17:15 / 27.07.2022
10613

Soliq kodeksiga o‘zgarishlar kiritildi: kimga qanday yengillik bor?

Norezident jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 20 foizdan 12 foizga pasaytirildi. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj iqtidorli bolalarni bepul o‘qitish soliq solishdan ozod qilindi. Talabalarning OTM hududidagi mehnat faoliyati rag‘batlantiriladi.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Kecha, 26 iyul kuni imzolangan qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Moliya vazirligi bu o‘zgarishlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Nodavlat maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘qishga to‘lov soliq solishdan ozod qilinadi

Bu imtiyoz qanday ishlaydi?

Nodavlat maktabgacha yoki maktab ta’lim tashkilotida o‘qish pulli hisoblanadi. Bundan keyin ota-onaning har bir farzandga oyiga 3 mln so‘m doirasidagi xarajatlari soliq solishdan ozod qilinadi.

Masalan, ota (ona)ga uning ish joyi bo‘yicha har oyda 720 ming so‘m (6 000 x 12 foiz) daromad solig‘i ushlab qolingan holda 6 mln so‘m ish haqi hisoblanadi. U buxgalteriyaga o‘z farzandining ta’minoti uchun maktabgacha ta’lim tashkilotiga har oyda 2,5 mln so‘m o‘tkazish haqida ariza taqdim etdi.

2,5 mln so‘mga soliq solinmaydi. Buxgalteriya faqat 3,5 mln so‘mdan soliq ushlab qoladi. Soliq 420 ming so‘mni (3500 x 12 foiz) tashkil qiladi. Ota (ona) soliqdan oyiga 300 ming so‘m tejaydi.

Imtiyoz qanday qo‘llanadi?

Ota yoki ona imtiyozni:

  • o‘z korxonasining buxgalteriyasiga mablag‘larni nodavlat maktabgacha yoki maktab ta’lim tashkilotiga o‘tkazish haqida ariza va to‘lovga schyot (shartnoma) taqdim etgan holda ish joyi bo‘yicha;
  • soliq xizmatiga yil yakunlari bo‘yicha daromadlar to‘g‘risida deklaratsiya va o‘qish uchun to‘lov amalga oshirilgani to‘g‘risida hujjatlarni taqdim etgan holda qo‘llashi mumkin.

Imtiyoz 2022 yil 1 apreldan amal qiladi.

Norezident jismoniy shaxslarning O‘zbekistondagi manbalardan oladigan daromadlari bo‘yicha soliq solish stavkasi pasaytirildi

Norezident jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi 20 foizdan 12 foizgacha pasaytirildi. Masalan, agar norezidentning bir oyda daromadi 1000 shartli birlikni tashkil etgan bo‘lsa, budjetga ushbu summadan 200 shartli birlik to‘langan. Hozir ushlab qolish summasi 120 shartli birlikni tashkil qiladi.

12 foizlik stavka 2022 yil 1 maydan boshlab hisoblangan daromadlarga nisbatan qo‘llanadi.

Qaysi daromadlarga 12 foiz stavka qo‘llanadi?

12 foiz stavka mehnat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar bo‘yicha olingan daromadlarga, shuningdek boshqa daromadlarga qo‘llanadi, bundan dividendlar, foizlar va fraxtdan olinadigan daromadlar mustasno.

Oldingi darajada saqlanib qolgan soliq stavkalari:

·       dividendlar va foizlar bo‘yicha – 10 foiz;

·       xalqaro tashishlarda transport xizmatlarini taqdim etishdan olinadigan daromadlar bo‘yicha (fraxtdan olinadigan daromadlar) – 6 foiz.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj iqtidorli farzandlarni bepul o‘qitish soliq solishdan ozod qilindi

Kim bepul o‘qishi mumkin?

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlari maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim nodavlat tashkilotlarida bepul o‘qishga haqli. Ta’lim tashkilotlari ularni tanlov asosida jami o‘quvchilar yillik umumiy sonining 10 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda bepul o‘qishga qabul qilishi shart.

Soliq solishdan ozod qilishning mohiyati nimada?

Ilgari bunday bepul o‘qish qiymati o‘quvchining ota-onasining moddiy naf tarzidagi daromadi sifatida hisoblangan va 12 foiz stavka bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lanishi lozim edi.

Soliq kodeksiga yangi norma kiritilishi bilan bepul o‘qish soliq solishdan ozod qilindi.

Mazkur imtiyoz davlat–xususiy sheriklik asosida faoliyat ko‘rsatadigan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan (o‘qiyotgan) maxsus kontingentdagi tarbiyalanuvchilarni bepul o‘qitishga ham tatbiq etiladi.

Davlat talabalarning OTM hududidagi mehnatini rag‘batlantiradi

Qanday faoliyat turlari rag‘batlantiriladi?

Oliy ta’lim tashkilotlari hududida:

  • pulli o‘quv kurslari;
  • sport to‘garaklari;
  • boshqa ta’lim xizmatlarini tashkil etish.

Rag‘batlantirishlarning mohiyati nimada?

Talabalarning ushbu faoliyat turlaridan olingan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Masalan, talaba o‘zi o‘qiydigan universitet hududida sport to‘garagi tashkil qildi va 5 mln so‘m ishlab topdi. 5 mln so‘mning hammasi – bu talabaning daromadi va ushbu summadan soliq to‘lanmaydi.

Tashkilotlar o‘z xodimlari va ularning oila a’zolari uchun madaniy tadbirlarga soliqlarsiz haq to‘lashlari mumkin

Tashkilotlar qaysi soliqlardan va qanday miqdorda soliq solishdan ozod qilinadi?

To‘lanayotgan soliq turiga qarab, tashkilotlar foyda solig‘i yoki aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilinadi.

Imtiyoz summasi tashkilotning tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromadining 0,5 foizini tashkil qiladi.

Masalan, tadbirkorlik sub’yektining realizatsiya qilishdan olingan daromadlari 1 mlrd so‘mni tashkil etsa, ushbu summaning 0,5 foizi – 5 mln so‘m bo‘ladi. Agar tashkilot ushbu summa doirasidagi mablag‘larni o‘z xodimlari va ularning oila a’zolari uchun madaniy tadbirlarga biletlar xarid qilish uchun yo‘naltirgan bo‘lsa, ushbu mablag‘lar summasiga foyda solig‘i yoki aylanmadan olinadigan soliqning soliq bazasini kamaytirish orqali soliq solinmaydi.

Xarajatlarning qaysi turlari ushbu imtiyoz ostiga tushadi?

Tashkilotlarning o‘z xodimlari va ularning oila a’zolari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlariga biletlar xarid qilishi bilan bog‘liq xarajatlari. 

Mavzuga oid
Top