13:27 / 04.09.2022
19540
«Ayaks» va «Siti»dan qoyilmaqom ish. Yozgi transfer oynasida eng ko‘p pul ishlagan 10 klub

Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida yozgi transfer oynasi rasman yopildi. Bu safargi transfer darchasi shov-shuvli va kutilmagan transferlarga boy bo‘ldi. Quyida futbolchilar sotuvidan budjetiga eng ko‘p daromad keltirgan klublar bilan tanishtiramiz. Bu safar odatdagidek «Ayaks» va portugal klublaridan tashqari, «Manchester Siti» ham o‘yinchilar sotuvidan yaxshigina mablag‘ga ega bo‘lgan.

1. «Ayaks»

Daromad: 216 220 000 yevro

Sarfladi: 105 100 000 yevro

Balans: +111 120 000 yevro

Amsterdam klubi futbolchilar sotuvi bo‘yicha navbatdagi marta master-klass ko‘rsatdi. To‘g‘ri, klub katta mablag‘ni asosan ikki futbolchisining sotuvidan ishladi va bunda Erik ten Hagning sobiq jamoasidan o‘zi yaxshi bilgan o‘yinchilarni chaqirish istagi katta rol o‘ynadi. Shunga qaramay, Antoni va Lisandro Martines singari o‘zini asosan Niderlandiya chempionatida ko‘rsatgan himoyachi va vinger ortidan 150 million yevrodan ko‘proq mablag‘ ishlab olish ham o‘ziga xos mahorat. Qolaversa, «Ayaks» Sebastyan Allerni «Borussiya» Dortmundga 31 mln yevroga pulladi (22 mln yevroga sotib olgandi).

Shuningdek, Andre Onana («Inter») va Nussayr Mazraui («Bavariya») transferidan ham pul ishlash mumkin edi, ammo ular shartnomani uzaytirishni istamay, jamoani erkin agent sifatida tark etishni lozim topishdi.

Futbolchilar sotuvidan tushgan pullar yangi xaridlar uchun ham sarflandi. Amsterdamliklar «Tottenhem»dan 31 mln yevro evaziga Stiven Bergveyn, 23 mln yevroga «Reyndjers»dan Kelvin Beyssini taklif etgani ham – katta voqea.

2. «Manchester Siti»

Daromad: 159 900 000 yevro

Sarfladi: 139 500 000 yevro

Balans: + 20 400 000 yevro

«Siti» faqat pulni sarflashni emas, nihoyat transferlar orqali pul ishlashni ham o‘rgangan ko‘rinadi. E’tiborlisi, xayrlashilgan futbolchilarning hech birini «Siti» uchun katta yo‘qotish deb bo‘lmaydi. Rahim Stering, Gabriel Jyezus va Aleksandr Zinchenko uchun asosiy tarkibda muqim joy ajratilmagandi, futbolchilar esa maydonga ko‘proq tushishni istashdi. Albatta, «Siti» bu o‘yinchilar transferi orqali raqobatchilari «Arsenal» va «Chelsi»ni kuchaytirdi, ammo 143 million yevro ham ishlab oldi.

Shuningdek, ijarama-ijara yurgan Porro («Sporting», € 8,5 mln), Itakura («Borussiya M», € 5 mln), Muricha («Bërnli», € 3 mln) singari o‘yinchilar sotuvidan ham klub budjetiga pul tushirildi.

Gvardiola «Siti»ga Holand, Fillips, Akanji, Gomes singari o‘yinchilarni taklif etganini inobatga olsak, klubning yozgi transfer kampaniyasiga yuqori baho berish mumkin.

3. «Benfika»

Daromad: 127 300 000 yevro

Sarfladi: 62 300 000 yevro

Balans: +65 000 000 yevro

«Benfika» daromadining asosiy qismini hujumchisi Darvin Nunesning «Liverpul»ga transfer qilinishidan ishladi – 75 million yevro. Roman Yaremchuk, Everton, Karlos Vinisiusni esa klub o‘rtacha qiymatda transfer qildi – 16 mln («Bryugge»), 13,5 mln («Flamengo») va 5 mln yevro («Fulhem»). Bu o‘yinchilar o‘z cho‘qqilaridan pasaygandek ko‘rinishsa-da, klubga qariyb 35 mln yevro daromad keltirishdi.

Jota («Seltik»), Jyedson Fernandesh («Beshiktosh») va Pedru Pereyra («Monsa») singari yosh o‘yinchilar ham portugal klubiga qo‘shimcha 7,3 mln, 6 mln va 2,5 mln yevro keltirgan.

4. «Sporting»

Daromad: 119 800 000 yevro

Sarfladi: 41 950 000 yevro

Balans: +77 850 000 yevro

Nunu Mendeshning «PSJ»ga sotuvi oldinroq amalga oshgan bo‘lsa-da, «Sporting» bu transferdan 38 million yevrodan ko‘proq ishlab olishi mumkin edi. Shunga qaramay, lissabonliklar Mateus Nunesni «Vulverhempton»ga 45 mln yevroga pullashdi. Joau Palinya esa «Fulhem»ga 20 mln yevroga tushdi. Shuningdek, Tabata, Roze, Shporar, Plata, Pedru Mendesh singari o‘yinchilardan ham 10 mln yevrodan ko‘proq mablag‘ ishlangan.

5. «Monako»

Daromad: 117 000 000 yevro

Sarfladi: 43 500 000 yevro

Balans: +73 500 000 yevro

«Monako»ning bu safargi kassasini Orelen Tchuamenining «Real»ga 80 mln yevroga o‘tgani ta’minladi. Sofyan Diopuning «Nitssa»ga 22 mln yevroga pullangani ham diqqatga sazovor. Pavlovich («RB Zalsburg», € 7 mln), Pellegri («Torino», € 5 mln) va Axola («Strasbur», € 3 mln) transferlaridan ham qariyb 15 mln yevro tushum bo‘lgan.

Monegasklar Tchuameni o‘rniga «RB Zalsburg»dan 15 mln yevroga Muhammad Kamarani taklif etishdi. «Liverpul»ga kerak bo‘lmay qolgan Takumi Minamino uchun ham shuncha sarflandi. Bril Embolo uchun esa biroz kamroq xarajat qilindi – 12,5 mln yevro.

6.«Brayton»

Daromad: 113 900 000 yevro

Sarfladi: 47 800 000 yevro

Balans: +66 100 000 yevro

Made in Brighton & Hove Albion Football Club – himoya qo‘rg‘oni futbolchilari uchun sifat belgisiga aylanmoqda. Ushbu yozda klub Mark Kukurelyani 65,3 mln yevroga «Chelsi»ga, Iv Bissumani esa 29,2 mln yevro evaziga «Tottenhem»ga transfer qildi. Leo Estigor uchun «Napoli» 5 mln yevro, Mett Klark uchun «Midlsbro» 2,6 mln yevro to‘ladi. Jami yuz million yevrodan ko‘proq daromad qilindi. So‘nggi pallada Nil Mope ham «Everton»ga 11,8 mln yevroga pullandi.

Klub tarixidagi eng qimmat sotuv – Kukurelya o‘rniga esa «Vilyarreal»dan 17,8 million yevroga kolumbiyalik Pervis Estupinyan taklif etildi.

7. «Lids»

Daromad: 108 200 000 yevro

Sarfladi: 110 140 000 yevro

Balans: - 1 940 000 yevro

Transfer oynasining dastlabki kunlarida ikki yetakchisi – Rafinya («Barselona», 58 mln) va Kalvin Fillipsni («MS», 49 mln) 100 million yevrodan ko‘proq mablag‘ga sotgan «Lids» darhol yangi xaridlarga qo‘l urdi. To‘g‘ri, daromaddan ko‘ra, xarajat ko‘proq bo‘ldi, ammo yangi darajaga chiqishga tayyor ko‘rinayotgan Aaronson, Adams, Kristensen singari bosh murabbiy Jyessi Marshga begona bo‘lmagan o‘yinchilar sotib olindi.

8. «Yuventus»

Daromad: 106 150 000 yevro

Sarfladi: 102 400 000 yevro

Balans: + 3 750 000 yevro

«Yuventus» yozgi transfer oynasida yaxshigina pul ishlab oldi, ammo Turinda ko‘proq maoshlar jamg‘armasi ancha yengillashganidan xursand bo‘lishdi. Klub Kellini, Remzi, Duglas Kosta, Bernardeski, Dibala singari katta maoshli o‘yinchilar bilan xayrlashdi.

Sotuvlar haqida gap ketganda, Mattias de Ligt transferini yo‘qotish sifatida baholash mumkin, ustiga-ustak Turin klubi himoyachini «Ayaks»dan olgan narxidan (85,5 mln yevro) arzonroqqa sotdi – 67 mln yevro. Qolgan sotuvlar esa asosiy tarkib bilan bog‘liq emas – Demiral 20 mlnga «Atalanta»ga o‘tdi, Mandragor uchun «Fiorentina»dan 8,2 mln yevro pul tushdi. Hattoki Arturning «Liverpul»ga, Zakariyaning «Chelsi»ga ijaraga berilganidan ham 4,5 mln va 3 mln yevro tushum bo‘ladi. Keyinchalik esa bu o‘yinchilarni sotish ham mumkin.

9. «Bavariya»

Daromad: 104 400 000 yevro

Sarfladi: 137 500 000 yevro

Balans: -33 100 000

Futbolchilar sotuvi va sotib olinishidan ro‘yxatdagi eng yomon balans «Bavariya»da, ammo Myunxen klubi buni o‘ziga ravo ko‘ra oladi. Sababi klub moliyaviy jihatdan yaxshi holatda. Transferlardan yig‘ilgan jamg‘armaning asosiy qismini Robert Levandovskining «Barsa»ga o‘tishidan tushgan mablag‘ to‘ldirdi. Klub nimani xohlasa o‘shani oldi – polshalik goleadorni 40-50 mln yevroga sotmoqchi edi, yakunda 45 mln yevro evaziga qo‘yib yubordi.

Shuningdek, ishonchni oqlamagan aksariyat o‘yinchilardan ham yaxshigina pul ishlab olindi. Himoyachi Tangi Kuassi «Sevilya»ga 16 mln yevroga sotilgan bo‘lsa, Kris Richards uchun «Kristal Pelas» 16 mln, Mark Roka uchun «Lids» 12 mln, Josh Zirkzeye uchun «Bolonya» 8,5 mln, Umar Richards uchun «Nottingem»dan 8,5 mln, Lars May uchun esa «Lugano»dan 1,6 mln yevro undirildi. Shundan ham qariyb 60 million yevro yig‘ildi.

Yangi o‘yinchilardan de Ligt, Sadio Mane, Gravenberx, Til va Mazraui taklif etilib, tarkib kuchaytirildi.

10. «Lill»

Daromad: 99 000 000 yevro

Sarfladi: 26 000 000 yevro

Balans: + 73 000 000

«Lill» boy klublarni qanday jalb qilishni biladi: ular Sven Botman uchun transfer poygasini uyushtirishdi va «Nyukasl»dan eng yaxshi taklifni olishdi – 37 mln yevro. O‘tgan yil «Hamburg»dan 12,6 mln yevroga Amadu Onanani sotib olib, bu yil «Everton»ga 35 mln yevroga pullashdi. Renatu Sanshesh bilan esa bunday bo‘lmadi, shartnomasi yakuniga yetayotgan portugaliyalik yarimhimoyachini «PSJ» bor-yo‘g‘i 15 mln yevroga sotib oldi.

«Lill» taklif etgan barcha futbolchilar – tanish bo‘lmagan nomlardir. Klub bir yildan keyin yana qaysi yangi nomlar bilan transfer bozoriga chiqishini vaqt ko‘rsatadi.

Mavzuga oid
Top