12:01 / 08.07.2022
9131
2021 yilda COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish uchun budjetdan qancha pul ajratilgani ma’lum qilindi

O‘tgan yilda ta’lim sohasiga budjetdan 39,6 trln so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga esa 23,3 trln so‘m ajratilgan.

Foto: Kun.uz

Bugun, 8 iyul kuni Oliy Majlisi Senatining yigirma sakkizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlis doirasida Moliya vaziri Timur Ishmetov davlat budjetining 2021 yil yakunlari hamda 2022 yil I chorakdagi ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘qib eshittirdi.

Qayd etilishicha, 2021 yilda ta’lim sohasiga budjetdan 39,6 trln so‘m ajratilgan. Shundan, qariyb 8 trln so‘m maktabgacha ta’lim sohasiga, 4,4 trln so‘m kadrlar tayyorlashga, 27, 2 trln so‘m esa umumiy ta’limga yo‘naltirilgan. Xususan, yotoqxonalar bilan qamrab olinmagan 8 ming nafar talabalar oylik ijarasining 50 foizini qoplab berishga 6,2 mlrd so‘m ajratilgan.

Hisobot davrida sport sohasiga ajratilgan mablag‘lar 1,5 trln so‘mni, sog‘liqni saqlash sohasi xarajatlari esa 23,3 trln so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2020 yilning mos davriga nisbatan 20 foizga ko‘p bo‘lgan. Shundan koronavirusga qarshi kurashish va vaksina sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 4,3 trln so‘m, pandemiyaga qarshi jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xodimlarini qo‘shimcha rag‘batlantirish uchun 1,4 trln yo‘naltirilgan.

Davlat budjeti daromadlari hajmi 2021 yilda oldingi yilga nisbatan deyarli 32 trln so‘mga o‘sgan. Joriy yilning birinchi choragida ham ijobiy o‘sish sur’atlari saqlanib qolgan.

2022 yilning I choragida davlat budjeti daromadlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 trln so‘mga ko‘paygan.

Mavzuga oid
Top