15:03 / 01.08.2022
7842
Samarqandda sodir bo‘lgan YTHda Lacetti ikkiga bo‘linib ketdi

Hodisa oqibatida haydovchi voqea joyida halok bo‘lgan. Ikki nafar yo‘lovchi tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 28 iyul kuni soat 5:00 larda A-378 Samarqand-G‘uzor avtomobil yo‘lining Nurobod tumani hududidan o‘tgan 31-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Samarqand-G‘uzor yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan Lacetti ta’mirlash ishlari tufayli yo‘lning bir qatorini yopish uchun qo‘yilgan beton to‘siqqa borib urilgan.

Oqibatda, Lacetti ikkiga bo‘linib ketgan va uning haydovchisi og‘ir tan jarohatlari olib, hodisa joyida halok bo‘lgan. Mashinada bo‘lgan ikki kishi turli darajada tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, ko‘prik ta’mirlanayotgan joyda turli ogohlantirish yo‘l belgilari o‘rnatilgan va YPX xodimlari xizmat avtomashinasining miltillovchi chiroqlari yoqib turganiga qaramasdan haydovchi juda katta tezlikda harakatlanib kelgan.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Samarqandda sodir bo‘lgan YTHda ikkita yuk mashinasi Lacetti mashinasini pachoqlab tashlagan, uning haydovchisi halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid
Top