Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozog‘iston nefti eksportiga bog‘liq tankerlar Qora dengizda nishonga olindi
Liberiya bayrog‘i ostida suzgan Delta Harmony va Malta bayrog‘i ostida suzgan Matilda tankerlari Qora dengizda dronlar hujumiga uchradi. Ikki kema ham Qozog‘istonning eksport neftini tashishda ishtirok etgan.
Foto: Reuters
Qozog‘iston eksport neftini tashishga jalb etilgan ikki neft tankeri Qora dengizda noma’lum dronlar hujumiga uchragan. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligi 13 yanvar, seshanba kuni o‘z saytida xabar qildi. Shu bilan birga, Reuters agentligi nomlari oshkor etilmagan manbalariga tayanib, dron zarbalaridan uchta tanker zararlanganini yozmoqda.
Dpa agentligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa Rossiyaning Novorossiysk porti hududi yaqinida sodir bo‘lgan.
Qozog‘iston Energetika vazirligining press-reliziga ko‘ra, dron hujumiga Matilda tankeri (Malta bayrog‘i ostida suzgan va Qozog‘iston milliy kompaniyasi “QazMunayGaz”ning shu’ba tashkiloti tomonidan ishlatilgan) hamda Delta Harmony tankeri (Liberiya bayrog‘i ostida suzgan va yuklashni kutib turgan) uchragan.
Matilda tankerida keyinchalik portlash qayd etilgan, yong‘in kelib chiqmagan. “Ekipaj a’zolari orasida halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar yo‘q. Texnik xizmatlarning dastlabki bahosiga ko‘ra, tanker suzish qobiliyatini saqlab turibdi, hozircha korpusda jiddiy shikastlanish alomatlari aniqlanmagan”, — deyiladi xabarda.
Delta Harmony tankerida esa hujum oqibatida yong‘in chiqqan, u tezkor ravishda bartaraf etilgan. “Ekipaj a’zolari orasida jabrlanganlar yo‘q. Operativ shtab ma’lumotiga ko‘ra, hodisa paytida kemaga neft yuklash ishlari hali boshlanmagan, yuk tanklari bo‘sh bo‘lgan. Shu sababli Qozog‘iston Respublikasining eksport resurslariga zarar yetmagan”, — deb ta’kidlaydi Qozog‘iston Energetika vazirligi.
AFP agentligi va Qozog‘istonning “Ak Jayyk” onlayn nashri ma’lumotlariga ko‘ra, hujumga uchragan tankerlar grek kompaniyalariga tegishli bo‘lgan.
“Tankerlardan biri — Delta Harmony — Delta Tankers kompaniyasi tomonidan boshqariladi va "Tengizshevroyl" konsorsiumi tomonidan qazib olinadigan neftni yuklashi kerak edi. Ikkinchi kema — Matilda — Thenamaris kompaniyasi boshqaruvida bo‘lib, manbalarga ko‘ra, Qarachaganak konidan neft yuklanishini kutib turgan”, — deyiladi “Ak Jayyk” nashrida.
Gretsiyaning Dengiz ishlari va orol siyosati vazirligi AFP’ga mazkur tankerlarning hech biri jiddiy zarar ko‘rmaganini tasdiqlagan.
Press-relizda dronlar qayerdan uchib kelgani va bu hujum uchun kim javobgar ekani ko‘rsatilmagan. Biroq dpa agentligi ularni ukrain dronlari deb ataydi.
“Rossiya agressiyasiga qarshi mudofaa kurashini olib borayotgan Ukraina qo‘shni davlatning ichkari hududlarida neft-gaz sanoati obektlarini nishonga olmoqda. Bu, bir tomondan, Rossiya qurolli kuchlari ta’minotini izdan chiqarish, ikkinchi tomondan esa Moskva uchun urushni moliyalashtirishni qiyinlashtirish maqsadini ko‘zlaydi”, — deb yozadi mualliflar.
Shu bilan birga, ular Kaspiy quvur konsorsiumi (KTK) infratuzilmasiga ham bir necha bor zarbalar qayd etilganini eslatadi. Qozog‘iston nefti ana shu konsorsium orqali Rossiya hududi tranziti bilan Yevropaga yetkazib beriladi.
KTK neft quvuri neftni Qora dengizda Novorossiysk yaqinida joylashgan “Janubiy Ozereyevka” terminaligacha tashishni ta’minlaydi.
Mavzuga oid
07:20
Jahon neft standartlari: Venesuela nefti nega “og‘ir”?
20:37 / 13.01.2026
Qozog‘iston osmonida O‘zbekiston va Rossiya samolyotlari xavfli yaqinlashgani ma’lum bo‘ldi
15:47 / 13.01.2026
Kiper: Rossiya Panama va San-Marino bayroqlari ostidagi kemalarga hujum qildi
13:23 / 13.01.2026