11:09 / 06.09.2022
2944
Yagona portalda avtomobillar bilan bog‘liq xizmatlar ishida uzilishlar yuzaga keldi

Yagona portal - my.gov.uz orqali avtomototransport vositalari bilan bog‘liq xizmatlarda uzilishlar yuzaga kelmoqda. Bu haqda portal xabarida aytilgan.

Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining «Avtomototransport hisobi» va «Haydovchilik guvohnomasi» axborot tizimlari yangi - «Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi»ga o‘tyapti.

Yagona portaldagi uzilishlar eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish, avtotransport oynalari tusini o‘zgartirishga ruxsatnoma olish, avtotransport boshqaruvi uchun jismoniy shaxslarga elektron ishonchnoma berish xizmatlarida kuzatilyapti.

Bildirilishicha, yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi mutaxassislari tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.

Muammo bartaraf etilishi bilan qo‘shimcha axborot berilishi aytilgan.

Bundan oldin DXMlarda haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish vaqtincha to‘xtatilgandi.

Top