22:06 / 08.07.2022
7950
O‘tgan yili 35 mingdan ortiq shartnoma davlat xaridlari portaliga joylanmagani ma’lum bo‘ldi

Senatda 2021 yilgi davlat budjetining ijrosi tanqid qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yili 10,8 trln so‘mlik xaridlar bo‘yicha tuzilgan 35 mingdan ortiq shartnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus axborot portalida joylashtirilmagan. Ish haqiga ajratilgan 331,4 mlrd so‘m boshqa maqsadlarga sarflangan. Davlat ulushi mavjud korxonalarning 57 mlrd so‘m dividendlari davlat budjetiga o‘tkazilmagan.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

8 iyul kuni Oliy Majlis Senatining 28-yalpi majlisi davomida senatorlar 2021 yil yakuni va 2022 yilning birinchi choragi bo‘yicha Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari ijrosida yo‘l qo‘yilgan bir qator kamchiliklarni sanab o‘tdi.

Xususan, davlat xaridlari sohasidagi 2ta portal – korporativ buyurtmachilarning elektron kooperatsiya portali hamda maxsus axborot portali o‘zaro integratsiya qilinmagan. Bu esa ko‘p hollarda davlat xaridlarining shaffofligi masalasini savol ostida qoldiryapti. O‘tgan yilning o‘zida 10 trln 785 mlrd so‘mlik xaridlar bo‘yicha tuzilgan 35 mingdan ziyod shartnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus axborot portalida joylashtirilmagan.

Elektron savdolar bo‘yicha Hisob-kitob kliring palatasida 55 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ harakatsiz qolgan. 2018–2021 yillar davomida bu mablag‘lar samarasiz tarzda maxsus hisobraqamlarda turib qolgan.

Ish haqiga ajratilgan 331,4 mlrd so‘m boshqa maqsadlarga sarflangan

Respublika budjeti hisobidan 2021 yilda Moliya vazirligi tomonidan ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqalar miqdorlarini oshirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun mahalliy budjetlarga 4 trln 622 mlrd so‘mdan ziyod qo‘shimcha mablag‘ ajratilgan.

Hisob palatasining xulosasiga ko‘ra respublika bo‘yicha ish haqiga ajratilgan mablag‘larning 331,4 mlrd so‘mi Moliya vazirligining roziligi asosida boshqa maqsadlarga sarflangan.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

O‘z daromadini ko‘paytirishga haris jamg‘arma

Qayd etilishicha, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining hisobotida daromad ko‘rsatkichlari va xarajatlarning ayrimlari noto‘g‘ri aks ettirilishi bilan bog‘liq xato va kamchiliklar aniqlangan.

Jamg‘arma tomonidan “Hi-Tech Bank” va “Ravnaq bank”ka depozit shartnomalariga asosan joylashtirilgan 7 mln 850 ming dollar miqdoridagi muddatli depozitlar shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda jamg‘arma hisobiga qaytarilmagan.

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi korxonalar va ish o‘rinlari yaratish maqsadlariga ajratilgan davlat mablag‘laridan samarasiz foydalanilib, jamg‘arma o‘zini saqlash uchun daromadlarni ko‘paytirishga yo‘naltirgan.

Jamg‘armaga tegishli 3 ta hisobraqami mablag‘larining hisobi g‘aznachilik ijrosi bilan qamrab olinmagan.Jumladan, milliy valutadagi bank hisobraqamlarida g‘aznachilikdan tashqari qonunchilikka zid ravishda 10 mlrd 700 mln so‘m kirim va 71 mlrd 407 mln so‘m chiqim amaliyotlari, xorijiy valutadagi hisobraqamlar orqali 11 mln 100 ming AQSh dollari kirim va 10 mln 270 ming AQSh dollari chiqim amaliyoti bajarilgan.

Masalan, Jamg‘arma tomonidan “Universalbank”da ikkilamchi hisobraqam ochilib, 1 mln AQSh dollari 1 yil muddatda yillik 4 foiz ustama haq to‘lash sharti bilan saqlangan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulovning izoh berishicha, jamg‘armaning bo‘sh turgan mablag‘larini depozitga qo‘yish normal amaliyot hisoblanadi, biroq risk hisobga olinishi shart. Hozirda “Hi-Tech Bank” va “Universalbank”dan ham depozit mablag‘lari qaytarilgan, “Ravnaq bank”dan 5 mln dollarlik depozitdan 1 mln dollari qaytarilgan, 4 mln dollar mablag‘ni qaytarish bo‘yicha sudga va tegishli tashkilotlarga murojaat qilingan.

Davlat ulushi mavjud korxonalarning 57 mlrd so‘m dividendlari davlat budjetiga o‘tkazilmagan

Davlat rahbari va xukumatning 2021 yildagi tegishli qarorlariga muvofiq davlat ulushi mavjud korxonalar dividendlari davlat budjetiga o‘tkazilishi belgilangan.

Biroq davlat ulushi mavjud bo‘lgan 190 ta korxona tomonidan o‘tgan yilda 668 mlrd so‘mdan ziyod dividendlar davlat budjetiga undirilmagan.

Soliq kodeksiga muvofiq davlat ulushi mavjud bo‘lgan barcha korxonalar dividendlarining 5 foizi budjetga o‘tkazilishi kerak. Lekin 2021 yilda 691 ta korxonadan qariyb 57 mlrd so‘m dividendlar budjetga olinmagan.

Top