19:08 / 02.09.2022
12479
Sohibqirondan meros Samarqand anjirlari: Bog‘ibalandga nima tahdid solmoqda?

Samarqand shahrining shundoq biqinida, Ko‘hak (hozirgi Cho‘ponota) tog‘i etagida Amir Temurning Bog‘ibaland bog‘lari davomchisi asriy anjirzorlar borligini bilasizmi?

Sohibqiron Amir Temur buyrug‘i bilan yaratilgan 12 ta bog‘ tarxdan mashhur: Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Jahonnamo, Bog‘i Maydon, Bog‘i Nav, Bog‘i Chinor, Bog‘i Shamol, Bog‘i Bo‘ldu, Bog‘i Naqshijahon, Bog‘i Zog‘on va Bog‘i Baland. Bu bog‘lardan aksariyatining nomi hanuzgacha iste’molda, faqat Bog‘i Balandning bir qismi shu vaqtgacha saqlanib qolgan.

Tarixiy manbalarda Bog‘ibaland anjirzorlari tarixi bir necha asrlarga borib taqalishi qayd qilingan. Jumladan, «Boburnoma»da bu hududda  Amir Temurning suyukli nabirasi, Mironshohning qizi Oqabegimga atab «Bog‘ibaland» bog‘i barpo etilgani va unda to‘kin anjirzorlar borligi yozilgan.

Bir paytlar Bog‘ibaland bog‘lari hozirgi xalqaro aeroport va avtoshohbekat o‘rnini ham egallagan ulkan bog‘ bo‘lgan. Endi bu bog‘dan 40 gektar qolgan xolos. Bu yerda o‘nlab oilalar ajdoddan avlodga anjir yetishtirib kelishmoqda.

So‘nggi yillarda Bog‘ibaland anjirzorlarida anjir sayli o‘tkazish urfga kirdi. Bu yerda turizm mahallasi tashkil etildi. Bu yerga mahalliy va xorijlik sayyohlar ham tashrif buyurishmoqda. Chaylalarda anjirlar iyul oyning o‘rtalaridan sentabr oyining o‘rtalarigacha g‘arq pishadi.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmati

Bog‘da 200-300 yillik anjirlarni ham uchratishingiz mumkin. Ularni har yili qish faslida ko‘mib, parvarish qilib meva yetishtiriladi. Bu haqda uzoq yillardan buyon anjir parvarishlab kelgan 84 yoshli Abduhalim bobo Rashidovning hikoya qilishicha, bu yerda jannat mevasi hisoblanuvchi anjirlarning asosan sariq navi yetishtiriladi. Qora anjirlar ham uchrab turadi, lekin uning xaridori kam.

 

Anjirlar yetilib uzilgach, mahalliy bozorga chiqariladi. Asaldek anjirlarni xomligicha iste’mol qilish ham mumkin, undan murabbo va shinni tayyorlasa ham bo‘ladi.

Abduhalim Rashidov

Abduhalim bobo anjirlar har yili qishda ko‘milishi, ko‘mish uchun uzoq masofadan qamish keltirilishi, anjirni ko‘mish va erta bahorda ochish mashaqqatli mehnat talab etishi haqida hikoya qilib berdi. So‘nggi yillarda qish fasli nisbatan iliq kelayotgan bo‘lsa-da, salgina sovuq ham anjir daraxtlarining qurib qolishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun uni ko‘mishga o‘rganib qolishgan.

Mutaxassislarga ko‘ra, turli hududlarda yetishtiriladigan anjir mevalari orasida Bog‘ibaland anjirlari mikroelementlarga boyligi va boshqa xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ko‘chati shu yerdan olib borilib, Samarqandning boshqa hududlarida ekilganida ham meva Bog‘ibalanddagichalik xushta’m bo‘lmaydi.

Joriy yilda anjirzorlar suv tanqisligiga duch kelishdi. Muammo haqida samarqandlik keksa jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev ijtimoiy tarmoqlarda bong urgach, u ijobiy hal qilingan. Ayni yozning chillasida Obi Rahmat arig‘iga suv kelgan va anjirzorlar sug‘orilgan.

Toshpo‘lat Rahmatullayev, jurnalist

Lekin suv bilan bog‘liq muammo vaqtincha hal qilingan. Chunki anjirzorga keluvchi Obi Rahmat arig‘ining o‘zani Samarqand Turizm markazi qurilishida o‘zgartirib yuborilgan. Bu esa kelgusida ham nafaqat ushbu anjirzorlar, Samarqand shahridagi 10-12 ta mahallani sug‘orish bilan bog‘liq muammolarni yuzaga keltirishi mumkin.

Suv bilan bog‘liq muammoni hal qilish uchun bog‘bonlar tog‘ etagida artezian quduq qazishga ham majbur bo‘lishgan

Suv bilan bog‘liq muammo qadimiy anjirzorga shu yildan boshlab raxna solayotgan bo‘lsa, ekologiya bilan holat ham dehqonlarni ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan ekan. Keksa dehqon kuyinib shunday hikoya qildi.

«Anjirzor yaqinidagi bo‘r ishlab chiqaradigan sexlar, shuningdek, temiryo‘l yoqasidagi sement sotish punktlaridan ko‘tarilayotgan chang-to‘zon ham anjirlar ustiga yopirilmoqda. Bu esa yetishtirilayotgan anjirlarning sifatiga salbiy ta’sir etmasdan qolmaydi», — dedi u.

Samarqandning qadimiy anjirzorini ko‘z qorachig‘idek asrash, ko‘hna shaharning turistik brendlaridan biriga aylantirish borasida xayrli ishlar boshlangan. Ammo uni sug‘orishni yo‘lga qo‘yish uchun qadimiy Obi Rahmat arig‘ining o‘zanini tiklash lozim bo‘ladi.

Qadimiy anjirzor haqida muxtasar tushunchaga ega bo‘ldingiz. Agar anjirzorga suv doimiy kelishi ta’minlansa, uning havosini ifloslantirayotgan, daraxtlarga salbiy ta’sir qilayotgan bo‘r va sement korxonalariga nisbatan chora ko‘rilsa — ular eng kamida xavfsizroq hududga ko‘chirilsa, Samarqandning mashhur anjirzorlari avlodlarga ham bus-butun yetib boradi.

Aks holda, loqaydlik tufayli bizga bobomeros bog‘lardan ayrilib qolishimiz ham hech gap emas.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top