09:08 / 01.08.2022
2214
Turkiya: Qora dengizda don eksporti 1 avgustdan boshlanishi mumkin

Turkiya prezidenti vakilining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina g‘allasini Qora dengiz yo‘lagi orqali eksport qilish 1 avgustdan boshlanishi mumkin, bu borada bir yoki ikkita jihatga aniqlik kiritish kerak.

Foto: Reuters

Turkiya Ukrainadan Qora dengiz yo‘lagi orqali g‘alla eksporti 1 avgustda boshlanishini kutmoqda. Bu haqda 31 iyul, yakshanba kuni Turkiya prezidentining vakili Ibrohim Kalin ma’lum qildi. Kalinning so‘zlariga ko‘ra, bir nechta tafsilotlarga aniqlik kiritish lozim. Kiyevda ta’kidlanishicha, o‘tgan yilgi hosilning 20 million tonnadan ortig‘i hali eksport qilinishi kerak.

Avvalroq Istanbulda Ukraina donini eksport qilish bo‘yicha nazorat markazi ochilgan edi. Turkiya markaz oziq-ovqat inqirozini yengib chiqishga katta hissa qo‘shishiga ishonmoqda, dedi Turkiya milliy mudofaa vaziri Hulusiy Akar.

Koordinatsiya markazi savdo kemalarini ro‘yxatga oladi va harakatlarini, xususan, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari yordamida kuzatib boradi, dedi Akar. Kemalar Qora dengizni Marmar dengizi bilan bog‘laydigan Bosfor bo‘g‘ozidan o‘tayotganda bortda qurol yo‘qligi yuzasidan tekshiruvdan o‘tishi kerak.

Markazning tashkil etilishi 22 iyul kuni Istanbulda BMT va Turkiya vositachiligida tuzilgan hamda Ukraina portlari blokadasini tugatishga qaratilgan kelishuvning bir qismidir.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish kelishuv imzolanganini tasdiqladi. Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, erishilgan bitimga ko‘ra, eksport Ukrainaning uchta porti – Odessa, Chornomorsk va Yujniydan amalga oshiriladi.

Muzokaralarda BMT, Rossiya, Turkiya va Ukraina ishtirok etdi. Oradan bir kun o‘tib, 23 iyul kuni Odessa porti Rossiya tomonidan raketa zarbalariga uchradi. 

Mavzuga oid
Top