08:42 / 19.08.2022
2915
Bryusselda Serbiya va Kosovo o‘rtasidagi muzokaralar natijasiz yakunlandi

Yaqin kunlarda Serbiya va Kosovo rahbariyatining yangi uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi, deya ma’lum qildi Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Aleksandr Vuchich va Albin Kurti bilan muzokaralardan so‘ng.

Foto: Picture Alliance

Bryusselda Yevropa ittifoqi vositachiligida Serbiya va Kosovo o‘rtasidagi muzokaralar natijasiz yakunlandi. «Afsuski, kelishuvga erisha olmadik», dedi YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 18 avgust, payshanba kuni kechqurun Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich va Kosovo Respublikasi bosh vaziri Albin Kurti bilan uchrashuvdan so‘ng. 

Shu bilan birga, Borrelning so‘zlariga ko‘ra, bu kelishuvga urinishlarning oxiri emas, yaqin kunlarda yangi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. «Men taslim bo‘lmayman. Biz yechim izlashimiz kerak», deb ta’kidladi Yevropa diplomatiyasi rahbari. U Kurti va Vuchich bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi, shundan so‘ng 2011 yildan beri Yevrokomissiya vositachiligida olib borilayotgan «Belgrad-Prishtina muloqoti» doirasida Bolqon siyosatchilarini bir stolga taklif qildi. 

Muzokaralar oldidan ham Vuchich kelishuvga erishish borasida optimizm ko‘rsatmadi. «Men qandaydir yechimga umid qilishda davom etsam-da, shubha bilan qolaman», deb yozdi u Twitter’da. O‘z navbatida, Kurti Kosovo shimolida barrikadalar o‘rnatayotgan «noqonuniy serb tuzilmalari»ni tanqid qildi. 

Serbiya va Kosovo o‘rtasidagi mojaro iyul oyining oxirida, Prishtina Serbiya fuqarolari mintaqaga kirishda olishlari kerak bo‘lgan vaqtinchalik hujjatlarni joriy etishga, shuningdek, Serbiyada yashovchi serblarga avtomashinalarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va davlat raqamlarini almashtirishga qaror qilgandan keyin yana keskinlashdi. Kosovo serblari norozilik sifatida barrikadalar o‘rnatdi, shundan so‘ng Prishtina hukumati yangi qoidalarni joriy etishni 1 sentabrgacha qoldirdi. 

2008 yilda Kosovo Respublikasi bir tomonlama ravishda Serbiyadan mustaqilligini e’lon qildi. Uni Yevropaning ko‘plab davlatlari, jumladan, Germaniya, shuningdek, AQSh ham tan olgan. Belgrad Kosovoni o‘zining avtonom viloyati deb biladi va Prishtina mustaqilligini tan olmaydi. Serbiyaning pozitsiyasini Rossiya, possovet hududidagi aksariyat davlatlar, shuningdek, YeIning beshta davlati, Xitoy va Hindiston qo‘llab-quvvatlaydi. 

Serbiya YeIga kirishga intilyapti va shu munosabat bilan Kosovo bilan munosabatlarni normallashtirish majburiyatini olgan. 2013 yildan beri Belgrad va Prishtina munosabatlarni YeI vositachiligida hal qilishga harakat qilmoqda. Rossiya Kosovoning BMTga kirishiga to‘sqinlik qilmoqda. 

Top