07:48 / 20.08.2022
9208

«Daraxtkushlik» uchun jarimani oshiruvchi qonun loyihasi nega tasdiqlanmayapti?

Kun.uz surishtiruviga ko‘ra, qonun loyihasining deyarli 5 oydan buyon tasdiqlanmay qolayotganiga sabab uning muhokamasi vaqtida deputatlar va Ekoqo‘m raisining birinchi o‘rinbosari Umarbek Xalilov o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik bo‘lishi mumkin.

19 avgust kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston ekologiyasiga mas’ul idoralarning jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.

«Ekoharakat» tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov ham qatnashib, O‘zbekistonda daraxt kesilishi holatlari barham topmayotgani sabablari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirgan.

Islombek Boqijonov

«Daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi holatlariga qarasak, 2022 yilning 7 oyi davomida 2 ming 694 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan 4,2 mlrd so‘m ma’muriy jarima va 4,9 mlrd so‘mzarar summalari belgilandi.

2022 yilning 7 oyida esa jami 1027 tup qimmatbaho daraxtlar kesilgan bo‘lib, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan (2227 tup qimmatbaho daraxtlar kesilgan) 55 foizga kamaygan.

Ammo savol tug‘iladi, nega moratoriy e’lon qilinganiga qaramay, bu kabi holatlar barham topmayapti?

Bilasiz, 2021 yil 30 dekabrda prezident qarori bilan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan edi.

O‘sha qarorda moratoriy qoidalarini buzgan fuqarolarga ma’muriy jarimalar miqdorini besh baravarga oshirish bo‘yicha qonunchilikka taklif kiritish bandi ham bor edi. Biz bu bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqib, Qonunchilik palatasiga taqdim qildik.

Ammo mana beshinchi oy ketyaptiki, loyiha qonun sifatida tasdiqlanmadi. Birinchi o‘qishdan o‘tgan, ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. O‘ylashimcha, bu qonun qabul qilinadigan bo‘lsa, daraxt kesilishlariga qarshi samarali ta’sir chora bo‘lgan bo‘lardi», dedi Boqijonov.

Xabarni tayyorlash jarayonida qonun loyihasining tasdiqlanishi nega kechikib ketayotgani bilan qiziqdik. Mavzu borasidagi surishtiruvlar davomida esa qonun loyihasi tasdiqlanishining kechikayotgani bilan bog‘liq qiziq holat yuzaga chiqdi.

Ekologiya qo‘mitasining vaziyatdan bevosita xabardor xodimiga ko‘ra, qo‘mita aprel oyidayoq «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ishlab chiqib, qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritgan.

«Loyiha bilan daraxtlarni kesganlik va ularga shikast yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilgandi. Ammo u hamon tasdiqlanmay turibdi. Bunga esa chindan ham, qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Umarbek Xalilov va deputatlar o‘rtasida yuzaga kelgan tortishuv sabab bo‘ldi.

Umarbek Xalilov

O‘sha kuni qonun quyi palata deputatlari ishtirokida muhokama qilinayotgandi. Jarayon davomida Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari deputatlar berayotgan savollarga qarab, ko‘pchilik deputatlar qonunning mazmunini to‘la tushunib yetmagani haqida gapirdi. Bu gap deputatlarga tegib ketib, g‘ururini uyg‘otib yubordi shekilli, barchasi to‘nini teskari kiyib oldi. Ular qonunni ikkinchi o‘qishdan o‘tkazishmadi. Shu-shu, loyiha hamon «ish jarayonida», dedi qo‘mitaning ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan vakili.

Qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda yuzaga kelgan bahsli vaziyatni shuningdek, «Sevimli» telekanalida efirga uzatilgan quyidagi reportajda ham ko‘rish mumkin.

Unda deputat Rasul Kusherbayev qo‘mita raisi o‘rinbosariga qonun loyihasida qurilish bo‘yicha noto‘g‘ri loyiha ishlab chiqqan mansabdor shaxsga 15 baravardan 25 baravargacha jarima belgilash ko‘rsatilgani lekin loyihaning keyingi taqdiri haqidagi savol ochiq qolayotgani to‘g‘risidagi savol bilan murojaat qiladi.

«Bitta qurilish kompaniyasi uchun 25 baravar jarimani to‘lash hech nima bo‘lmasligi mumkin. Xo‘p, u jarimani to‘lab yana loyihani davom ettiravermaydimi?», deya savol qo‘yadi deputat.

Umarbek Xalilovning Rasul Kusherbayev savoliga javoban aytishicha, loyihachi jarimaga tortilgan holatda loyiha qaytadan qilinadi.

«Loyihachi loyihani qaytadan qilishga majbur. Nega buni belgilayapmiz? Sababiki, loyihachi o‘sha qurilish joyini borib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rsin. Borib ko‘rmasdan loyiha qildimi, u daraxt bor-yo‘qligini ham bilmaydi», degan rais o‘rinbosari.

U savollarga javob berish asnosida deputatlarni qonunni yaxshi tushunmayotganlikda ham ayblagan.

«Kecha fraksiyada juda chiroyli savollar bo‘ldi. G‘aniyevga (deputat Doniyor G‘aniyev nazarda tutilmoqda – tahr.) alohida minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Qonunimizni bitta u oxirigacha tushunib yetdi, desam qolgan deputatlar xafa bo‘lmasin», degan Xalilov.

Bu ayblov deputatlarning jahlini chiqarib, qonunni qaytarib yuborishiga sabab bo‘lgan. Deputatlar bunga sabab sifatida qonun tushunarsiz tilda yozilgani va O‘zbekistondagi turli ekologik muammolar hal etilmasdan qolayotganini keltirishgan.

«To‘g‘ri, biz ko‘pchiligimiz tushunmayotgan bo‘lishimiz mumkin, lekin harakat qilyapmiz», degan deputat Alisher Hamroyev.

Qonunchilik palatasining boshqa bir deputati esa agar deputatlar qonun loyihasini tushunmayotgan bo‘lsa, ayb uni tushunarli qilib yozmagan qo‘mita vakillarida ekani haqida gapirgan.

«Taklifim shunday: qachonki bu qonunni tushunib yetsak, o‘shanda ovoz beramiz», degan u.

Muhokamalar davomida deputat Navro‘z Rizayev o‘zi qonunga qarshi ovoz berishini aytib, boshqalarni ham shunga chaqirgan.

«Toki bu qo‘mita va uning quyi bo‘g‘inlari atrof-muhitni tozalasin, mas’ullikni oshirgandagina bu qonunni qabul qilish kerak», – degan u.

***

Qo‘mita va deputatlar bir-birini o‘zaro tushunmay, hurmat talab qilishda davom etarkan, O‘zbekistonda daraxtkushlik davom etmoqda. Hozirgi qonunchilik va jazo choralari esa hokimliklar hamda qurilish kompaniyalarini to‘xtatishga qodir emas.

Ilyos Safarov, jurnalist

Top