqat eksportchilarning bo‘ynida.

— Hozir sizlarning faoliyatingiz uchun qancha soliq belgilangan?

— Aylanmadan 4 foiz to‘laymiz. Bu miqdorni men katta deb hisoblayman. Bu biznes 50/50 tavakkalchilikka qurilgan. Eksportchilarning biznesi katta riskka quriladi. Chunki bilmaysiz, bugun olib chiqqan yukingiz Rossiyada 3 kun o‘tib necha pul sotilishini. Kirib borishi 50 rubl bo‘lib, ertaga bozorda 30 rublga sotilishi mumkin. Xarajatlaringizni hech kim qoplab bermaydi.

Unisidan bo‘lmasa, boshqasidan bo‘lib qoladi degan umid bilan, Allohga tavakkal qilib ishlaymiz. Katta risk bilan ishlaymiz. Aynimaydigan narsa bo‘lsa, yukni qo‘yib, narx ko‘targanida sotaman deysiz; meva bilan bunday qilib bo‘lmaydi, narx chiqdimi, o‘shanga sotish kerak, chunki bu monopoliya emas. Sotmasangiz, ertaga sifati yo‘qoladi va bundan ham arzoniga berishga to‘g‘ri keladi.

Rossiyada axlatga to‘kish ham pul turadi. Shuning uchun eksport sohasida ishlash juda qiyin.

— 2021 yil yozida siz kredit olgansiz, nega kredit olishga qaror qildingiz?

— 2021 yil 1 iyul kuni Eksportchilar agentligidan aylanma mablag‘ni ko‘tarish maqsadida 11 foizli kredit oldim.

— Kreditsiz aylanma mablag‘ni oshirib bo‘lmasmidi?

— Bo‘lardi. O‘shanda 100 ming dollar – 1 mlrd so‘mga yaqin pulim bor edi. O‘zimdan xato o‘tdi deb o‘ylayman, nafs qursin. “Oborot”ni ko‘tarib, tezroq rivojlanishni ko‘zladim.

— Kredit olganingizdan keyin jarayonlar qayoqqa qarab ketdi?

— O‘zimga qo‘yilgan vazifani men to‘g‘ri bajardim deb o‘ylayman. Chunki 3 mlrdlik kreditim bo‘la turib, men 14 milliardlik “oborot” qilganman. 14 milliardlik “oborot” qilish juda qiyin. Bir oyda 5-6 ta mashinada yuk chiqarish yosh tadbirkor uchun juda qiyin ish. Buning uchun yugurish kerak. Yuqorida aytganimdek, pullarni vaqtida yetkazib bermasangiz, mashinalar ushlanib qoladi. Ish o‘zingizga qarab qolgan bo‘lsa mayli, yugurib hal qilasiz, lekin bojxonada to‘xtab qolsa, iloji yo‘q, kutasiz – elga kelgan to‘y. Yukimizning sifati o‘zgarish yoki o‘zgarmasligi hech kimni qiziqtirmaydi...

O‘rtada Rossiya–Ukraina urushi boshlanib qoldi. Natijada biz yuk bergan kompaniyalar va brokerlarimiz bizga tegishli pulni vaqtida qaytarib bera olmayapti. Ularni ham to‘g‘ri tushunish kerak. Masalan, Ukrainani oladigan bo‘lsak, kimdan borib so‘raysiz?

Prokuraturaga ham murojaat qildim. Xalqaro sud tartibida ko‘rib chiqamiz deyishyapti. Bu jarayonning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. O‘zbekistonning ichida yillar davomida ko‘rilayotgan ishlar bor. O‘zimning qarzdorliklarimni undira olmayapman, kreditni yopish maqsadida. Bu esa chet el. Hozirgi kunda firmamning 260 ming dollar debitorlik qarzlari mavjud.

— Siz qarzdormisiz?

— Yo‘q. Debitorlik qarzdorlik bu eksport qilgan sheriklarimiz bizdan qarz ekanini anglatadi. 90 ming dollar Ukrainada, 160 mingi Rossiyada. Bu bojxonada ham ko‘ringan, hamma biladi, sir emas. Shu mablag‘larni qaytarib olganimcha kreditni qaytarish muddati o‘tib qoldi... “prosrocheniy” bo‘lib qoldi.

Sud mulkka qaratilsin deb qaror chiqarib berdi. Mulkka esa biz investitsiya jalb qilish orqali Qashqadaryo viloyati rayoni uchun, kelajakda rivojlanish uchun 4 ming tonna sig‘imli xolodilnik qurganmiz. Hozirgi kunda bu xolodilnik minusda. Hech kim yuk qo‘ymaydi, chunki yuk yo‘q. Bu xolodilnik G‘uzor rayonida joylashgan.

Savdo-sanoat palatasining nonushtasida ham logistikaga oid muammolar bor deyishdi, uzum saqlaydigan xolodilniklarimiz yo‘q deyishdi. Xudo xohlasa, O‘zbekiston yanada rivojlanib G‘uzor rayonlarida ham uzumzorlik, gilos va mevalar yetishtiriladi. O‘sha fursatda xolodilniklar kerak bo‘ladi.

— Hozir xolodilnikning taqdiri nima bo‘lyapti?

— Xolodilnik undiruv maqsadida auksionga qo‘yiladi. Tadbirkor sotib oladi. U ham albatta foyda ishlash maqsadida sotib oladi. Minusda turgan xolodilnikni sotib olib, zarar ko‘rish uchun olmaydi, uni buzib, 30-40 ta magazin qurishi mumkin.

— Lekin agar bunaqa xolodilnik qo‘lingizda qoladigan bo‘lsa, yaqin kelajakda kerak bo‘ladi...

— Germaniya texnologiyasi bo‘yicha qurilgan xolodilnik, investitsiya olib kirilgan, juda katta xarajatlar qilingan. Bu inshoot qachonlardir kimlarnidir ish bilan, kimlarnidir yuk bilan, kimlarnidir sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashi mumkin.

— Bilishimcha, hozirgi kunda xolodilniklarga ehtiyoj juda katta.

— To‘g‘ri, ehtiyoj katta, lekin bu uzoq tumanda emas. Hozirgi kunda ko‘rib turibsiz, oziq-ovqat mahsulotlarini, masalan kartoshkaning bugungi narxi 7-8 ming so‘m. Agar mavsumiy paytda tadbirkorlarimiz Rossiyadan O‘zbekistonga ming tonna kartoshka olib kelsa, qayerga qo‘yadi? Hech qayerda xolodilnik yo‘q. G‘uzor rayonida ming tonnalik xolodilnik yo‘q. Qishga saqlashga imkoniyat yo‘q. Mana shu men aytgan muzlatkich.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Top