Globallashgan dunyoda rivojlanishning asosiy omili texnik va texnologik taraqqiyot bilan belgilanadi. Shuningdek, ilmiy-texnologiyalar tarmog‘i, iqtisodiyot va xavfsizlik ham bir necha asrlardan beri bir-biriga o‘zaro ta’sir ko‘rsatib, sinxron tarzda rivojlanib keladi. Bugungi kunda ijtimoiy va iqtisodiy hayotga yangi omil – sun’iy aql jadallik bilan kirib keldi va kundalik turmushimizda faol ishtirok etmoqda. Misol uchun, Google eng ko‘p izlangan buyruqlarni eslab qolish va tavsiya qilish imkoniga ega. Shu kabi ulkan ma’lumotlarni yig‘ayotgan korporatsiyalar ularni qayta tahlil qilish orqali siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarga faol aralashmoqda. Ma’lumotlar bazasi ustidan nazorat o‘rnatish ko‘plab hukumatlarning asosiy maqsadiga aylanib ulgurdi.

Sun’iy intellekt o‘zi nima?

Sun’iy intellekt deganda insonning mantiqiy va ijodiy funksiyalarini bajaruvchi intellektual sun’iy tizim tushuniladi. Ushbu atama, shuningdek, o‘rganish va muammolarni hal qilish kabi inson aqli bilan bog‘liq xususiyatlarni namoyish etadigan har qanday texnologiyaga nisbatan ham qo‘llanishi mumkin. Sun’iy intellektning ideal xususiyati – bu aniq maqsadga erishish uchun eng yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgan harakatlarni baholay olish va amalga oshirish qobiliyatidir.

AI dunyosi deyarli cheksizdir, u o‘sib borayotgan muhandislik va kompyuter imkoniyatlari hisobiga katta ta’sir ko‘rsatish qudratiga ega bo‘lib bormoqda. Turli tor funksiyalar, vazifalar va faoliyatlar allaqachon inson qobiliyati va undan yuqori darajada amalga oshirilishi mumkin, ba’zan esa insonga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, keyingi o‘n besh yil ichida AI texnologiyalari jamiyat hayotiga boshqa har qanday erishilishi mumkin bo‘lgan yutuqlardan ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi va global inqilob darajasidagi o‘zgarishlarni amalga oshiradi. Bu ikki xil ta’sir segmentlari orqali xarakterlangan: birinchidan, AI texnologiyalarining kompaniyalar va bandlikka jiddiy ta’siri bo‘ladi. Shu munosabat bilan bir-biri bilan chambarchas bog‘langan kompaniyalar va katta ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qiladigan tashkilotlar guruhlari paydo bo‘ladi, bu esa ular o‘rtasida global raqobatning kuchayishiga olib keladi. Ikkinchidan, odamlar sun’iy intellekt tufayli cheksiz qo‘shimcha imtiyozlardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. 

Tobora qudratli kuchga aylanib borayotgan «dronlar»

Oxirgi yillarda xalqaro munosabatlar tizimida yuz bergan ba’zi bir holatlar ham harbiy xavfsizlik va mudofaa tizimlarining bevosita va bilvosita AI texnologiyalariga bog‘lanib borayotganligini ko‘rsatadi. Xususan, 2021 yilda AQSh qo‘shinlarining olib chiqib ketilishi bilan siyosiy muvozanatning o‘zgarishi faqatgina Afg‘onistonda sodir bo‘lmadi. Bu kabi jarayon Iroqda ham ro‘y berdi. Bu xalqaro tendensiya siyosiy va iqtisodiy markazlarning ko‘chishi bilan ham izohlanadi. Yanada e’tiborlisi, bu o‘zgarishlar faqatgina geografik nuqtayi nazardan emas, balki texnologik jihatdan ham sodir bo‘ldi. Dronlarning kashf etilishi va ularning bir qancha operatsiyalarda muvaffaqiyatli qo‘llanilishi AQSh uchun endilikda ko‘plab hududlarda yirik xarajatlarga sabab bo‘luvchi bazalarni saqlab turishdan manfaat yo‘qligini ko‘rsatdi. Agar Afg‘oniston yoki Iroqda harbiy amaliyot zarur bo‘ladigan bo‘lsa, Vashington bu ishni Qatardan uchirilgan boshqaruvsiz texnikalar yordamida uddalashi mumkinligiga amin bo‘ldi. Z. Bjyezinskiy «Buyuk shaxmat doskasi»da ta’kidlaganidek, Moskva yoki Pekin bilan raqobatlashuv uchun ham zamonaviy dunyoda Afg‘oniston yoki Iroqda qo‘shin saqlab turish Qo‘shma Shtatlar uchun o‘z ahamiyati yo‘qotdi. Bunga sabab sifatida, bu raqobat maydoni quruqlik, dengiz yoki havo bo‘shliqlaridan kiber bo‘shliq yoki kosmik kengliklarga ko‘chgani bilan izohlanadi. Quruqlikda ko‘p sonli kontingentlarni ushlab turish o‘z dolzarbligini yo‘qotishi bilan AQSh va boshqa G‘arb davlatlari qo‘shinlarini bosqichma-bosqich evakuatsiya qila boshladi. Urush hududlarida quruqlikdagi askarlarning soni kamaytirilishi armiyalar ko‘proq eng zamonaviy raqamli texnologiyalarga, shu jumladan, sun’iy intellektga suyanishini taqozo etadi.