13:43 / 22.08.2022
5081
Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xon terrorizm to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha ayblanmoqda

Pokistonning hokimiyatdan ag‘darilgan bosh vaziriga terrorizm to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Avvalroq Xon politsiya va sudni o‘zining yaqin yordamchisini hibsga olish va qiynoqqa solishda ayblagan edi.

Foto: EPA

Dushanba kuni sobiq bosh vazirning yuzlab tarafdorlari uning poytaxt Islomoboddagi saroyi oldida yig‘ilib, agar u qamalsa, hokimiyatni qo‘lga olishga va’da berishdi. Joriy yil aprel oyida hukumat rahbari lavozimidan chetlashtirilgach, Xon mamlakat rahbariyati va armiyani faol tanqid qildi, deb yozadi BBC.

Sobiq professional kriketchi Xon 2018 yildan beri Pokiston hukumatini boshqarib keladi. Politsiya unga qo‘yilgan ayblovlarni siyosatchi qo‘zg‘olonga undashda ayblanib hibsga olingan o‘zining eng yaqin partiyadoshi Shahbaz Gill qiynoqqa solingani haqida da’vo qila boshlaganidan keyin e’lon qildi. 

Shanba kuni Xon Islomobod politsiyasi boshlig‘i va sudyasini Gill hibsga olingani va unga shafqatsiz munosabatda bo‘lingani uchun ochiqchasiga qoraladi. 

«Tayyor turing, chunki biz sizga qarshi chora ko‘ramiz», dedi u nutqida politsiya boshlig‘i va ayol sudyaga qarata.

Bunga javoban rasmiylar Xonni hukumat amaldorlariga tahdid qilgani uchun Pokistonning terrorizmga qarshi qonunini buzganlikda aybladi. Sobiq bosh vazir ustidan tergov boshlangani ma’lum bo‘lgach, uning Islomoboddagi uyi oldiga yig‘ilgan yuzlab tarafdorlari, agar politsiya uni qamashga urinsa, poytaxtni egallab olish bilan tahdid qilishgan. Politsiyachilar u yerga sobiq bosh vazirni hibsga olish uchun emas, tartibni saqlash uchun kelganliklarini aytishdi. 

Xon aprel oyida ishonchsizlik votumi natijasida hokimiyatdan chetlashtirildi. O‘shandan beri u mamlakat bo‘ylab yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirib, hukumat va armiyani keskin tanqid qilib keladi. Shanba kuni OAV regulyatori telekanallarga uning chiqishlarini jonli efirda ko‘rsatish taqiqlanishini e’lon qildi. Regulyatorga ko‘ra, sobiq bosh vazir davlat muassasalariga nisbatan nafrat uyg‘otuvchi bayonotlar bilan chiqadi. 

Sobiq bosh vazirning fikricha, hukumat senzura bilan shug‘ullanyapti.

«Imron Xon qanday jinoyat sodir etgan? Men bu o‘g‘rilar to‘dasini hech qachon qabul qilmayman», dedi u yakshanba kuni o‘z mitinglaridan birida tarafdorlariga. 

Ishonchsizlik votumiga qaramay, Xonni ko‘plab pokistonlik saylovchilar qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Iyul oyida uning partiyasi Panjobda qonun chiqaruvchi organ ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Kuzatuvchilar bu g‘alabani Xon o‘zi intilayotgan mamlakatdagi erta saylovlarda muvaffaqiyat qozonishga umid qilishi mumkinligiga ishora sifatida baholadi. 

Xon 2018 yilda bosh vazir bo‘lishidan oldin korrupsiyaga qarshi kurashishga va mamlakatni iqtisodiy inqirozdan olib chiqishga va’da bergan edi. U bir necha bor muxolifat partiyalari uni hokimiyatdan chetlatish uchun boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilganini aytdi. Xususan, uning ta’kidlashicha, AQSh rasmiylari Rossiya va Xitoy bilan do‘stligini yoqtirmagani uchun undan qutulishga harakat qilmoqda. Vashington bu shubhalarni rad etdi. 

Xon Rossiya bilan yaqin aloqada bo‘lgan. U Moskvaga 23 fevral kuni tashrif buyurgan, o‘shanda Rossiyaning G‘arb davlatlari bilan munosabatlari Ukraina atrofidagi vaziyat fonida ancha taranglashgan edi. Shu bilan birga, uning Rossiya poytaxtiga safarining ikkinchi kuni Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi va Ukraina shaharlarini o‘qqa tutishning boshlanishiga to‘g‘ri keldi. 

Xon AQSh prezidenti kichik Jorj Bush ma’muriyatini «terrorga qarshi urush» e’lon qilgani uchun tanqid ostiga olgan. U parlamentda ishonchsizlik votumi bilan hokimiyatdan chetlatilgan Pokiston tarixidagi birinchi bosh vazir bo‘ldi. 

Mavzuga oid
Top