18:38 / 06.09.2022
8294

Yevropa mamlakatlari hukumatlari energiya narxlari ko‘tarilgani sababli aholi va kompaniyalarga yordam uchun 114 mlrd yevro ajratdi

Yevropa mamlakatlari hukumatlari energiya narxlari ko‘tarilgani sababli aholi va kompaniyalarga mablag‘ ajratmoqda.

Foto: Reuters

6 sentabr kuni Shveytsariya federal hukumati Axpo energetika kompaniyasiga 4 mlrd frank (4,1 mlrd yevro) miqdorida kredit ajratilishini ma’qulladi.

Portugaliya hukumati 5 sentabr kuni aholiga 2,4 mlrd yevrolik yordam paketi ajratdi. Ushbu mablag‘ pensiyalar miqdorini oshirish va elektr energiyasi solig‘ini kamaytirishga yo‘naltiriladi.

Germaniya hukumati inflatsiyaning uy xo‘jaliklari va biznesga bosimini kamaytirish uchun 65 mlrd yevro yo‘naltirishga rozi bo‘ldi.

Shvetsiya moliya vaziri Mikael Damberg mamlakat hukumati energetika kompaniyalari likvidligini kafolatlash uchun 23,18 mlrd yevro ajratishini ma’lum qildi.

Finlandiya hukumati energetika kompaniyalari uchun 10 mlrd yevrolik kredit va kafolatlar dasturini tayyorladi.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchez oktyabrdan boshlab uy xo‘jaliklari uchun gaz solig‘i 21 foizdan 5 foizga tushirilishini ma’lum qildi.

Avstriya hukumati Wien Energie kompaniyasiga qo‘shimcha 2 mlrd yevro kredit ajratilishini ma’qulladi. Mamlakat aholisi va biznes joriy va kelgusi yil davomida 6 mlrd yevro miqdorida yordam oladi.

Polsha hukumati aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar paketini ma’qulladi. Unga ko‘ra, mahalliy hokimiyatlar federal budjetdan 13,7 mlrd zlotiy (2,86 mlrd yevro) oladi. Bundan tashqari, uyini ko‘mir bilan isitadigan fuqarolarga 3 ming zlotiydan pul to‘lanadi.

Buyuk Britaniyada aholiga elektr energiyasi haqini to‘lash uchun 400 funt sterlingdan ajratilishi e’lon qilingan. OAV xabariga ko‘ra, Liz Trass biznesga 40 mlrd funt sterlinglik yordam paketini tayyorlamoqda.

Niderlandiya hukumati aholiga 16 mlrd yevrolik yordam paketini ajratish ustida ish olib bormoqda. Unga ko‘ra, eng kam ish haqi miqdori 10 foizga oshiriladi, elektr energiyasi uchun soliq miqdori kamaytiriladi, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga subsidiyalar ajratiladi.

Top