16:23 / 17.07.2022
7606
Jamshid Xo‘jayev investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimiga tayinlandi

Jamshid Xo‘jayev Investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

16 iyul kuni uning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullanganidan so‘ng prezident farmoni bilan rasman ushbu lavozimga tayinlandi.

Tayinlovga qadar Jamshid Xo‘jayev 2019 yildan buyon Qishloq xo‘jaligi vazirligiga rahbarlik qilib kelayotgandi. 2017 yildan 2019 yilgacha tashqi savdo vaziri bo‘lib ishlagan. Undan avval esa O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib, g‘aznachilik, tashqi iqtisodiy faoliyat, axborot texnologiyalari, loyihaviy moliyalashtirish va boshqa departamentlar ishini muvofiqlashtirgan.

Shuningdek, u Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari — Davlat budjetiga tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasini tashkil qilish, uning faoliyatini tartibga solishning to‘laqonli me’yoriy-huquqiy bazasini ishlab chiqish, shuningdek, Jamg‘arma resurs bazasini yanada mustahkamlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan.

2021 yil 10 sentabrdan boshlab Jamshid Xo‘jayev Toshkent Davlat agrar universiteti rektori vazifasini bajaruvchisi lavozimiga ham tayinlangandi.

Ma’lumot uchun, Jamshid Xo‘jayev 1979 yilda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 2000 yilda Toshkent davlat Iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Prezident tashabbusi bilan iqtidorli talabalar uchun tashkil etilgan «Umid» jamg‘armasining stipendiyasi sohibi. 2002 yilda Yevropa Davlat boshqaruvi institutini (EIPA) tamomlagan, shundan so‘ng 2003 yilda Birmingem universitetida (Buyuk Britaniya) xalqaro iqtisodiy munosabatlar, davlat boshqaruvi mutaxassisligi bo‘yicha MVA darajasiga ega bo‘lgan.

Top