14:39 / 31.08.2022
19207
PFL Ro‘ziqul Berdiyevning akkreditatsiyasini vaqtincha bekor qildi

Superliga 17-turi doirasidagi «Nasaf» - «Lokomotiv» (0:0) uchrashuvidan keyingi xatti-harakatlari uchun O‘zbekiston professional futbol ligasi mezbon klub bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevga nisbatan chora ko‘rdi. PFL xabariga ko‘ra, Ro‘ziqul Berdiyev o‘yin yakunida bosh hakam Ahrol Risqullayevning qorin qismiga zarba bergan. 

Foto: Tribuna.uz

«Superliga 17-turidan o‘rin olgan «Nasaf» — «Lokomotiv» uchrashuvi yakuniga yetgach mezbonlar ustozi Ro‘ziqul Berdiyev hakamlar joy olgan maydon markaziga qarab bordi va ularga nisbatan nomaqbul harakatlarni amalga oshirdi. Uchrashuv yakuniga yetgach mazkur masala yuzasidan bosh hakam Ahrol Risqullayev hamda O‘zPFL komissari bildirgi taqdim etdi. Unda qayd etilishicha, uchrashuv yakuniga yetishi bilan «Nasaf» futbol klubining qator futbolchilari hamda bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev hakamlar brigadasini o‘rab olgan. Bu vaqtda bosh murabbiy bosh hakam libosini qo‘pol tarzda tortgan hamda uning qorin qismiga zarba bergan. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL Ro‘ziqul Berdiyevga taqdim etilgan akkreditatsiyani tegishli qo‘mitalar mazkur vaziyatni o‘rganib chiqquniga qadar qaytib oladi. Bosh murabbiy O‘zbekiston kubogining chorakfinalidan joy olgan «Lokomotiv»ga qarshi uchrashuv qaydnomasiga kiritilmaydi.

Chempionatning 18-turini o‘tkazish uchun «Nasaf» 10 sentabr kuni Olmaliq shahriga tashrif buyuradi. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL tegishli qo‘mitalar ishtirokidagi yig‘ilishni 9 sentabr kuni o‘tkazish taklifini O‘FAga kiritdi. Bunda qaror bir tomonlama ko‘rib chiqilmasligini ta’minlash maqsadida qo‘mitalar yig‘ilishiga Ro‘ziqul Berdiyev va Ahrol Risqullayevning o‘zi ham taklif etilishi ko‘zda tutilgan.

Bayram sababli dam olish kunlarining avvaldan belgilab qo‘yilgani, shuningdek, «Nasaf» ustozining Toshkentga kelishida muammo yuzaga kelmasligini ta’minlash maqsadida 8 sentabr sanasi tanlab olindi. Berdiyevning akkreditatsiyasini qaytarish masalasi qo‘mitalar qaroridan keyin hal etiladi», - deyiladi PFL xabarida. 
Ma’lumot uchun, hakamlar qaroriga shikoyat berish tartibi Reglamentning 14-bobida batafsil tushuntirib o‘tilgan. Garchi «Nasaf» jamoasi hakamlar brigadasiga etika normalariga zid ravishda e’tiroz bildirgan bo‘lsa-da, klub 14-bob bo‘yicha rasmiy e’tiroz bilan chiqmagan.

Eslatib o‘tamiz, Ro‘ziqul Berdiyev «Lokomotiv»ga qarshi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida aksariyat muxlislar o‘z jamoalariga qarshi muxlislik qilib xoinlik qilgani, bosh hakam va zaxiradagi hakamlar VAR ishlayotgani haqida unga noto‘g‘ri ma’lumot berganini aytib o‘tgandi.

Top